Breaking News

Saylovoldi debatlar nimasi bilan qiziq?


AQShda saylov yaqinlashar ekan, prezidentlik va vitse-prezidentlikka nomzodlar televizion debatlarda bellashadi.

Debatlar nimasi bilan qiziq? Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:59 0:00
Yuklab oling

Bugunga kelib ko’pgina saylovchilar 6-noyabr kuni kimga ovoz berishini biladi. Lekin hali bu borada biror qarorga kelmaganlar ham ko’p. Debatlar asosan mana shu saylovchilar uchun qiziq.

Prezidentlikka nomzodlar uch marta, vitse-prezidentlikka ko’rsatilganlar esa bir marta televideniye orqali bahslashadi. Millionlab fuqarolar tomosha qiladi bu debatlarni.

Saylov kampaniyasi davomida da’vogarlar televizion reklamalarga zo’r beradi. Ular siyosiy platformasini tushuntiradi, raqibidan qanday farq qilishini aytadi.

Ammo saylov uchastkasiga borishdan oldin fuqaro nomzodning muhim muammolar yuzasidan batafsil fikrini eshitishni ham istaydi.

Debatlar aynan shu maqsadda o’tkaziladi, deydi Jorjtaun Universiteti professori Mark Rom.

“Debatlar nomzodlar uchun o’z qarashlari, maqsadlari, orzulari va Amerika xalqi umidlari haqida gapirish imkonidir. Ularga erishish uchun nima qilmoqchi ekani haqida aytib berishi kerak”.

Debatlar – xalq bilan intervyu. Konkret savollarga konkret javob kutiladi. Nomzod har bir gapi va fikrini asoslab berishi kerak, deydi Amerika Universiteti professori Kandis Nelson. Xalq ularga baho beradi.

“Prezidentlikka nomzodlar orasidagi uchta debatdan ikkitasi va vitse-prezidentlikka nomzodlarning debatiga moderator, ya’ni olib boruvchi tanlanadi. U har bir nomzodga savollar bilan murojaat qiladi. Nomzod savolga batafsil javob berganidan keyin uning raqibi o’z fikrini bildirish imkoniga ega. Moderator roli - bahsni olib borish va nomzodlarga teng imkoniyatlar yaratish…”.

Birinchi va ikkinchi debat ichki va tashqi siyosatga bag’ishlanadi. Uchinchisi fuqarolar bilan uchrashuv shaklida o’tkazilib, unda saylovchilar nomzodlarga savol berishi mumkin.

Teledebatlar muntazam ravishda 1976-yildan beri tashkil etiladi. Biroq 1960-yilda ham demokrat senator Jon Kennedi va respublikachi vitse-prezident Richard Nikson saylovchilar oldida bellashgan.

Debatlardan nihoyatda samarali foydalana olgan siyosiy arbob Ronald Reygan bo’lgan. 1980-yilda u shunday savol berganki, ovoz beruvchilarni o’ylantirib qo’ygan. Tahlilchilar fikricha aynan shu savol sababli Reygan raqibi Jimmi Karterni mag’lub qilgan.

“Ovoz berayotganingizda o’zingizdan so’rang: hayotim bundan to’rt yil avvalgiga qaraganda yaxshiroqmi?” - degan edi Reygan.

Ba’zida esa nomzodning debat chog’ida yo’l qo’ygan xatosi uning imkoniyatlarini puchga chiqaradi.

1976-yilda, sovuq urushi avjida ekanida demokratlardan prezidentlikka da’vogar Jimmi Karter bilan bellashgan respublikachi prezident Jerald Ford shunday degan:

“Sharqiy Yevropa Sovet Ittifoqi ta’siri ostida emas. Ford hokimiyatda ekan, bunga yo’l qo’yilmaydi”.

Vaholanki, Sharqiy Yevropa butunlay SSSR nazorati ostida edi. Dunyo AQSh yetakchiligida G’arbiy va Sovet Ittifoqi qanoti ostida Sharqiy bloklarga bo’lingan edi. Ford prezidentlikni boy bergan.

Obama va Romni, birinchi debat/Obama-Romney Debate 1
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:58 0:00
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG