AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Iroq kuchlari Ramadi shahrini "Islomiy davlat"dan tortib olishiga umid qilmoqda. Jangarilarning bildirishicha, shahar ularning qo'lida.
"Vaziyat tez kunlarda o'zgarishiga shubham yo'q", - dedi Kerri.
Uch kunlik janglarda har ikki tomondan 500 odam o'lgan. Shahar poytaxt Bag'doddan 125 kilometr narida joylashgan.
Iroq Bosh vaziri Haydar Abadiy aholini shaharni mudofaa qilishga chaqirmoqda. Biroq Ramadiga jangarilar oqib kelishda davom etmoqda.
O'tgan haftadan beri AQSh yetakchiligidagi koalitsiya shaharni havodan bombardimon qilmoqda.
Anbar viloyati hokimining ma'lum qilishicha, hukumat askarlari shahardan qochmoqda.
Qo'shni Suriyada esa hukumat kuchlari jangarilarni ko'hna Palmira shahridan siqib chiqarishga muvaffaq bo'lgan. Janglarda o'nlab odam nobud bo'lgan.