Ayollar huquqi faoli Shafiqa Xpalvak Afg’oniston haqidagi qarashlarni o’zgartirish umidida. U AQSh Prezidenti Donald Trampning qizi va maslahatchisi Ivanka Tramp qalamiga mansub “Ishlaydigan ayollar” (“Women Who Work”) nomli kitobni ingliz tilidan pashtu tiliga tarjima qildi. Ivanka Tramp bu kitobni 2017-yilda chop ettirgan.
Your browser doesn’t support HTML5
“Tarjimadan maqsad, afg’on ayollarini jamiyatdagi boshqaruv ishlariga jalb qilish”, - deydi Shafiqa Xpalvak “Amerika Ovozi” bilan muloqotda.
Ivanka Tramp esa bu kitobni yozishdan maqsad ayollarni o’zlari yashab turgan jamiyatlar iqtisodiy ravnaqi uchun hissa qo’shadigan liderlik pozitsiyalarini egallashga chorlash, degan edi.
Afg’oniston aholisining katta qismi pashtu tilida so’zlasharkan, Shafiqa Xpalvak kitobning tarjimasi nafaqat afg’on ayollari, balki qo’shni Pokistondagi millionlab kitobxonlar qo’liga ham yetib borishidan umidvor.
UNESCO tadqiqotlariga ko’ra, 15 yoshdan yuqori Afg’oniston aholisining 31 foizigina o’qiy oladi. Ayollarning savodxonlik darajasi esa 17 foiz. Bu degani manba pashtu tilida bo’lgani bilan samara berishi dargumon.
Shunga qaramasdan, Kobuldagi noshirlar pashtu, dari tillariga tarjima qilingan ga’rb adabiyotiga qiziqish kuchayayotganini, kitobxonlar soni ortayotganini aytmoqda. Ivanka Tramp kabi boshqa lider ayollar, masalan, sobiq prezidentlikka nomzod Xillary Klintonning kitoblariafg’onlar orasida tanilgan.
Afg’oniston erkaklar hukmronligiga asoslangan jamiyat ekan, ayollar rahbarlik lavozimida ancha kamnamo.
“Ishlaydigan ayollar” kitobidan qo’llanma sifatida foydalansa bo’ladi. Ayollarga ro’zg'or va karyera o’rtasida muvozanat saqlay olish yo’lida maslahatlarga to’la, ayollarni ilhomlantira olishi, o’zgarishlar yaratishga undashi mumkin. Shuningdek, kitobni o’qiganlar boshqa madaniyatlarni ham o’rgangan holda o’z madaniyati, an’analarini xorijiy davlatlar g’oyalari bilan boyitish, moslashtirish imkoniyatiga ega bo'ladi”, - deydi tarjimon.
Shafiqa Xpalvak ish jarayonida Ivanka Trampni ham ona, ham siyosatchi, ham ishbilarmon ayol sifatida o’rganganini aytadi. “Ayollar nafaqat o'zlari uchun, balki kelajak avlod uchun ham ishlaydi. Ular yaxshiroq ona, yaxshiroq uy bekasi bo'lishi mumkin, umuman, kamolotga erishishda hech narsa ularni to'xtata olmaydi”, - deydi u.
Sofiya Vardak ham ayollar huquqi faoli. Ivanka Tramp kitobini pashtu tilida o’qib chiqqan.
“Xalqaro adabiyotlarni ona tilimda o’qishni yaxshi ko’raman. Ingliz tilini bilmaydiganlar uchun bu kitobning pashtu tilida chiqishi katta sovg’a. Ivankaning kitobi menda ga’yrat, shijoat uyg’otdi”, - deydi u.
Afg’onistonda yuzlab nashriyotlar, kitob do’konlari bor va ularning biznesi gullab-yashnaydigan davr bo’sag’asida. Lekin ingliz tilidan pashtu va dari tillariga qancha kitob tarjima qilingani hali noma’lum.