Bu hafta AQSh poytaxtida Amerika-Qozog'iston strategik hamkorligi muhokama qilindi. Ostonadan kelgan delegatsiya avvalo Davlat departamenti, shuningdek, Mudofaa vazirligi va boshqa idoralarda yetakchi rasmiylar bilan uchrashdi.
Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Yerjan Ashikbayev va AQSh Davlat kotibi muovini Rouz Gottemoller 8-mart kuni bir kunlik majlisga raislik qildi. Mintaqaviy masalalar, xavfsizlik, iqtisod va savdo, inson huquqlari, demokratiya, islohotlar, ta'lim va madaniy rishtalar bilan bog'liq mavzular ko'rib chiqildi.
AQSh Davlat kotibining Demokratiya va huquq bo'yicha muovini Tom Malinovski va Qozog'iston Adliya vaziri muovini Elvira Azimova qonun ustuvorligi va inson huquqlari xususidagi yig'inga boshchilik qildi.
Mustaqil axborot vositalari yetishmasligi, huquq-tartibot organlarining zo'ravonligi, korrupsiya va yulg'ichlik singari muammolar xususida gap ketdi.
Qozog'iston elchixonasi 9-mart kuni huquq tashkilotlari va fuqaro jamiyati vakillarini taklif qilib, yopiq muloqot o'tkazgan. Huquq himoyachilari faollarga nisbatan tazyiqlardan noligan.
AQSh Tijorat vaziri muovini Arun Kumar va Qozog'iston Sarmoya va taraqqiyot vaziri o'rinbosari Rahim Oshakbayev ham bu sohalardagi hamkorlik yuzasidan gaplashib oldi.
10-mart kuni esa Prezident Nursulton Nazarboyevning yaqin maslahatchisi, davlat kotibi Gulshara Abdikalikova va Tashqi ishlar vaziri muovini Ashikbayev Uilson siyosiy tahlil markazida so'zlab
Rasmiylarning aytishicha, Qozog'iston oldin iqtisodiy barqarorlik, keyin esa siyosiy taraqqiyot degan shior ostida harakat qilaveradi. Ya'ni, deydi arboblar, qiyinchiliklarga qaramay davlat birinchi navbatda xalqning tirikchiligini osonlashtirish harakatida. Demokratiya tomon esa iqtisodiy yutuqlarga asoslangan holda qadam tashlanaveradi.
Ko'plab ekspertlar, xorijiy va mahalliy, bunday taktika hozircha ish bermayapti, degan fikrda. Qozog'iston mintaqada eng kuchli iqtisodga ega davlat, biroq G'arb sanksiyalari ostidagi Rossiyaga tobelik uning moliyaviy tizimiga ulkan zarar yetkazib, xalqning sistemaga ishonchi pasaygan.
Vashington nazarida Qozog'iston mintaqaviy lider va bugungi muammolardan qat'i nazar, to'g'ri yo'ldan ketmoqda. Qo'shma Shtatlar bu davlat bilan barcha sohalarda yaqindan ishlaydi, deydi rasmiylar.
Qozog'iston o'zini G'arbda targ'ib qilganida doimo tilga olinadigan dastur "Bolashak" ta'lim loyihasi bo'lib, unga ko'ra minglab yoshlar chet ellardagi oliygohlarida, xususan Amerika universitetlarda davlat puli bilan bilim oladi.
Bugun Qozog'istonda davlat tizimi, xususiy sektor va nohokumat-notijoriy tashkilotlar faoliyatini bu avlodsiz tasavvur qilib bo'lmaydi, deydi Tashqi ishlar vaziri muovini Ashikbayev. Uning aytishicha, respublika boshqaruvida avlodlar yangilanmoqda va ular zamon talablariga javob bera oladigan mutaxassislar.
AQSh nazarida ham "Bolashak" Markaziy Osiyoda shu kungacha davlatlar yuritgan eng muvaffaqiyatli programma.