Prezident Donald Trampning qizi va yaqin maslahatchisi Ivanka Tramp fikricha, ommaviy axborot vositalari, Oq uy iddao qilayotganidek, xalq dushmani emas. Vaholanki, bu ayolning otasi, ya'ni davlat rahbari matbuotni "mislsiz zarar"da ayblab kelmoqda.
Ivanka Tramp deydiki, jurnalistlar u haqda har doim ham haqiqatni yozavermaydi yoki efirga uzatmaydi, lekin ularni dushmanlikda ayblash noto'g'ri.
Prezident Tramp va uning matbuot xizmati deyarli har kuni matbuot xalq dushmani qabilida bayonot beradi.
Oq uy matbuot kotibasi Sara Hakabi Sanders CNN va boshqa telekanallarni yolg'on va soxta ma'lumotlarda qoralab, ayrim muxbirlarni prezident idorasiga umuman yaqinlashtirmasligi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.
Jurnalistlar orasida keskin qarshilik uyg'otgan bu munosabat bugungi kunda matbuotga nisbatan urush darajasiga chiqqan.
Trampning matbuot kotibi 2-avgust kuni jurnalistlar bilan brifingda bu borada savolga tutilganida konkret javob bermadi va matbuotni Amerika xalqi manfaatlariga qarshi harakatlarda ayblashda davom etdi.
Oq uy va ommaviy axborot vositalari orasidagi kurash demokratik jarayonlarning bir qismi sifatida qaraladi, lekin bugungi olishuvlar professional emas, deydi tahlilchilar, tomonlar o'z vazifa va burchlarini yodda tutib ishlashi lozim.