Tahlil: Qozog’iston kuchli qo’shnisi Rossiyadan hadiksiraydi

Nursulton Nazarboyev Moskvaning Ukrainaga nisbatan siyosatini ochiq qo`llab chiqqan kam sonli liderlardan biriga aylandi, bu chiqishni esa Kiyev norozilik notasi bilan kutib oldi.

Your browser doesn’t support HTML5

Qrimdan saboq-Qozog'iston-Rossiya aloqalari/Malik Mansur


Qrim yarim orolidagi siyosiy o’zgarishlar, etnik ruslar yashovchi ayrim respublikalar, jumladan, Qozog’istonda ham xavotir uyg’otmoqda. Rossiya nashrlarida yozilishicha, Qozog’iston hukumati shimoldagi rus aholi ko’nglini olish, ish o’rinlari va imkoniyatlar yaratish ustida harakatni boshlab yuborgan.

Qozog`istonda rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, 3,7 millionga yaqin ruslar yashaydi, mamlakat shimoli ruslar zich joylashgan hudud hisoblanadi. Hozirgacha ruslar va qozoqlar o`rtasida jiddiy ziddiyatlar kuzatilmagan.

Ammo Ukraina hodisalari Rossiya istasa milliy ziddiyatni yarata olishini ko`rsatdi. Rossiyaning mintaqadagi yaqin ittifoqchisi hisoblangan Qozog`istondagi xavotirlar esa ko`proq shundan. Kreml xohlagan payt mamlakatdagi 4 millionga yaqin ruslar huquqini ro`kach qilishi mumkin.

“Stoletiya.ru” nashri Qozog`iston hukumati ruslar ko`p yashaydigan shimoldagi vaziyatni muhokama qilayotgani haqida yozadi. Ish o`rinlari yaratish bilan tashqaridagi va janubdagi etnik qozoqlarni shimoliy viloyatlarga jalb etish rejasi hukumatning “ayirmachilik” tahdididan xavotirini ko`rsatgan.

Bunday hadik jiddiyligi esa ko`p vektorli munosabatlar tarafdori sanalgan Ostona tashqi siyosatiga ham ta’sir qilgan. Nursulton Nazarboyev Moskvaning Ukrainaga nisbatan siyosatini ochiq qo`llab chiqqan kam sonli liderlardan biriga aylandi, bu chiqishni esa Kiyev norozilik notasi bilan kutib oldi.

“Gap shundaki, Qozog`iston Rossiya bilan chegaradosh, Rossiya yetakchiligidagi tashkilotlarning faol a`zosi. Boshqa tomondan esa Qozog`iston G`arb bilan ham munosabatlarni rivojlantirishni istaydi. Shuning uchun ham G`arb va Rossiya o`rtasidagi ziddiyatlar baribir Qozog`iston siyosatida aks etadi. Ammo Qozog`iston rahbariyati Rossiyaning Ukrainaga nisbatan siyosatini rasman qo`llayotgan bo`lsa-da, uning o`zida bu siyosatning noto`g`ri ekanidan xavotir kuchli, lekin hukumat buni ochiq ayta olmaydi”, - deydi qozog`istonlik ekspert Do`sim Satpayev.

Qrimning tortib olinishi, ayniqsa, qozoq jamoatchiligida munozaralarga sabab bo`lgan.

Hukumat bilan munosabatda bir qadar ehtiyotkor sanalgan qozoq matbuoti “Bizning keyingi prezidentimizni Putin saylaydimi?” degan savolni muhokama qilmoqda. Bu maqolada Putin Qozog’iston uchun Ukrainaning sobiq prezidenti Viktor Yanukovichga o`xshash nomzod tanlashi mulohaza qilinadi.

Do`sim Satpayev so’zlariga ko`ra, qozoq jamoatchiligidagi bu keskin munozara o`rinsiz emas. Kreml siyosiy doirasi vakillari hali Ukraina bosqini boshlanmasdan Markaziy Osiyoni Rossiya tarkibida ko`rish niyatini ochiq aytgan edi.

“Rossiya Ukrainada kuch siyosatini boshlamasdan biroz avval Kreml doirasidagi ayrim siyosatchilar Rossiya nazoratidagi Markaziy Osiyo federal okrugini tuzish haqida gapira boshlashdi. Umuman, Ukraina hodisalaridan so`ng Qozog`istonda xavotirli bir siljish kuzatiladi. Bu separatizm g`oyasining jonlanayotganidir. Albatta, hozircha bu g`oya ochiq to`qnashuvlar bilan emas, ko`proq ijtimoiy tarmoqlardagi munozaralar orqali kuzatilmoqda. Bu esa Qozog’iston taqdirini mutlaqo boshqacha ko`ruvchi guruhlar mavjudligini ham ko`rsatmoqda”, - deydi Do`sim Satpayev.

Ukraina hududiga harbiy qo`shinlarini kiritgan Moskva Qrimda o`tkazilgan referendumdan so`ng yarim orol Rossiya tarkibiga qo`shilganini e`lon qildi. Rossiyaning bu qarorini dunyodagi sanoqli davlatlargina qo`lladi, jumladan Qozog`iston ham.