O'zbekistonda sobiq prezident Islom Karimov kultini yaratish davom etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandda marhum prezident xotirasiga tiklangan maqbarani ochib berdi. Samarqandning dunyo madaniy merosi sifatida e'tirof etilgan qadimiy ziyoratgohi Hazrat Xizr majmuasida ziddiyatli munozaralarga qaramasdan Karimov maqbarasining tiklanishi yangi hokimiyat marhum xotirasini abadiylashtirish qarorida qat'iy ekanligini ko'rsatmoqda.
Shavkat Mirziyoyev tomonidan ochib berilgan Samarqanddagi Islom Karimov maqbarasi bir yildan ko'proq vaqt davomida qurildi. Sharq me'morchiligi asosida qimmatbaho toshlardan ko'tarilgan, devorlariga zar bilan ishlov berilgan "Qur'on" suralari tushirilgan bu maqbara jahon madaniy merosi sifatida YUNESKO ro'yxatiga kiritilgan, Islom Karimov dafn qilingan Hazrati Xizr majmuasida joylashgan.
Bu masjid azaldan Samarqanddagi qadimiy ziyoratgohlardan biri bo'lib kelgan. Karimov maqbarasini umumjahon madaniy merosi sifatida qayd etilgan majmuada qurilgani bahsli masala, ammo rasmiy matbuotning ta'kidlashicha, Karimov maqbarasining qurilishi, shuningdek, ochilishi ham YUNESKO vakillari ishtirokida o'tgan.
Qadimiy ziyoratgohda tiklangan bu qimmatbaho maqbara Karimov xotirasini abadiylashtirishga qaratilgan qadamlardan biri, xolos. Mamlakat bo'ylab Karimovga haykallar qo'yilmoqda,ko'chalar, xiyobonlar, yirik obyetklarga Karimov nomi berilmoqda.
Shaxsga sig'inish davrini eslatayotgan bu tadbirlarga ziyolilar, jamoat, davlat arboblari jalb qilingan, ayrim chiqishlarida eski tuzumni tanqid ostiga ola boshlagan arboblarning ham Karimovni ulug'lash tadbirlarida faolligi kuzatiladi.
"O'zA" axborot agentligi saytida chop etgan maqolasida adabiyotga e'tibor kamaygan eski davrlarni eslamaslikni ma'qul ko'rgan senator va shoir Iqbol Mirzo Qashqadaryodagi xotira tadbirida Karimov olqishlangan sh'erini o'qib berdi.
Hukumat 80 yilligi keng miqyosda nishonlangan Islom Karimov shaxsi, oilasi, uning mamlakat hayotidagi muhim o'rni haqida yangi ma'lumotlarni ochiqlamoqda. Marhum prezident davlat, xalq g'amidagi fidoyi rahbar, mustaqillik me'mori va munozaralarga o'rin qoldirmaydigan yetakchi sifatida taqdim etiladi.
O'zbekistonni chorak asr boshqargan Karimov davri, uning shaxsi, oilasi, sulolaning mamlakatdagi o'rniga doir munozaralar anchadan buyon mavjud va bu munozaralar asossiz emas.
Oilaning to'ng'ichi, siyosiy faoliyatini ulkan biznes imperiya qurishga sarflagan Gulnora Karimova inqirozga uchradi, ayni paytda qamoq jazosini o'tamoqda. Uning o'g'li kichik Islom Karimov Britaniyadan siyosiy boshpana so'radi. Marhum prezident oilasiga aloqador bir necha kishi xorijda qochqinlikda yuribdi. 10 yil davomida O'zbekistonning YUNESKOdagi elchisi lavozimida ishlagan Lola Karimova sulolaning siyosiy doirada qolayotgan so'nggi vakili edi. Yaqinda u ham o'z vazifasini tark etganini e`lon qildi.
Lola Karimova, ayniqsa, opasi Gulnora Karimova inqirozi ortidan o'z faoliyatini jonlantirishi bilan ko'zga tashlangan edi. Uning boshqaruvidagi "Sen yetim emassan" jamg'armasi qator xayriya tadbirlari o'tkazdi, milliy hunarmandchilikka oid ko'rgazmalar tashkil qildi. Lola ham opasi Gulnora kabi G'arbdagi moda va kino festivallarida ko'rinish bera boshladi, uning tashbbusi bilan mahshur kino yulduzlari jalb qilingan Mirzo Ulug'bek haqida hujjatli film suratga olindi.
Karimov xotirasi mamlakat miqyosida ulug'lanayotgan bir paytda uning kenja qizi Lola uchun to'siqlar yo'qdek edi, ammo Karimova otasining xotira tadbirida ishtirok eta olmadi. Bu narsa uning ham tekshiruv va xavflardan holi emasligi haqidagi qarashlarni o'rtaga chiqardi.
Muhojirlikda yashayotgan jurnalist Ulug'bek Bakir marhum prezidentning jiyani mustaqil jurnalist Jamshid Karimov bilan hamkorlikda Karimovlar oilasiga doir ma'lumotlarni yig'moqda, prezident oilasi haqida kitob chop etishga hozirlanmoqda.
Bugun Karimov sulolasining yulduzi so'nmoqda, degan fikrda Ulug'bek Bakir.
"Nazarimda, Lola Karimova O'zbekistonga qaytishni bugun o'zi uchun xatarli deb bilyapti. Lekin bu xatar nimadan iborat? Oxirgi paytda mana "Abu Saxiy" bozori atrofidagi tekshiruvlar natijasida yirik miqdordagi mablag', soliq davlat hisobiga kelib tushmagani aniqlandi. Umuman, ularning oilaviy biznesiga darz ketdi, ertami-kechmi qonun oldida javob berishlari muqarrar ekanligini yaxshi bilishadi. To'g'ri, Shavkat Mirziyoyev hozir prezident oilasi haqida hech narsa demayapti, o'zbekchilikdan kelib chiqib, o'tgan rahbarlarni faqat yaxshilik bilan eslashga urinmoqda. Ammo amalda eski tuzumdan voz kechish kerakligini, bu tuzum davrida hamma soha inqirozga uchraganini aytib kelyapti", - deydi jurnalist.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoda, Samarqandda Karimov xotirasiga bag'ishlangan tadbirlarda ishtirok etdi, marhum prezidentning xotirasi aslo unutilmasligi, ayniqsa, yosh avlod tomonidan e'zozlanishda davom etishi, Islom Karimovning mustaqillikni himoyalashdagi jasoratlari haqida gapirdi.
Ulug'bek Bakir marhum prezidentning jiyani Jamshid Karimov bilan bo'lgan suhbatlariga asoslanib Karimov shaxsi, xususan, uning salomatligi, layoqatiga doir yangi ma'lumotlar yuzaga chiqqani haqida gapiradi.
"Bu suhbat asnosidagi asosiy xulosa shuki, 25 yil davomida O'zbekistonni tutqanoq kasaliga chalingan odam boshqargan. Bu esa o'z-o'zidan, albatta, siyosatga ham ta'sir o'tkazgan. Sobiq mulozimlar bilan ham gaplashdim, ular o'z ismlarini ochiqlashni istashmayapti, davlat ahamiyatiga doir axborotlar to'g'ridan to'g'ri Islom Karimovga kirib bormas ekan. Sababi noxush xabarlardan Karimov junbushga kelib, kasali tutib qolishi mumkin ekan. Bizning suhbatimiz chiqishidan keyin O'zbekiston tomonidan ham muqobil axborot tarqatildi, ya'ni Karimovning shaxsiy shifokori bilan suhbatlar chop etildi, uning salomatligida biror kamchilik bo'lmagani aytildi", - deydi Ulug'bek Bakir.
Islom Karimov O'zbekistonni 27 yil davomida muqobilsiz boshqardi. Uning hokimiyatdan ketishi to'satdan yuz bergan kasallik - miyaga qon quyilishidan vafot etishi bilan kuzatildi. 30-yanvar kuni mamlakatda Islom Karimovning 80 yilligi xotirlandi.