Din

Keniyada musulmonlar radikallashishga qarshi treningdan o'tmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Keniyada Al-Shabab va "Islomiy davlat" jangari guruhlari yoshlarni o'z saflariga yollashda davom etmoqda. Mahalliy tashkilotlardan biri bunga qarshi kurash boshladi: yoshlarning radikallashishiga yo'l qo'ymaslik maqsadida imomlar uchun maxsus dasturlar tashkil etdi.

Ramadan Aula radikallashgan ikki yoshga ekstremist guruhlarga duch kelganda nima qilish kerakligini o'rgatmoqda.

U zo'ravon ekstremizmga qarshi kurash dasturini yuritadi. Shu paytgacha 2000 keniyalik uning darslarini olgan. Ayrimlari sud buyrug'i bilan, boshqalar esa o'z ixtiyori bilan kelgan.

Imomlar esa to'rt kunlik treningda radikal qarashlarga qanday munosib javob qaytarishni o'rganadi.

Darslar haqida maxsus reklama ham chiqarilgan.

"Somalida terrorchilar musulmonlarni o'ldirmoqda. Keniyada esa ular diniy nizo keltirib chiqarish uchun musulmon bo'lmaganlarni o'ldiryapti. 2015-yil 22-dekabr Manderada keniyalik musulmonlar qo'shnilarni hujumlardan himoya qildi. Bu jasur insonlar odamlar hayotini saqlab qoldi", - deyiladi ushbu reklamada.

Nayrobi yaqinidagi Riyada masjididamiz. 2013-yil ushbu masjid rasmiylaridan biri terrorchi guruhga aloqadorlikda ayblangan.

Hozir unga Ayzadin Umar imomlik qilmoqda. U odamlar orasida radikallashish elementlarini aniqlash va bunga munosib choralar ko'rish bo'yicha treningdan o'tgan.

"Yoshlarni radikal qarashdan qaytarish vaqt oladi. Buni sekin-asta amalga oshirish kerak. Haddan ziyod radikallashganlar ham bor. Ularni to'g'ri yo'lga boshlash juda qiyin. Ammo Allohning irodasi blan bunga ham erishamiz", - deydi imom Umar.

Abdul Muangi ana shunday yoshlardan biri. U musulmonlarni jihodga chaqiruvchi imomlarning masjidiga qatnab qarashlari buzilgan.

Ramadan Aula dasturiga qatnashib, Muangi yana o'z yo'lini topdi.

"Diniy nasihatlarni qanday qabul qilishni o'rgandik. Menga Qur'ondan nimadir aytsangiz, uni qabul qilaman, lekin unga amal qilishdan oldin Qur'onni ochib, avval, tekshirib olaman yoki hadis va boshqa kitoblarni olib, kontekstini o'rganaman", - deydi u.

Shu paytgacha Umar kabi 150 imom treningdan o'tdi. Ammo dastur asoschisi Mustafo Alining aytishicha, radikal guruhlar tazyiqidan qo'rqib bu yerga kelmayotganlar ko'p.

"Ko'plab keniyaliklar, ayniqsa, musulmonlar zo'ravon ekstremist guruhlardan shunchalik qo'rqib qolganki, hatto bu haqda gapirishni xohlashmaydi. Shimoliy Keniyaning Mandera kabi joylarida bunday qo'rquv juda kuchli", - deydi u.

Radikalizmga qarshi trening yangilik emas. Saudiya Arabistonida ham 2004-yildan beri shunday dastur mavjud. Ammo ularning qanchalik samarali ekani bahsli. Ekspertlar ishsizlik kabi muammoning asl sabablariga e'tibor berishi kerak, deydi.

"Radikalizmga qarshi dasturlar muammoning sababi emas, alomat-simptomlari ustida ishlayapti. Odamlarni, ayniqsa, yoshlarni nima yakkalanib qolishga va qo'liga qurol olib, terrorchi yoki isyonkor guruhlarga qo'shilishga undayapti? Asosiy savol shunda", - deydi xavfsizlik bo'yicha tahlilchi Endryu Frenklin.

Afrika bo'ylab terror guruhlari kuchayib borar ekan, bu savolga javob topish barcha uchun birdek muhim, deydi kuzatuvchilar.