Breaking News

Obama va Romni tashqi siyosat bobida bahslashdi


Prezident Barak Obama va respublikachi Mitt Romni orasidagi so'nggi debat Florida shtatining Linn Universitetida (Lynn University) bo'lib o'tdi.

Obama va Romni tashqi siyosat ustida bahslashdi/Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:56 0:00
Yuklab oling

Yaqin Sharqdagi vaziyat va terrorizm tahdidi

Romni: Arab bahori ulkan umidlar uyg’otgan edi, ammo ijobiy o’zgarishlarga hali guvoh bo’lganimiz yo’q. Ular erkin jamiyat qurish sari qadam tashlayotganiga guvoh emasmiz. Buning ustiga Eron atom quroli yaratish ustida faol harakat qilmoqda. Obama ma’muriyati dunyoning bu qismlarida Amerika rolini mustahkamlay olmadi. Biz yetakchilik qilmayapmiz, chunki mukammal strategiyaga ega emasmiz. Geosiyosiy jihatdan Rossiya oldimizdagi asosiy muammo, lekin ayni damda tahdid solib turgan davlat bu Eron. Obama ma’muriyati faqat gapga berilayapti, amalda biror effektiv chora ko’rayotganimiz yo’q.

Obama: Prezident uchun eng muhimi Amerika xalqini xavfdan saqlash. O’tgan deyarli to’rt yil ichida biz shuni asosiy vazifa deb bildik. Liviyada yaqinda yuz bergan xuruj va diplomatlarimizning o’limi afsuslanarli hol. Biz javobgar insonlarni topib jazolaymiz. Terrorizmga qarshi kurash yuzasidan aniq strategiyaga egamiz. Aks holda Osama bin Ladendek terror yetakchilarini o’ldira olmagan bo’lardik. Al-Qoida bugun avvalgi kuchga ega emas. Romni yaqinda AQShning eng asosiy dushmani deb Rossiyani aytdi. Qanday qilib? Terrorizm asosiy xavf bo’lsa, nega Rossiya deyapsiz? Romni tashqi siyosat haqida na tushuncha, na tajribaga ega. Har safar bu mavzuda og’iz ochganida, mavhum bir gapni aytadi. Jahon siyosatini tushunmaydi. Prezident bo’laman degan bu sohada chuqur bilimga ega bo’lishi kerak. Romni Iroqda ko’proq askarga ega bo’lishimiz kerak deydi. Yo’q, chunki u yerdan chiqqanmiz va urush tugagan. Do’st va dushmanga bir gapni aytish kerak. Iroqqa yordam beramiz, lekin u yerni tark etganmiz, vassalom.

Suriyadagi vaziyatga nisbatan qanday chora ko’rish kerak?

Obama: Xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilgan holda chora ko’rish kerak. Bashar al-Assad hokimiyatdan ketishi lozim, lekin bu Suriya xalqining qo’lida. Biz harbiy chora ko’rmasligimiz kerak. Assad ketishiga shubham yo’q. U o’z xalqining qotili. Lekin Amerika o’ylab, boshqalar bilan kelishib ish ko’rishi kerak. Liviya bo’yicha shunday ish tutgan edik, lekin dunyo ahli bir yoqadan bosh chiqarib, Muammar Qaddafiy ketishiga hissa qo’shdi. Amerika yakka holda ish tutmasligi lozim. Muxolifatga yordam berayapmiz. Amerika - demokratiya tarafdori. Biz erkinlik, huquq va adolat uchun kurashayotgan tomonlarni quvvatlaymiz. Lekin biz zo’ravonlikka qarshimiz.

Romni: Suriya – Eronning Yaqin Sharqdagi yagona ittifoqchisi. Men harbiy chora ko’rishimiz kerak demayapman, lekin muxolifatni quvvatlashimiz kerak. AQSh barcha tashabbuslarga yetakchilik qilishi, Suriya xalqi manfaatlari uchun turib berishi kerak. Arab davlatlari, Isroil va Turkiya bilan yaqindan ishlashimiz kerak. Afsuski, Obama ma’muriyati passiv harakat qilmoqda. BMTga tayanib, vaqtni boy bermoqda. Suriyada bizga yoqadigan hukumat vujudga kelishi kerak. Bu degani biz muxolifatga yordamni oshirishimiz kerak. Amerika – dunyoda tinchlikni saqlovchi, erkinlikni himoya qiluvchi kuch. Shuni unutmasligimiz kerak. Obama davrida nufuzimizni yo’qotdik.

Amerika dunyoda qanday rolga ega?

Romni: Amerika - inson huquqlari, erkinlik, demokratiya va adolat timsoli. Shunday ekan, mana shu fundamental qadriyatlarni himoya qilishimiz, iqtisodiy va ijtimoiy adolat uchun turib berishimiz kerak. Armiyamizni mustahkamlashimiz, kelajak sinovlarga tayyor turishimiz, iqtisodiyotimizni kuchaytirishimiz darkor. Ittifoqchilarimizni qadrlashimiz, barcha muhim masalalarda aniq pozitsiyaga ega bo’lishimiz kerak.

Obama: Amerika bugun dunyoning jamiki burchaklarida ijobiyroq va kuchliroq rolga ega. Biz erkinlik, huquq, tinchlik va adolat himoyachisi bo’lib qolamiz. Shu bilan birga davlatimiz barcha sohalarda birinchilikni qo’ldan boy bermasligi kerak. Ta’limdan tortib tibbiyotgacha, siyosatdan tortib iqtisodiyotgacha. Romni avvalgi prezident Jorj Bush va vitse-prezident Dik Cheyni amalga oshirgan egri siyosatga qaytmoqchi. Amerika bo’ynini ham o’zida, ham chet elda egmoqchi.

Qurolli kuchlarni mustahkamlash uchun mablag’ni qayerdan olasiz?

Romni: Ish bermayotgan dasturlar va loyihalar bir dunyo. Ularni bekor qilsak, katta pulni ayaymiz. Sog’liqni saqlash sohasidan tortib, mudofaagacha, biz har yili milliardlab dollarni isrof qilayapmiz.

Obama: Romni so’zidan qaytmoqda. Yuqorida aytgan gaplarining birortasi rost emas, chunki saylov kampaniyasida buning aksini aytib kelmoqda. Amerikani kuchli davlat sifatida asrab qolish uchun iqtisodiyotimizni kuchaytirish va shu tariqa qurolli kuchlarimizni mustahkamlashimiz kerak. Mudofaa sohasiga kamroq mablag’ ajratish mening emas, Kongressimiz tashabbusi. Pentagonning o’zi ayrim dasturlar eskirgan, yangilash lozim, demoqda. Harbiylar bilan maslahatlashgan holda ish tutish maqsadga mufoviq.

Isroil va Eron… Qanchon qanday chora ko’rish mumkin?

Obama: Isroil – bizning mintaqadagi eng yaqin ittifoqchimiz. Isroilga hujum qilinsa, biz albatta chora ko’ramiz. Men prezident ekanman, Eron atom quroliga ega bo’lmaydi. Misli ko’rilmagan sanksiyalar qo’ydik, uni neft daromadidan ayirdik, iqtisodi o’lgan hozir bu davlatning. Eron bilan qattiq gaplashayapmiz, ammo xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikda. Yakka holda biror qadam tashlamaymiz.

Romni: Isroilga hujum qilinsa, Amerika qarab turmaydi, bunga shubha yo’q. Eron yadroviy qurolga ega bo’lmasligi shart. Sanksiyalar qudratiga ishonaman va ularni kuchaytirish kerak deb hisoblayman. Prezident bo'lsam, amaldagi choralarni keskinlashtiraman. Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod Isroilni yo’q qilish kerak degan gapi uchun javob berishi kerak. Eron diplomatlarini yakkalash va ularga eng qabih tuzum vakilidek qarash kerak.

Eron bilan murosa qilish mumkinmi, qanday qilib?

Obama: Eron atom dasturidan voz kechishi, uni butkul bekor qilishi kerak. Eron xalqi erkin yashashni istaydi, buni bilamiz. Biz buni tushunamiz va qadrlaymiz. Sanksiyalar samara bermoqda, chunki xalqaro hamjamiyat bu borada biz tomonda va birga ishlayapti. Romni aytganidek faqat o’zimiz harakat qilsak, hozirgidek natijaga erisha olmas edik.

Romni: Eron nazarida Obama ma’muriyati juda zaif va ular bizdan qo’rqmaydi. Prezidentimiz Yaqin Sharq bo’ylab safarga chiqib, Amerika siyosati uchun kechirim so’rab chiqdi. Ular bizning ustimizdan kuldi va bizdan qo’rqmay qo’ydi. Jumladan Eron haddidan oshdi.

Obama: Romnining “Obama Amerika siyosati uchun kechirim so’radi” deyishi asossiz ayblov, safsata.

Romni: Arab davlatlariga borib, “Amerika sizga buyruq berishga o’rgangan” deb aytdingiz. Lekin Isroilga bormadingiz. Arablar buni ko'rdi, Isroil buni bildi va bu albatta hammaning siyosatiga ta’sir qildi. Nufuzimiz pasaydi, oshgani yo’q.

Obama: Amerika hurmat qilinsin desak, ittifoqchilarimizni tushunishimiz kerak. Musulmon dunyosi bilan til topishish lozim. Romni aslida bizning tashqi siyosatimizga qo’shiladi, lekin saylov kampaniyasida buni tanqid qilishni lozim topmoqda. Iroq, Eron, Afg’oniston, Pokiston va boshqa davlatlarga nisbatan siyosatimizni quvvatlaysiz, lekin bugun farq qidirayapti va buni eplolmayapti. Tashqi siyosat bizning xavfsizligimiz va manfaatlarimizdan kelib chiqib belgilanadi. Men prezident sifatida buni aslo unutmayman.

Afg’oniston kelajagi va Amerika roli

Romni: 2014-yilda Afg’onistonni tark etamiz. Bu davlat tinchligi va kelajagi afg’onlarning qo’lida. Mahalliy kuchlarni tayyorlash jarayoni yaxshi kechmoqda va Amerika yordam berishda davom etishi kerak. Lekin Pokiston bizni tashvishga soladi. Unga konkret shartlar qo’yish kerak. Pokiston terrorizmga qarshi zarur chora ko’rmayapti, ular bilan qattiqroq gaplashish kerak. Yordam berishdan oldin shartlarimizni yaxshiroq tushuntirishimiz kerak. Pokiston – yadro quroliga ega davlat. U bilan ehtiyotkorona gaplashish kerak, buni tan olamiz, ammo bu davlat bizning yordamimizga muhtoj bo’lsa, shartlarimizga bo’yin egishi kerak.

Obama: 2014-yilda Afg’onistondan chiqamiz. Afg’oniston kelajagi bu xalqning o’ziga bog’liq. Yordam davom etadi, ammo biz diqqatni endi o’z ichki muammolarimizga qaratishimiz kerak. Terrorga qarshi harakatlarimizni to’xtatmaymiz, lekin strategiya o’zgarmoqda, yangilanmoqda. Ekstremizmga qarshi dunyo bo’ylab chora ko’rayapmiz, Sudan va Yamandan, Afg’oniston va Pokistongacha. Al-Qoida bugun zaiflashgan, bu fakt. Demak, amaldagi siyosat ish bermoqda.

Yaqin kelajakda Amerika xavfsizligiga qarshi eng yirik tahdid nimadan iborat bo’ladi?

Obama: Terrorizm eng asosiy tahdid degan bo’lardim. Lekin iqtisodiy jihatdan qaddimizni rostlamasak bo’lmaydi. Xitoyning moliyaviy va savdo bobidagi nayranglariga qarshi tura bilmasak, iqtisodiyotimizni yaxshilay olmaymiz.

Romni: Birinchidan, yadroviy qurolga ega Eron eng yirik tahdid bo’ladi degan bo’lardim. Xitoy bilan muammo ko’p, ammo ularni tahdid emas, hamkor deb bilaman. Lekin Xitoy ayyor ekani sir emas va tegishli javob berishimiz kerak. Biz ularning eng yirik xaridorimiz va bizdek iste’molchidan ayrilishni xohlamaydi ular. Bu degani bizning shartlarimizni eshitishga va xulosa chiqarishga majbur. Xitoy bizni alday olmaydi.

Obama: Romni Xitoyni yomonlaydi, ammo uning bizneslari bugun Xitoyda. Men prezident bo’lganimdan beri AQShning Xitoyga eksportimiz ikki hissa oshdi. Bu davlat bilan ochiqchasiga gaplashayapmiz. Bundan tashqari biz Xitoyga yana bir narsani namoyon etdik – Amerika Tinch okeani davlatidir. Bu degani biz Tinch okeani atrofidagi barcha davlatlar bilan har sohada hamkorlikni oshiramiz. Xitoyni siquvga olamiz. Ta’lim, ilm-fan, innovatsiya sohasida ildam qadamlar tashlashimiz kerak. Usiz global maydonda, xususan, Xitoy bilan raqobat qila olmaymiz.

Yakuniy so’z

Obama: O’tgan to’rt yilda biz tarixdagi eng og’ir inqiroz bilan olishdik va uni yenga boshladik. Respublikachilar boshlagan ikki katta urushdan chiqayapmiz va askarlarimiz vatanga qaytmoqda. Prezident sifatida Amerika qudratini saqlashga so’z beraman. Mitt Romni sizni avvalgi egri yo’lga boshlaydi. Men har bir amerikalik manfaati uchun kurashdaman va tinchlik va farovonlikni ta’minlash uchun barcha zarur ishni qilaman.

Romni: Amerika iqtisodiyotini oyoqqa turg’azish uchun barcha choralarni ko’raman. Ishsizlikka qarshi kurashaman. Qashshoq amerikaliklar o’rta sinfga aylanadi. Bizneslarning kengayishi, xususiy sektor gullab-yashnashi uchun sharoit yaratamiz. Men Amerikani to’g’ri yo’lga boshlayman. Kelajagimiz buyuk ekaniga ishonaman.

Obama va Romni tashqi siyosat bobida bahslashdi/Obama-Romney debate on foreign policy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:08 0:00


Debat, to'liq holda, ingliz tilida:

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG