AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Fors ko’rfazi atrofidagi mamlakatlar vazirlari bilan uchrashish uchun Bahraynga yo’l olmoqda. Undan keyin esa Yaponiyada bo’lib, Katta Yettilikka a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari majlisida qatnashadi.
Kerri Yaqin Sharqda Daishga qarshi harbiy harakatlar xususida gaplashadi. So’nggi paytda jangarilar Iroq va Suriyada katta talofatlar ko’rmoqda.
"Biroq Bryussel, Parij, Anqara va boshqa joylardagi terror xurujlari Daishning hali ham jiddiy tahdid ekanini ko’rsatib turibdi", - deydi Amerika vaziri.
Xirosimadagi Katta Yettilik majlisida Shimoliy Koreya yadro dasturi va uning so’nggi raketa sinovlari muhokama etiladi.