"Reyters" axborot agentligining O'zbekiston diplomatik manbalariga tayanib xabar berishicha, Prezident Islom Karimov vafot etgan. Ammo mamlakat rasmiylari buni hali tasdiqlagani yo'q.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2-sentabr kuni ertalab Karimovning ahvoli so'nggi bir kun ichida birdaniga yomonlashgani va ayni paytda u o'ta og'ir ahvolda ekani haqida ma'lumot bergan edi.
"Xalq so'zi" gazetasida chop etilgan va "O'zbekiston" telekanalida o'qib eshittirilgan qisqa xabarning to'liq matni quyidagicha:
"Avval xabar qilganimizdek, davlatimiz rahbari Islom Abdug'aniyevich Karimov o'tgan shanba kuni insult kasalligi bilan davolanishga yotqizilgan edi. Aziz vatandoshlar, chuqur qayg'u bilan shuni ma'lum qilamizki, o'tgan sutkada Prezidentimizning sog'lig'i birdaniga yomonlashdi va shifokorlar vaziyatni o'ta og'ir deb baholamoqda".
Ijtimoiy tarmoqlarda o'zbekistonliklar orasida Islom Karimovning vafot etganiga oid xabarlar va ta'zyalar to'lib ketgan.
Turkiya Bosh vaziri Binali Yildirim Islom Karimovning olamdan o'tganini tasdiqlab, televideniye orqali O'zbekiston xalqiga ta'ziya bildirdi.
"Fergananews" saytining o'z manbalariga tayanib xabar qilishicha, prezidentning dafn marosimi 3-sentabr kuni o'tkaziladi.
Karimovning hayot yo'li
Islom Karimov mustaqil O'zbekistonning birinchi va hozirgacha yagona prezidentidir. U 1938-yil 30-yanvar kuni Samarqand shahrida tug'ilgan.
Rasmiy biografiyasiga ko'ra, mehnat faoliyatini 1960-yilda Toshkent qishloq xoʻjaligi mashinasozligi ("Tashselmash") zavodida master yordamchiligidan boshlagan. 1961-yildan 1966-yilgacha V.P. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida ishlagan. 1983-yildan Oʻzbekiston SSR Moliya vaziri, 1986-yildan Oʻzbekiston SSR Ministrlar Soveti raisining oʻrinbosari — respublika Davlat plan komitetining raisi bo'lgan. 1986-89-yillarda Oʻzbekiston Kommunistik partiyasi Qashqadaryo viloyat komitetining birinchi kotibi, 1989-yil iyunidan Oʻzbekiston KP MK birinchi kotibi bo'lib ishlagan.
1990-yil 24-martda Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashining sessiyasida Oʻzbekiston SSR Prezidenti etib saylangan.
Mustaqillikdan keyingi siyosiy faoliyati
O'zbekiston mustaqillikka erishgach, 1991-yil 29-dekabrda oʻtkazilgan saylovda Karimov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylangan. 1995-yil 26-martda boʻlib oʻtgan umumxalq referendumi natijasida Karimovning Prezidentlik vakolati 2000-yilga qadar uzaytirilgan. 2000-yil 9-yanvarda u Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti etib qayta saylandi. Konstitutsiya bo'yicha bir shaxsning ikki muddatdan ortiq prezidentlikka saylanishi taqiqlanganiga qaramay, 2007-yil 23 dekabrda Karimov yana bir bor prezidentlikka saylandi.
U so'nggi bor bir yil avval, 2015-yil 29-mart kuni yana bir bor navbatdagi muddat uchun prezidentlikka saylangan edi.
Andijon fojeasi va inson huquqlari ahvoli
2005-yil 13-may kuni Andijonda hukumatga qarshi boshlangan namoyishlar qonli bostirildi. Shu kuni yuzlab odamlar hukumat kuchlari o'qiga uchrab halok bo'ldi. Turli manbalarda o't ochish buyrug'ini Karimov shaxsan bergani aytiladi.
Bundan tashqari, mamlakatda inson huquqlari borasidagi ahvolning o'ta og'ir holatda ekani Islom Karimovning repressiv siyosati bilan bog'lanadi. Qamoqxonalarda minglab siyosiy va diniy mahbuslar saqlanayotgani, erkin matbuotning mutlaqo mavjud emasligi, korrupsiyaning keng yoyilgani xalqaro huquq tashkilotlari tomonidan birdek e'tirof etilgan.
Karimovdan qolayotgan meros
Islom Karimovdan o'ta markazlashgan, demokratiya va inson huquqlari keskin poymol qilingan tizim meros bo'lib qolmoqda. Ko'plab ekspertlar nazarida navbatdagi prezident kim bo'lishidan qat'i nazar, mamlakatda tezkor islohot va o'zgarishlarni kutish noto'g'ri. Yangi davlat rahbari o'z hokimiyatini mustahkamlab olguncha Karimov siyosatini davom ettirishga majbur, deydi kuzatuvchilar.