Breaking News

Islom Karimovni kim qanday eslaydi?


Eski tuzumni ayovsiz tanqid qilib, bu tuzumga asos solgan Karimovga cheksiz hurmat ko'rsatayotgan Mirziyoyevning chiqishlari siyosiy ikkilanishdan darak emasmi?
Eski tuzumni ayovsiz tanqid qilib, bu tuzumga asos solgan Karimovga cheksiz hurmat ko'rsatayotgan Mirziyoyevning chiqishlari siyosiy ikkilanishdan darak emasmi?

O'zbekistonni 1989-yildan 2016-yilgacha boshqargan Islom Karimovning 80 yilligi xotirlanmoqda. Karimov yubileyini (30-yanvar) tantanali o'tkazish yuzasidan hukumat qarori qabul qilingan. Markaziy nashrlar jamoatchilikni Islom Karimov faoliyatiga doir avval e`lon qilinmagan nodir suratlar, xotiralar bilan tanishtirmoqda. Bu tantanalar jamoatchilikda Karimov shaxsiga ishonch yemirilib, davr asoratlari hukumat miqyosida tan olinayotgan bir sharoitda kuzatilmoqda. Eski tuzumni ayovsiz tanqidga tutayotgan, ammo bu tuzumga asos solgan Karimovga cheksiz hurmat ko'rsatayotgan Mirziyoyevning chiqishlari esa siyosiy ikkilanishdan darak sifatida baholanmoqda.

Islom Karimov va uning davrini qanday eslaysiz?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:03 0:00

Karimov davrida turg'unlashgan O'zbekiston va bugun o'zgarishlarga yuz tutayotgan O'zbekiston o'rtasidagi farq sezilarli.

Mamlakatda nisbiy erkinliklar yuz berishi, jamiyatdagi muammolar ochiq tan olinishi bilan kuzatilayotgan bu o'zgarishlar hozircha yangi rahbar Mirziyoyevning ayovsiz tanqidlariga nishon bo'layotgan eski tuzum rahbari, Karimov shaxsini chetlab o'tmoqda.

Marhum Karimov "dahosi" hamon jamoatchilikni ikki bo`lgan shaxs bo`lib qolmoqda, bir tomon uning dahosini ulug'lashda davom etayotgan bo'lsa, ikkinchi tomon jamiyat tanazzulida Karimovni ayblashda davom etmoqda.

So'ngi vaziyat prezident Mirziyoyevda ham jamiyatdagi muammolarda Karimov rahbarligidagi turg'unlik davri aybdor degan ishonch kuchayanini ko'rsatmoqda.
Prezidentning ba'zan bevosita, ba'zan bilvosita qilayotgan ishoralari shunday xulosalarga olib keladi, ayniqsa Akto'be qurbonlari bilan bog'liq fojia eski, shu jumladan yangi hokimiyatning ham, layoqatsizligini ochiqladi.

Mirziyoyev: Qozog'istondagi fojiada davlatimiz aybdor
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:12 0:00

Aktobe fojialarining kelib chiqish sababi mamlakatdagi ishsizlik ekanligi, bunda o'z vaqtida muammoga e'tiborsiz qaragan davlat rahbariyati aybdorligini e'tiroflash Mirziyoyevning eski hokimiyatga qaratilgan birinchi tanqidi emas.

Deyarli, har bir chiqishida yangi davr boshlanayotganini, xalqda ishonch qayta uyg'onayotganini ta'kidlayotgan prezident muammolarga eski tutum aybdorligini chetlab o'tmayapti.

Eski tuzumni ayovsiz tanqidga tutayotgan, bu tuzumga chorak asr rahbarlik qilgan Islom Karimovga esa cheksiz hurmat ko'rsatayotgan Mirziyoyevning bu chiqishlari yangi prezidentdagi siyosiy ikkilanishdan darak beradi.

Jamoatchilikning Karimovga munosabati ham shunga yaqin kim uchundir marhum Karimov odamlarni otishga hukm qilgan, o'zbek jamiyatini tanazzulga yetaklagan zolim diktator, kim uchundir mamlakat mustaqilligi asoschisi, yurtni tahdidlardan asrab kelgan qahramon.

O'zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimov sharafiga Toshkentda qurilgan Islom ota masjidi
O'zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimov sharafiga Toshkentda qurilgan Islom ota masjidi

Karimovning yubileyi arafasida marhumning bevasi Tatyana Karimova mamlakat bo'ylab safarga chiqqani, Karimov xotirasiga bag'ishlangan uchrashuvlarda qatnashayotgani, marhumning oila a'zolaridan iborat Islom Karimov jamg'armasi ham turli tadbirlar o'tkazayotgani xabar qilinmoqda.

Karimovning tan olinmagan qarindoshlaridan biri mustaqil jurnalist Jamshid Karimov bunday tadbirlardan chetda, u Karimov davri yakunlanishini uzoq kutgan faollardan. Jurnalist bu kutishning o'n yildan ortig'ini ruhiy kasallar shifoxonasida o'tkazishga majbur qilingan edi.

"O'zbekistonda jamoatchilik keskin tabaqalangan, Karimovni ulug`layotganlar asosan uning davrida yaxshi yashagan, mo'may daromad topgan tekintamoqlar yoki siyosatdan, ijtimoiy siyosiy vaziyatdan mutlaqo xabarsiz bo`lgan omilar qatlamidir. Karimovga suyanuvchi boshqa bir guruh esa uning boshqaruvidan bevosita manfaatdor bo`lgan. Shu orqali xalqni o'margan amaldorlar guruhidir. Bu toifaga nafaqat davlat amaldori ham, balki tuzumga moslashib olgan boshqalar ham kiradi. Ammo bunday qat'i nazar, Karimov tuzumidan aziyat chekkan boshqa bir katta toifa bor. Kimlardir bu tuzum tazyiqlarini bevosita boshdan kechirgan, qiynoqlarga uchragan, badarg'a qilingan. Oddiy aholining Karimov shaxsiga munosabati esa ichda yotibdi. Odamlar hozir ham buni ochiq aytishga qo'rqishadi, ayniqsa hukumat mashinasi Karimov dahosi targ`ibotni hozir ham davom ettirayotgan bir paytda", - deydi marhum prezidentning jiyani Jamshid Karimov.

U marhum amakisi Karimov davrida ham o'z tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan. Jamshidning ishonishicha yangi rahbariyat eski tuzum mamlakatni inqiroz yoqasiga keltirganini juda yaxshi biladi. Mirziyoyev bunga ishoralar ham beryapti, ammo hozircha Karimov qoldirgan siyosiy merosdan voz kechish qudratida emas.

"Mirziyoyev hozir Karimovga ustozim deb hurmat bajo keltiryapti, ammo Karimov uni ham ayamagan. Ayniqsa Mirziyoyev Samarqandda hokimlik qilganida paytlarida hatto undan kaltak yeganidan ham xabardorman. Shunnig uchun ham Mirziyoyev Karimovga rostdan ham ta'zim qiladi deyishdan yiroqman, hozir yangi hokimiyat mustahkamlanishi uchun vaqt kerak. Hokimiyatda hamon Karimov odamlari, uning tarafdorlari juda ko'p, Mirziyoyev ehtimol shu tomonlarini ham hisobga olayotgandir. Men uning bu borada o'z rejalari borligiga, bu esa vaqt talab qilishiga shubha qilmayman", - deydi Jamshid Karimov.

Karimov 1938-yilning 30-yanvarida Samarqandda tug'ilgan. U 2016-yilning sentabr oyida miyaga qon quyilishidan vafot etgan.

Yangi hokimiyat O'zbekistonning birinchi prezidenti xotirasini abadiylashtirish bo`yicha maxsus qaror qabul qilib, mamlakatdagi bir nechta obyektga Islom Karimov nomini berdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG