Breaking News

Prezidentlik uchun kurash: Debatlarning birinchisi ichki siyosatga qaratildi


Amaldagi rahbar, demokrat Barak Obama respublikachi nomzod Mitt Romni bilan Kolorado shtatining Denver Universitetida omma oldida bahslashdi. Debatni jonli efirda 60 millionga yaqin amerikalik tomosha qilgan, aholining 20 foizi.

Obama va Romni debati/Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:26 0:00
Yuklab oling

Ishsizlikka qarshi kurash

Obama: Yangi sohalar, jumladan muqobil energiya sanoatiga sarmoya kiritish; boshlang’ich, o’rta va oily ta’lim sifatini oshirish; amerikaliklarni yangi zamon talablariga tayyorlash; o’rtahol aholi uchun imkoniyatlar yaratish, boylar uchun soliqni oshirish kerak.

Romni: Ta’limga e’tibor berish; soliqni kamaytirish; Xitoydek ayyor tuzumlar bilan ochiqchasiga gaplasishish; o’rta va kichik bizneslarga yordamni oshirish; byudjetni muvozanatlash' Amerika energetik mustaqilligini ilgari surish va ta'minlash kerak.

Obama: Soliqni oshirmay turib, kamomadni qanday qoplaysiz? Mudofaa xarajatlarini kamaytirmay turib, boshqa sohalar uchun mablag’ni qayerdan olasiz?

Romni: Hech kim uchun soliqni oshirmaymiz, na boylarning, na o’rtahol amerikaliklarning. 54 foiz amerikaliklar kichik biznes bilan mashg’ul. Ish o’rinlari o’sha yerda yaratilmoqda.

Obama: Romni gapida turmaydi. Har safar sahnaga chiqqanida turlicha g’oya haqida gapiradi. Takliflari mavhum. Kichik bizneslar uchun soliqni 18 marta kamaytirdim. Bill Klinton davridagi siyosatga qaytishimiz kerak. 23 million ish o’rni yaratilgan o’shanda. Respublikachilar ish o’rinlarini yaratishni bilmaydi. Respublikachilar hukmron bo'lgan davrda tarixdagi eng dahshatli inqirozlardan birini ko’rdik.

Byudjetdagi kamomad

Romni: Bu nafaqat iqtisodiy, balki vijdoniy masala. Xarajatni kamaytirib, iqtisodiy sarmoyani oshirish. Xitoydan olingan qarz evaziga amalga oshirilayotgan ishlar qanchalik arziydi? Arzimasa, yo’q qilish kerak. Ijtimoiy himoyani kamaytiramiz, chunki katta miqdordagi mablag’ odamlar hayotini yaxshilash uchun sarflanmayapti. Bizneslar - ish o’rinlari yaratadigan asosiy sektor. Ularga imkoniyatlarni kengaytirish, zarur bo’lsa, imtiyozlar berish kerak. Obama taklif qilgan islohotlar, jumladan sog’liqni saqlash sohasidagi o’zgarishlar qimmatga tushadi, ularning barini to’xtataman.

Obama: Respublikachilar davrida ikki qimmat urush boshladik, iqtisodga va byudjetdagi kamomadga e’tibor bermadik. Respublikachilar gap sotishga usta, ishga kelganda, yaramaydi. Xarajatni men 1 trillion dollarga kamaytirdim. Ijtimoiy himoya juda muhim, unga muhtoj amerikaliklar taqdiriga ko’z yuma olmaysiz. Katta bizneslarga imtiyozlarni bekor qilish kerak. Neft sanoatiga, masalan. Soliqdan tushgan daromad va iqtisodiy daromad muvozanatlash kerak.

Ijtimoiy himoya

Obama: Keksalarni zarur nafaqa bilan ta’minlaydigan maxsus tizim azaldan samara berib kelgan. Yordamga muhtoj fuqarolarga dori-darmon bobida yordamlashish, sog’liqni saqlash bobida ko’maklashish – hukumat bo’ynida.

Romni: Men Amerika mustahkam ijtimoiy himoya tizimiga ega bo’lishini istayman. Lekin har bir dastur qayta ko’rib chiqilishi lozim. Ammo yaqin kelajakda pensiya yoshiga yetadiganlar xavotirga tushmasin, chunki men amalga oshiradigan o’zgarishlar ularga ta’sir qilmaydi.

Iqtisod ustidan nazorat

Romni: Nazorat zarur narsa, lekin haddan oshish xususiy bizneslarning ildiziga bolta uradi. Obama davrida banklar kamsitildi. Mayda banklar quladi, yirik banklar izzatda.

Obama: Inqirozda respublikachilar aybdor, chunki ular bizneslarni umuman nazorat qilmadi. Hamma daromad ketidan quvdi. Kredit berish tizimini yangilay boshladik.

Sog’liqni saqlash

Romni: Sog’liq qanday saqlashni, tibbiy sug’urtani kimdan va qachon sotib olishni amerikaliklarning o’zi hal qilsin. Ularni sug’urta sotib olishga zo’rlashga hech kimning haqqi yo’q. Sug’urta bilan ta’minlash - xususiy bizneslarning ishi. Hukumat unga aralashmasin. Uning bahosini bozor belgilasin. Sog’liqni saqlash bilan shtatlar shug’ullansin, federal hukumat emas.

Obama: Har bir amerikalik kasal bo’lganida tibbiy yordam ola bilsin. Buning uchun zarur sug’urtaga ega bo’lsin. Qurbi yetmaganlarga hukumat yordam beradi. Odamlarning qachon va qayerda davolanishini sug’urta kompaniyalari belgilamasin, balki bemorning o’zi hal etsin. Romnining o’zi Massachussetts shtatida gubernatorlik qilganida bir paytlar shunday dasturni ishga solgan. Lekin hozir buni tan olmaydi.

Hukumat roli

Obama: Hukumat xalq uchun xizmat qiladi, uni himoya qiladi. Konstitutsiyaga binoan ish tutadi. Kapitalizm degani hukumatni chetga surib qo'yish emas. Hukumat – yo’lboshchi. Unga nisbatan ishonchni oshirish kerak. Islohot qilish – erkinlikni cheklash degani emas. Tizimlarimizni yangilash, yangi zamon talablariga tayyorlash kerak. Konservatorlar bunga qarshi.

Romni: Demokratlar hukumat hayotimizning har bir jabhasini nazorat qilishi kerak deb hisoblaydi. Barcha muammolarga javobni nazoratdan qidiradi. Bahona – xalq himoyasi, aslida esa ularning xohish-irodasi hisobga olinmaydi. Ta’lim, sog’liqni saqlash, iqtisod – bu sohalardagi muammolar barham topishi uchun hukumat rolini pasaytirish kerak. Yangilik qiladigan hukumat emas, fuqarolarning o’zi.

Siyosiy murosaga tayyormisiz?

Romni: Hamisha tayyorman. Massachussettsni shunday boshqarganman. Shtat parlamenti 87 foiz demokrat edi. Lider bo’lish partiyabozlik qilish degani emas. Partiyaviy mafkurani chetga surib, Amerika xalqi manfaati haqida o’ylayman. Prezident partiya uchun emas, butun davlat uchun xizmat qiladi.

Obama: Men boshidan siyosiy murosa tarafdoriman. Respublikachilar bilan ishlashga harakat qilayapman, lekin muxolifat murosa yo’lidan bormayapti. Ularning maqsadi meni shu tariqa prezidentlikdan olish. Ular xalqni qiynayotgan muammolarga ko’z yumayapti. Kongress o’z vazifasini bajarmayapti. Zarur qonunlar qabul qilmayapti. Men har kunimni fuqaroni qiynayotgan muammolarni yechish uchun sarflayapman va ularni astalik bilan yechayapmiz ham. Shu yo’lda davom etish niyatidaman. Respublikachilar bilan ishlashga hamisha tayyorman, lekin ularning har bir taklifiga ham qo’shilmayman. Real siyosat teran fikr va konkret qaror talab qiladi.

Obama va Romni, birinchi debat/Obama-Romney Debate 1
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:58 0:00


  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG