Nomzodlar yahudiy saylovchilar ko'nglini ovlamoqda

  • Amerika Ovozi
22-oktabr kuni prezident Barak Obama va uning respublikachi raqibi Mitt Romni tashqi siyosat yuzasidan tortishdi. Saylovga sanoqli kunlar qolar ekan, tomonlar har bir ovoz uchun shiddatli kurash olib bormoqda. Nomzodlarning din va tashqi siyosatga oid qarashlari mamlakatdagi diniy ozchilik guruhlarni ham befarq qoldirayotgani yo’q.

Your browser doesn’t support HTML5

Musulmon va yahudiy saylovchilar, Behzod Muhammadiy


Florida janubidagi Pam-Bich okrugi aholisi prezidentlikka nomzodlar o’rtasidagi bahsni tomosha qilish oldidan teatrda vatanparvarlik haqida qo’shiq tinglashdi. Ularning aksariyati yahudiylar. Kichik, lekin siyosiy faol bo’lgan bu guruh, odatda, demokratlarni qo’llab keladi. Dushanba kungi teledebatni tomosha qilar ekan, ular Obamaning tashqi siyosatga oid, xususan, Isroil xavfsizligini ta’minlashga doir so’zlarini diqqat bilan tingladi.

“Avvalo, Isroil haqiqiy do’st. U hududdagi eng yaqin hamkorimiz. Agar Isroil hujumga uchrasa, biz uning yonida turamiz. Bu haqda prezidentligim davomida bir necha bor aytganman”, - dedi AQSh prezidenti.

Ammo Eron yadro dasturi muammosiga yechim topish masalasi bo’yicha prezident Obama Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan hamfikr emas. Respublikachi Mitt Romniga ko’ra, musulmon dunyosi bilan munosabatlarda prezidentning zaifligi ko’zga tashlanmoqda.

“Yaqin Sharqqa, Misr, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Iroqqa borib, hududdagi eng yaqin hamkorimiz Isroilni chetlab o’tdingiz. Men buni kechirim so’rash siyosati deb atayman”, - dedi Romni Obamani Isroilga yetarlicha diqqat qaratmayotganlikda ayblab.

Mayami Universitetida Yahudiylar demografiyasi loyihasi direktori Ayra Sheskinning aytishicha, Romnining gaplari ishonarli emas.

“Obama 2009-yil arab dunyosining markazi bo’lgan Qohiraga borib, Isroil bizning do’stimiz va doim shunday bo’ladi, Xolokostning sodir bo’lgani haqiqat, faktlarni inkor eta olmaysiz, deb aytgan edi”, - deydi tadqiqotchi.

Ammo Romnining “Obama Eronga nisbatan yumshoq” degan gaplariga ham xaridor topilmoqda. Yahudiy amerikalik demokrat Stenli Zerner saylovda Obamani qo’llab-quvvatlamoqchi emas.

“Nazarimda, Obama to’rt yil davomida faqat gapirdi. Eronga uranni boyitish zavodini qurishiga yo’l qo’ymaymiz, buning uchun zarur materiallarni qo’lga kiritishiga qarshimiz va hokazo, deb keldi. To’rt yil o’tdi, biror ish qilingani yo’q. Eron shunday zavodni qurishga va atom bombasini yaratishga yaqin turibdi”, - deydi yahudiy demokrat.

Har ikki nomzod yahudiy saylovchilarni o’ziga og’dirish bilan ovora ekan, Amber Chaudxuri kabi musulmon amerikaliklarning isroilparast siyosatchilardan ko’ngli qolmoqda.

“Isroilni qo’llab-quvvatlashlarini tushunaman. Lekin nega Falastinning tarafini olisholmaydi? Amerika Isroil-Falastin ziddiyatini hal etishda juda katta rol o’ynaydi. Nega o’rtada odil hakam bo’la olmaydi?”, - deydi musulmon saylovchi.

Saylov uchun kurash keskin pallada ekan, har ikki nomzod Isroil tarafdorlari bo’lgan yahudiy va nasoro saylovchilar ko’nglini ovlash bilan band. Buning uchun ular musulmonlarning ovozlarini boy berishga ham rozi.

Your browser doesn’t support HTML5

Musulmon va yahudiy amerikaliklar kimga ovoz beradi? Muslim and Jewish votes