G’azo Sektorining Rafah shahriga qo’shin kiritish rejasini muhokama qilish uchun Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu AQShga vakillarini yuborishga rozi bo’ldi. Oq uy Netanyaxuni bunday niyatidan qaytarishga urinmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Ikki mamlakat o’rtasida ziddiyatlar kuchayayotgandek ko’rinmoqda.
Dushanba kuni Isroil askarlari G’azodagi eng yirik kasalxona hisoblangan al-Shifo kasalxonasiga kirgan; uning ichida XAMAS vakillari jon saqlashayotganiga ishora qilib, 20 nafari yo’q qilinganini, yana 200 kishi terrorga gumon bilan qo’lga olinganini bildirdi.
Shu kuni AQSh Prezidenti Jo Bayden telefonda Netanyaxu bilan gaplashib, Rafahga qo’shin tortish rejasini Vashingtonda muhokama qilishga kelishib olishgan.
“Bizning nazarimizda, Isroil bu mojaroda Rafahga qo’shin kiritmasdan, boshqa yo’llar bilan ham o’z maqsadlariga erishishi mumkin. Isroil delegatsiyasi bilan uchrashuv paytida mana shunga urg’u beramiz”, - deydi AQSh milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sallivan.
Netanyaxu Bayden bilan nima haqida suhbatlashganini ma’lum qildi.
"Urush qanday olib borilayotgani haqida, jumladan Isroilning urushdan ko’zlangan barcha maqsadlariga erishish majburiyati haqida gaplashdik. Ya’ni XAMASni yo’q qilish, garovdagi odamlarimizning hammasini ozod etish, G’azo Isroilga ortiq tahdid solmasligini ta’minlash haqida. Ushbu maqsadlarga erishishda zarur gumanitar yordam bilan ta’minlash haqida ham gaplashdik”, - dedi Isroil rahbari.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish G’azoda har bir daqiqa g’animat ekanini aytadi.
"G’azoda yashovchi falastinliklar dahshatli darajada ochlik va azob-uqubatlarni boshdan kechirmoqda. Bu qadar ko’p odam hali bunchalik halokatli darajadagi ochlikka yuz tutmagan hali”, - dedi u.
Yevropa Ittifoqining bosh diplomati Jozep Borrel qattiqroq ohangda gapirdi.
"Bu to’g’ri emas. Ochlik qurol sifatida qo’llanmoqda. Gap tanqislik haqida ketayotgani yo’q”, - dedi u.
Isroil XAMAS jangarilarini gumanitar yuk ortilgan karvonlar harakatlanishini izdan chiqarayotganlikda ayblayapti.
Tahlilchilarga ko’ra, AQSh avval Isroilga diplomatik bosim qo’yib, uni to’g’ri yo’lga solishga harakat qiladi. Agar bu ish bermasa, deydi ular, Vashington Isroilga berilayotgan harbiy yordam yuzasidan shart qo’yishi mumkin.
“Yaqin Sharqda 20 yildan ortiq davom etayotgan qurolli mojarodan AQSh qilgan xulosa shuki, yolg’iz harbiy yondashuv bilan ish bitmaydi. Eng muhimi, aholi ehtiyojlarini ta’minlay olish, uni siz xohlagan yo’ldan yurishga ko’ndirish uchun bu yo’l yaxshiroq kelajakka yetaklashiga ishontira olishdir”, - deydi Vashingtonda asoslangan Strategik va xalqaro izlanishlar markazidan Jon Alterman.
Bugun Isroilning Rafahga hujumida G’azo Sog’liqni saqlash vazirligiga ko’ra 14 odam o’lgan, o’nlab kishi yarador. Jami 7-oktabrdan beri Isroil hujumlarida 31 mingdan ziyod falastinlik nobud bo’lgan.