Afg’oniston poytaxti Kobul shahrida yuz bergan xudkush hujum oqibatida yuzga yaqin odam jon bergani tasdiqlanmoqda. Yaralanganlar soni esa 163 kishidan ortiq.
Ushbu hujum mahalliy vaqt bilan, soat 12:45 da ro’y bergan.
Ichki ishlar vazirligi so’zlovchisi Nasrat Rahimiyning “Amerika Ovozi” Afg’on xizmatiga aytishicha, hujum tez yordam mashinasidan foydalanilgan holda amalga oshirigan.
“Hujumchi tez yordam mashinasidan foydalanib, o’zini “Jumhuriyat” kasalxonasiga yetkazmoqchi bo’lgan. Xudkush hujumchi politsiyaning birinchi tekshirish punktidan o’tishga muvaffaq bo’lgan, ikkinchi punktga yetay deganda hujumchi ekani shubhalanilgan. Keyin o’zini portlatib yuborgan”,- deydi Ichki ishlar vazirligi so’zlovchisi Nasrat Rahimiy.
Ichki ishlar vazirligi sobiq binosi yaqinida joylashgan “Jumhuriyat” kasalxonasi Kobuldagi yirik sog’liq markazlaridan biridir.
Sog’liqni saqlash vazirligi rasmiylari 95 odamning o'lgani va 163 nafar jarohat olganlar borligini tasdiqlashmoqda.
Guvohlar talafot soni bundan ziyod ekanini iddao qiladi.
Mas’uliyatni Tolibon guruhi o’z zimmasiga olgan.
So’nggi paytlar Tolibon o’z hujumlariga zo’r berib, muhim joylarni nishonga olmoqda.
O’tgan hafta Kobuldagi "Interkontinental" menmonxonasidagi hujumda xorijiylar doxil 24 odam jon bergan edi.