Afg’oniston prezidenti Hamid Karzay saylov yuzasidan mojaroni hal qilishga qaratilgan kelishuvni istar-istamas tan olmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Uning o’rnini egallashga da’vogar Abdulla Abdulla va Ashraf G’ani o’rtasida o’tgan oy kechgan bellashuvda millionlab soxta ovozlar berilgani da’vo qilinadi. AQSh vositachiligida erishilgan bitimga muvofiq har bir ovoz tekshiriladi.
Prezident Karzay, “Amerika Ovozi” ning Afg’on xizmati bilan suhbatda, kelishuvdan aslida norozi ekanini bildirdi, ammo mamlakatdagi siyosiy vaziyatni hisobga olgan holda unga ko’ngan.
“Bu tortishuvlarni tezda hal qilmasak bo’lmaydi, saylovga shundoq ham ancha vaqt sarfladik. Xatolarni tuzataylik va natijani bilaylik. Xalqning sabri tugay deb qoldi”, - deydi u.
14-iyunda o’tgan poygadan so’ng Afg’onistonda ahvol yanada keskinlashgan. Abdulla Abdulla ham, Ashraf G’ani ham o’zini g’olib deb e’lon qilgan.
Sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla raqibining bir million ko’p ovoz yig’ganiga mutlaqo ishonmaydi. Uning aytishicha, natijani soxtalashtirish uchun prezident Karzay, saylov mutasaddilari hamda Ashraf G’ani til biriktirgan.
AQSh Davlat kotibi Jon Kerri o’tgan hafta Kobulga safar qilib, ikkala nomzod bilan bir necha soat muzokara qildi. Har ikki siyosatchi BMT rahnamoligida sakkiz million ovoz tekshirilishiga rozi.
Kelishuv matniga ko’ra, yangi prezident darhol milliy birdamlikni ta’minlovchi yangi hukumat tuzishga kirishadi. Audit natijasida g’olib deb topilmagan nomzodga ham hukumatda joy ajratilishi kerak.
Jamiki afg’onlar manfaatini ko’zlovchi yangi hukumat tuzish taklifi prezident Karzayga ma’qul, ammo uning aytishicha, Afg’oniston parlamentar boshqaruv tizimiga o’tishi haqidagi xabarlar tashvishga molik.
“Parlamentar demokratiyaga o’tish uchun avvalo jamiyat ustunlari mustahkam bo’lishi, fuqaro jamiyati siyosatdan xoli bo’lishi va qonunga tayana olishi kerak”, - deydi xizmat muddatini yakunlayotgan Karzay.
Ayniqsa harbiy soha va sud-adliya tizimi himoyaga muhtoj. Bu institutlar mustaqil bo’lishi uchun vaqt kerak, Afg’oniston ayni damda parlamentar boshqaruvga tayyor emas, deydi u.
Hamid Karzay bo’lajak rahbar bilan yaqindan ishlashga tayyor. “Maslahat yoki xizmat kerak bo’lsa, doimo yordamga tayyorman”, deydi u.