Oq uy rasmiysi: Qozog'iston AQSh uchun o'ta muhim strategik sherik

Selest Vollander, Prezident Barak Obamaning Rossiya va Markaziy Osiyo bo'yicha maslahatchisi, Qozog'iston-AQSh konvensiyasida so'zladi, AQSh Tinchlik instituti, Vashington, 8-dekabr, 2015

Vashingtonda Qozog’iston-AQSh konvensiyasi bo’lib o’tdi. Hamkorlikni kengaytirish xususida yillik anjuman. Strategik sheriklar uchinchi bor shunday qurultoy o’tkazdi.

Qozog’iston Qo’shma Shtatlarning nafaqat Markaziy Osiyo balki sobiq Sovet ittifoqidagi eng yirik hamkorlaridan biri. Neftga boy respublikaning energetika sanoatida Amerika katta ulushga ega. Boshqa sohalarni ham hisobga olganda, AQSh sarmoyasi bilan 500 kompaniya faoliyati yuritadi. Davlatlar orasidagi import-eksport ko’lami bu yilning o’zida 1 milliard dollardan oshgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Kimdir yetakchilikni qo'lga olishi kerak, deydi Qozog'istonning AQShdagi elchisi/Navbahor Imamova

Your browser doesn’t support HTML5

Someone has to lead, says Kazakhstan's ambassador to the US - Central Asia/Navbahor Imamova

Your browser doesn’t support HTML5

Celeste Wallander, Special Assistant to President Obama, speaks at Kazakhstan-US Convention

Your browser doesn’t support HTML5

Zhanar Aitzhanova, Minister of Economic Integration of Kazakhstan, speaks at USIP, 12-8-15

Bu yildan binoan Jahon savdo tashkilotining to’laqonli a’zosiga aylangan Qozog’istonning o’ziga ishonchi baland. Iqtisodiy-moliyaviy jihatdan 2015-yil 18 millionga yaqin aholisi bor respublika uchun ancha og’ir kechdi, biroq Vashingtondagi qurultoyni kuzatgan odam buni sezmaydi.

Kongressning kamida 20 a’zosi birma-bir so’zga chiqib, Nursulton Nazarboyev yuritayotgan siyosatga tasannolar aytdi.

Ikki davlat har bir jabhada kelishmasligi tayin, deydi arboblar, lekin orada ishonch kuchli, AQSh va Qozog’iston global masalalarda bir-biriga bemalol tayanadi: xavfsizlik, terrorizmga qarshi kurash, iqtisodiy taraqqiyot, ta’lim, iqlimdagi salbiy o’zgarishlarga qarshi kurash, yadroviy qurol va materiallarning yoyilmasligini ta’minlash va hokazo.

Janar Aitjanova, Qozog’istonning Iqtisodiy integratsiya bo’yicha vaziri, AQSZh Tinchlik institutidagi tadbirda so’zlar ekan, mamlakat o’tgan yillar ichida biznes va tijorat bobida shaxdam qadamlar tashladi, deydi.

“Birlashgan Millatlar Tashkilotining Savdo va taraqqiyot agentligiga ko’ra, Qozog’iston investitsiya qilish imkoniyatlari eng katta 20 davlatdan biri”,- deydi vazira.

“30-noyabr kuni esa Jahon savdo tashkilotiga qabul qilindik va bu bilan global moliyaviy tizimda o’z roli va ta’siriga ega davlat ekanimizni yana bir bor isbotladik”.

Respubikada har bir sohada islohotlar davom etmoqda, deydi vazira, davlat boshqaruvidan tortib, xalq turmushining eng quyi jabhalarigacha. Iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash ustuvor maqsad.

Xususiylashtirish jarayoni avjida. 2020-yilgacha, deydi Aitjanova, bizneslarning faqat 15 foizi davlat tasarrufida qolishi kerak.

Janar Aitjanova, Qozog'istonning Iqtisodiy integratsiya bo'yicha vaziri

AQSh prezidentining Rossiya va Markaziy Osiyo bo’yicha maslahatchisi Selest Vollander deydiki, Qozog’iston rahbariyati muvonazatli siyosat olib borib, xavfsizlik va taraqqiyotga birdek e’tibor qaratib, nafaqat o’z xalqi balki tashqi dunyo ishonchini ham qozongan.

Bu strategiya, deydi Vollander, mustaqillikning ilk yillaridanoq o’z mevasini bera boshlagan va mana bugun, Qozog’iston global maydonda o’z mustahkam roliga ega. AQSh Qozog’istonni strategik sherik deb biladi va bu hamkorlik kun sayin kuchayib boraveradi, deya ishonch bildiradi Oq uy rasmiysi.

Prezidentlar Barak Obama va Nursulton Nazarboyev bir necha bor yuzma-yuz muloqot qilgan, o’zaro hurmat va tushuncha shakllangan, deydi Vollander.

Afg’onistondagi vaziyat, mintaqaviy barqarorlik, Rossiya-Ukraina mojarosi va boshqa siyosiy kelishmovchiliklar, atom qurollarini cheklash, Sovet davridan qolgan yadroviy chiqindilarni zararsizlantirish, iqtisodiy hamkorlik va islohotlar – Amerika va Qozog’iston bu borada yaqindan ishlayveradi, deydi prezident maslahatchisi.

"Ekstemizmning oldini olish bo’yicha ham yaqindan hamkorlik qilib, bu boradagi tashabbuslarni quvvatlaymiz", - deydi Vollander.

Kelayotgan yilda Markaziy Osiyoda shu mavzuda xalqaro anjuman o’tishi kutilmoqda. “Islomiy davlat” ga qarshi kurash mintaqa uchun chuqur ahamiyatga ega va Amerika yordamni ayamaydi. Ta’lim, iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyot, texnologiya va boshqa sohalarda hamkorlik kengayadi, deydi Oq uy rasmiysi.

Vashington Nazarboyev ma’muriyatini demokratiya va oshkoralik bobida ham kattaroq qadamlar tashlashga undab keladi. Huquq tashkilotlari respublikadagi vaziyatni repressiv deya baholab, davlatni fuqaro huquqlarini muntazam ravishda buzayotganlikda ayblaydi.

Ostonaning javobi shuki, Qozog’iston erkin jamiyat qurish ahdida qat’iy lekin jarayon mahalliy talab va sharoitga binoan amalga oshadi, tashqi bosimga qarab emas.

Bunday javobni qo’shni “huquqbuzar” davlatlardan ham eshitib o’rgangan Amerika rasmiylari Markaziy Osiyoni qoralab yoki jazolab emas, shirin so’z va muloqot orqali erkinlik tomon yetaklashga urinayotganini aytadi.

2009-yildan beri shunday siyosat olib borayotgan Obama ma’muriyati bugungacha qanday yutuqqa erishdi? – deya so’raydi demokratiya tarafdorlari. Muloqot nima samara berdi? Nafaqat Qozog’iston balki butun mintaqa so’z va matbuot erkinligi, oshkoralik, qonun ustuvorligi va mas’uliyatli boshqaruvdan hamon juda uzoq.

Qozog'iston-AQSh konvensiyasi, 2015

Qozog’istonning AQShdagi elchisi Kayrat Umarov bilan suhbatlashar ekanmiz, mintaqa bu hamkorlikdan qanchalik manfaat ko’rmoqda, deb so’raymiz.

“Bu qurultoy va ikki davlat orasidagi rishtalar qanchalik samara bersa, mintaqa shunchalik foyda ko’radi. Gap faqat biz haqimizda emas, butun Markaziy Osiyodagi jarayonlar haqida ketmoqda. Biz mintaqaning katta bir qismimiz va o’zimizni boshqalardan ajratmaymiz”.

Qozog’iston haddan tashqari ko’p va’da berayotgani yo’qmi? Ostonadan G’arbda umidlar juda katta. Davlat eplay olarmikan shuncha o’zgarishlar qilishni?

“Qozog’iston o’zini mintaqaviy lider deb atamaydi lekin kimdir yetakchilikni qo’lga olishi kerak. Bu ulkan mas’uliyat, faqat gap emas, qattiq mehnat talab qiladigan vazifa. Biz barcha sohalarda liderlik qilishga urinar ekanmiz, qo’shnilarimiz bizdan o’rganadi, bizning xatolarimizdan saboq oladi. Birinchilik - bag’oyat murakkab o’rin. Qo’shnilarimiz bizning yo’limizdan bormasligi mumkin lekin bizning tajribamiz ular uchun ham tajriba. Biz sinovlarga, qiyinchilik va mehnatga tayyormiz”.

Qozog'istonning AQShdagi elchisi Kayrat Umarov

Kongress bilan aloqalar joyida. Amerika qonunchilari Qozog’istonga nimalar deyapti, undan nima istayapti?

“Kongress bilan hamkorlik juda muhim. Xalqimiz, iqtisod va siyosat, jamiki sohada, Amerika qonunchilariga iloji boricha ko’proq ma’lumot berishga harakat qilamiz, chunki ular biz haqimizda yaxshiroq bilgani sari biz uchun ham ma’qulroq qarorlar qiladi. Kongress a’zolari bizni Amerika xalqi bilan bog’laydi”.

Kayrat Umarov Vashingtonda Markaziy Osiyodan eng faol diplomat deya tilga olinadi. AQSh poytaxtida o’nlab arboblarni bir joyga to’playdigan tadbirlar o’tkazish nima talab qiladi?

“Avvalo tinimsiz mehnat… Do’st orttirish kerak, odamlarning ishonchini qozonish kerak, e’tiborni ushlab turish kerak. Vashingtonda yaxshi insonlar ko’p. Ulardan yordam olamiz. Til topisha olishingiz kerak. Do’st kerak bo’lsa, qalbingni och, deymiz biz qozoqlar. Qalbimizni ochganimiz sari ishimiz ham yurishadi. Qurultoy shunga bir misol”.

Your browser doesn’t support HTML5

Amerika Manzaralari/Exploring America, December 14, 2015