2-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov vafot etdi. Bugundan boshlab mamlakatda 3 kunlik motam e’lon qilindi.
Your browser doesn’t support HTML5
Minglab o‘zbekistonliklar, hukumat vakillari, marhum yaqinlari, diplomatlar va xorijiy davlat rahbarlari Karimovni so‘nggi manzilga kuzatdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Minglab odamlar Karimov bilan vidolashish uchun Toshkent ko‘chalariga chiqdi. Mayit ketayotgan kortejlar ustiga gullar tashlandi.
Your browser doesn’t support HTML5
Kasalxonadan aeroportga qadar Prezident Karimovning jasadi uning yaqinlari hamrohligida olib kelindi. Samarqandda Prezident Karimovning turmush o‘rtog‘i Tatyana Karimova va kenja qizi Lola Karimovani samolyot trapida Bosh vazir Mirziyoyev kutib oldi.
So'ng mayit ota-onasining uyiga olib borildi. Bu yerdagi tadbirlar ortidan marhum janoza namozi o'qilishi uchun shahardagi Registon maydoniga olib borildi.
O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning janoza namozi Registonda Musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov imomligida o‘qildi. Janozadan so‘ng uning jasadi so‘nggi ikki kun ichida shoshilinch tarzda qurilgan maqbaraga dafn etilgan. Bu maqbara Shohi Zinda yaqinidagi Xo‘jai Xizr masjidining yonida joylashgan.
Shu kunlarda dunyo yetakchilari Karimov vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirmoqda.
AQSh Prezidenti Barak Obama O‘zbekiston rahbari Islom Karimovning vafoti munosabati bilan qilgan bayonotida Qo‘shma Shtatlar og‘ir pallada O‘zbekiston xalqini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
“O‘zbekiston o‘z tarixining yangi sahifasini boshlamoqda, Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston bilan hamkorlikka sadoqatini saqlab, fuqarolarning huquqlariga rioya qilinishiga asoslangan suvereniteti, xavfsizligi va kelajagi tarafdori bo‘lib qoladi”, - deyiladi Oq uy e’lon qilgan bayonotda.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa Karimov o‘limi munosabati bilan O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi shaxsga ta’ziya izhor etgan.
Rossiya Prezidenti matbuot xizmatiga ko‘ra, Prezident Putin Bosh vazir Dmitriy Medvedevga O‘zbekiston rahbari Islom Karimovning Samarqandda bo‘ladigan dafn marosimida Rossiya delegatsiyasiga boshchilik qilishni tayinlagan.
Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev o‘zbekistonlik hamkasbi Islom Karimovning vafoti munosabati bilan e’lon qilgan bayonotida:
“Men bilan qariyb 30 yil mobaynida yelkama-yelka ishlagan do‘stimni yo‘qotganimdan chuqur qayg‘udaman”, — deb ta’kidladi.
Nazarboyev O‘zbekistondagi bugungi barqarorlik va jamiyat farovonligi hamda keng miqyosli o‘zgarishlar Islom Karimov nomi bilan bog‘liqligini alohida qayd etib o‘tdi.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliev o‘zbekistonlik hamkasbi Islom Karimovning vafoti munosabati bilan e’lon qilgan ta’ziyasida:
“Ozarbayjonda Islom Karimovni xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik rishtalar rivojiga mustaqillik yillarida katta hissa qo‘shgan haqiqiy do‘st sifatida hurmat qilishadi”, - deb ta’kidladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun ham O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning vafoti haqidagi xabardan chuqur qayg‘udaligini bildirgan.