Demokrat Barak Obama va respublikachi Mitt Romni orasidagi ikkinchi debat 16-oktabr kuni kechqurun Nyu-Yorkdagi Xofstra (Hofstra University) Universitetida bahslashdi. Saylovchilardan tushgan savollarga javob berishdi.
Ishsizlikka qarshi qanday kurashasiz?
Romni: Birinchidan, yoshlarga ta’lim olishni arzonlashtirish kerak. Hukumat yordam ko’lamini kengaytirsin. Men ish o’rinlari yaratishni bilaman. Biznes tajribamni ishga solaman. O’rta sinfni mustahkamlash uchun nima qilish kerakligini bilaman. Obama buni bilmaydi. O’tgan to’rt yil ichida mehnat o’rinlarini ko’paytira olmadi. U saylanganida ishsizlik 7 foizdan oshiq edi, hozir ham shu. Soliqni kamaytirib, bizneslarga kengayish uchun imkoniyatlar yarataman.
Obama: Oliy ma’lumotli bo’lishni osonlashtirayapmiz. Yaxshi maosh to’laydigan ishlar kerak. Ishlab chiqarishni kengaytiramiz. Mehnat qilgan odam rohatini ko’radigan jamiyat bo’lishimiz kerak. Amerikada yangi sanoatlarni rivojlantirib, yoshlarimizni yangi zamon talablariga javob beradigan, jahon me’yorlarini belgilaydigan kuchga aylantirish lozim. Respublikachilarning yolg’on va’dalariga ishonmang. Ular bizneslarni imkoniyat yarataman deb boylarga kamroq soliq solishni xohlaydi. Natijada boylar boyiydi, kambag’allarning ahvoli yanada og’irlashadi.
Yonilg’ini arzonlashtirish uchun nima qilasiz?
Obama: Muqobil energiya manbalariga e’tiborni oshirib, yangi sanoatlarga asos solamiz. Quyosh nuri va shamol quvvatidan ko’proq foydalanish kerak. Yangi texnologiyalar, yangi ish o’rinlari. Shuningdek, Amerika o’z tabiiy boyliklariga tayanishi lozim. Uzoqdan qimmat mahsulot olmay, o’z resurslarimizni ishga solamiz. AQShning o’zida gaz va neft ishlab chiqarish oshgan.
Romni: Obama energetik siyosati ish bermadi. Mahsulot juda qimmat va tushmayapti. Amerika o’z boyliklaridan foydalanishi uchun kompaniyalarga yangi litsenziyalar berish kerak. Men shunday rejaga egaman. Muqobil energiya manbalari yaxshi, ammo hozircha ularga tayana olmaymiz.
Kim ko’proq soliq to’lashi kerak?
Romni: Hech kim ko’p soliq to’lashi kerak emas, na boylar, na o’rta sinf. Men hamma uchun soliqni kamaytiraman. Bizneslar uchun soliqni oshirib, Obama ma’muriyati ularni qisqartirmoqda. Kompaniyalar kengaya olmayapti. Biz xususiy sektor o’sishi uchun imtiyozlar beramiz. Kichik bizneslarning aksariyati hozir azobda. Chunki hukumat daromadning katta qismini tortib olmoqda.
Obama: O’rta sinf oz to’laydi, yillik daromadi 250 ming dollardan oshiq amerikaliklar sal ko’proq to’laydi. Hozir, Jorj Bush qoldirgan qonunlar sharofati bilan, boylar kam, o’rta sinf ko’p soliq to’laydi. Bu adolatdan emas. 95 foiz amerikaliklar uchun soliq kamayadi. Bill Klinton prezidentligi davrida shunday siyosat yuritganmiz. Millionlab ish o’rinlari yaratilgan. Daromadimiz oshgan. Byudjetda kamomad emas, ortiqcha mablag’ bo’lgan.
Ayol va erkak teng mehnat evaziga teng ish haqi olishi uchun nima qilasiz?
Obama: Prezidentlikka kirishishim bilanoq xotin-qizlar ish joyida kamsitilmasligi, teng mehnat uchun teng oylik olishini ta’minlovchi qonun imzoladim. Qizlarimiz o’g’illarimiz qatori mehnat qilib, munosib haq olishi shart. Bu haqda gap bo’lishi mumkin emas. Bu borada say-harakatlarimni davom ettiraman. Ayollar sog’lig’i saqlashga ham e’tiborni oshirish lozim. Respublikachi erkaklar xotin-qizlar uchun qaror qilishga o’rgangan. Aksincha, ayollar erkaklar bilan teng imkoniyatlarga ega bo’lishi shart.
Romni: Men gubernatorlik paytimda Massachussetts shtatida ayol mehnatkashlar uchun sharoit yaratganman. Onalik ta’tilidan tortib farzandlari tarbiyasi uchun alohida vaqt ajratishgacha… Ayollarimizga faqat teng maosh berishning o’zi yetmaydi. Ularga imtiyozlarni oshirish kerak.
Romniga savol: Oldingi respublikachi prezident Jorj Bushdan farqingiz nima?
Romni: Bush boshqa odam, men boshqa. U zamon boshqa edi, hozir boshqa. Bush savdoga kelganda, Xitoyning ayyor siyosatiga e’tibor bermadi. Men qattiq turaman. Bush byudjetga qaramadi. Men qarayman. Kichik bizneslarga yordam bermadi, men ularga ko’makni oshiraman.
Obama: Romni hech qachon Xitoyga qattiq turmaydi, chunki u asos solgan va sarmoya qilgan kompaniyalar Xitoyning quli. Romni Xitoy bilan savdodan daromad olib o’tirgan odam. Byudjetga kelsak, undan bu borada biror konkret reja yo’q. Pozitsiyasini har kuni o’zgartiradi.
Obamaga savol: Nima uchun yana sizga ovoz berishimiz kerak?
Obama: Men astalik bilan va’dalarimning ustidan chiqayapman. Iqtisodni tiklayapman, urushni tugatib, mablag’ni ayab ishlatadigan tizim yaratayapman. Amerikaliklar uchun imkoniyatlarni kengaytirayapmiz. Lekin inqiroz bizga ko’p zarar keltirdi. Oqibatlarini yengish oson emas. Tashqi siyosat bobida, Iroqdagi urushni tugatdim. Afg’onistondan chiqayapmiz. Al-Qoidani yer tishlatdik, Usama bin Ladenni yo'q qildik. Dunyo ahli bizni yana hurmat qila boshladi. Xalqaro hamjamiyat bilan kelishib ishlayapmiz.
Romni: Obama biror va’dasining ustidan chiqmadi. Iqtisodiq ahvol hamon og’ir, ishsizlik ko'lami keng, hayot qimmat, islohotlar boshi berk ko’chada. Byudjetdagi kamomad ikki hissaga oshdi. Sog’liqni saqlash sohasini isloh qilishni eplolmadi. Chunki Obama iqtisodni tushunmaydi.
Noqonuniy immigrantlar va ularning Amerikada voyaga yetgan farzandlarini nima qilasiz?
Romni: Amerika darvozalari qonuniy immigrantlarga ochiq. Noqonuniy ravishda bu yerga kelganlar kechirilmaydi, lekin ularning farzandlariga yordam beramiz. Ammo qonunni buzgan odamlarga bu mamlakatda o’rin yo’q. Iste’dodli, o’qimishli va mehnatga layoqatli chet elliklarga ishlash va yashash uchun imkoniyat berish kerak. Immigratsiya tizimini kuchaytiraman. Effektiv bir sistemaga aylantiraman.
Obama: Noqonuniy immigrantlarga jinoyatchi sifatida qaray olmaymiz. Birinchidan, ularning bu mamlakatga hujjatsiz kirishiga yo’l bergan tizimni tuzatamiz. Lekin noqonuniy muhojirlar ham huquqqa ega. Ularning farzandlari Amerikada o’qiyotgan bo’lsa, layoqatli insonlar bo’lsa, ularga imtiyoz va imkoniyat berishimiz kerak. Biz immigratisya tizimini isloh qilayapmiz va yangi qonunlar qabul qildik. Muhojir-talabalarga yordam dasturini boshladik. Bu yerda yashayotganlar qonuniy yashovchiga aylanishi uchun yo’l berish kerak. Hujjatsiz bo’lsa-da, qonunni buzmay yashayotgan, tinchgina tirikchilik qilib, uzoq vatandagi oilasini boqayotgan odamlarga yordam qo’lini cho’zishimiz kerak.
Liviyadagi diplomatlarimizni nima uchun himoya qila olmadik?
Obama: Diplomatlar himoyasi - ustuvor masala. Ularning xavfsizligini ta’minlash uchun qo’ldan kelgan barcha choralar ko’riladi, lekin mojaro nuqtalarida shunday hollar bo’ladiki, fojianing oldini ololmaysiz. Ammo bu qotillik ortida turgan odamlarni jazolaymiz. Bu mening va’dam. Chet eldagi vakillarimizni men yuborganman, ularning taqdiri uchun mas’uliyatni to’liq bo’ynimga olaman. Bing’ozidagi voqea hammani dahshatga soldi va men buni Oq Uydan turib terror harakati deb atadim, ammo uni izchil tekshirmaguncha xulosa qilmadik. Shoshmay tahlil qildik. Siyosatda bu nihoyatda muhim.
Romni: Prezident hammasi uchun javobgar. Bing’ozida nima bo’lgani haqida aniq ma’lumotga ega bo’lguncha, kunlar o’tdi. Nega darrov bilmadik aslida nima bo’lganini? Terror xurujimi yoki ommaviy zo’ravonlik? Namoyishchilar diplomatlarimizni o’ldirdimi yoki ekstremistlar? Obama siyosati juda zaif. Amerika xavf ostida bunday odam rahbarligida.
Jinoyatni kamaytirish uchun nima qilasiz? Qurolga egalik borasida qanday pozitsiyadasiz?
Obama: 2008-yilda prezidentlikka saylanishdan oldin shunday va’da berganman: Fuqarolar AK-47 singari qurollarga ega bo’lmasligi uchun barcha choralarni ko’rayapman. Qonunlarimizni kuchaytirish kerak. Cheklovlar zarur. Shuningdek, yoshlar egri yo’lga kirmasligi uchun ta’lim sifatini yaxshilashimiz kerak. Ularga e’tiborni oshirish kerak.
Romni: Fuqaroga qurolga egalik qilishga yo’l bermay jinoyatni kamaytiramiz deyishga asos yo’q. Yengil qurollar olib yurishga fuqarolarimiz haqli, konsitutsiyamiz shunday erkinlik beradi. Jinoyatlarni kamaytirish uchun maxsus dasturlarni ko’paytirish kerak. Men president bo’lsam shu yo’ldan boraman.
Kompaniyalarimiz arzon ish kuchi izlab chet elga ko’chib ketmasligi uchun nima qilasiz?
Romni: Birinchidan, bizneslarga yordamni oshiraman, imtiyozlar beraman ularga. Demokratlar hamisha xususiy sektorni nishonga olib kelgan. Shu bois kompaniyalar mamlakatdan chiqib ketgan va ketayapti. Ikkinchidan, Xitoy singari ayyor hukumatlar bizni aldashiga yo’l qo’ymayman. Xitoy valyuta siyosati yolg’onga asoslangan, biz jimmiz va u bilan savdo qilishda davom etayapmiz. Xitoy meni laqillata olmaydi.
Obama: Amerikada ish o’rinlari yaratish uchun yangi sanoatlarga, zamon talab qilayotgan sohalarga sarmoya kiritish kerak. Biz shu yo’ldan borayapmiz. Chet elda arzon ishchi yollab katta daromad olayotgan kompaniyalar vatanda ko’proq soliq to’lasin. Vatanda ishlasa, imtiyoz beramiz. Romni asos solgan kompaniyalar hozir Xitoyda va boshqa arzon davlatlarda. Shu bois uning tanqidlari o’rinsiz.
Sizga, sizning shaxsiyatingizga nisbatan mavjud fikrlarning qay biri asossiz?
Romni: Men barcha amerikaliklar uchun birdek qayg'uraman. Obama va uning kampaniyasi meni o'rta sinfga loqayd, faqat boylar uchun xizmat qiladigan shaxs sifatida tasvirlaydi. Bu asossiz ayblov. Men xalq xizmatidagi odamman, biror amerikalikni ajratmayman. Amerika har jihatdan kuchli jamiyat bo'lishini istayman.
Obama: Men, respublikachilar iddao qilayotganidek, kapitalizmga qarshi lider emasman. Men bozor iqtisodiyotiga ishonaman. Lekin iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy adolat tarafdoriman. Ayyorlik bilan emas, halol mehnat bilan pul topish kerak. Afsuski, biznes olamida odamlarni aldab dunyo orttirish keng tarqalgan. Men bunga qarshi kurashdaman. Bizneslar halol bo'lishi kerak. Amerikaliklar teng imkoniyatga ega bo'lsin.
Debat to'liq holda, ingliz tilida: