Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, AQSh va Turkiya “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda hamkorlikni yanada kuchaytirishni muhokama qilmoqda. Bu orada, Turkiyada inson huquqlarining cheklanishi yuzasidan Anqara va Vashington munosabatlarida ziddiyatlar ko’zga tashlanmoqda.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho’g’li bilan uchrashgan Kerrining aytishicha, terrorchilarni tezroq yo’q qilish masalasida ikki davlat hamfikr.
“Barchamiz Daish va Nusra kabi terror tashkilotlarini yo’q qilishdan va mintaqada barqarorlikni qayta tiklashdan manfaatdormiz”, - dedi Kerri.
NATO a’zosi Turkiya “Islomiy davlat” jangari guruhiga qarshi kurash olib borayotgan AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiyaga qo’shilgan.
Ammo bu kurashda faol qatnashayotgan Suriya kurdlari taqdiri yuzasidan Vashington va Anqara kelisha olmayapti. AQSh qo’llab-quvvatlayotgan bu guruhni Turkiya hukumati kurd terrorchi tashkilotiga aloqador deb hisoblaydi.
Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog’anning aytishicha, o’tgan yilning iyul oyidan beri Kurdiston ishchilar partiyasiga aloqador 5000 dan ortiq kurd jangarisi o’ldirilgan.
Suriyadan kelayotgan qochoqlar masalasida ham kelishmovchilik mavjud. Anqara allaqachon 2,7 million suriyalik muhojirga boshpana bergan.
“Migrantlarni qabul qilish bo’yicha Turkiya qo’lidan kelgan barcha ishni qilyapti. Buning uchun 10 milliard dollardan ortiq mablag’ sarfladik”, - deydi Turkiya Tashqi ishlar vaziri Chovusho’g’li.
Yevropa Ittifoqi bilan erishilgan kelishuvga ko’ra, Turkiya bundan buyon ham qochoqlarni qabul qilishda davom etadi. Evaziga moliyaviy yordam oladi va ittifoqqa qo’shilish harakati tezlashtiriladi.
AQSh ham Yevropa va Yaqin Sharqdagi muhojirlar bilan ishlovchi yordam tashkilotlariga qo’shimcha 20 million dollar ajratishga qaror qildi.
Davlat departamenti ma’lumotiga ko’ra, mablag’ning bir qismi Turkiyada sarflanadi.
Bu orada, Turkiyada xavfsizlik bo’yicha vaziyat yomonlashayotgani haqidagi xavotirlar ortidan AQSh ayrim harbiylarning oilalaridan mamlakatni tark etishni so’ragan.
Pentagonga ko’ra, Injirlik havo bazasi, Izmir va Mugladagi harbiylarning oilalari Turkiyadan olib chiqiladi. Jami 670 kishi mamlakatni tark etishi aytilmoqda.
Turkiyada inson huquqlari bo’yicha ahvolning yomonlashayotgani ham Anqara va G’arb munosabatlariga salbiy ta’sir ko’rsatayotgan muammolardan biri.
Yaqinda Turkiyada ikki jurnalist ustidan o’tgan sudda AQSh va bir qator G’arb davlatlari diplomatlari ishtirok etdi. Bu esa Anqarani g’azablantirdi.
Jan Dundar va Erdem Gul Anqara Suriya jihodchilariga qurol yetkazib berayotgani haqida yozgan maqolalari uchun sudlanmoqda.
“Jumhuriyat” gazetasi va “Al-Monitor” sayti sharhlovchisi Semih Idizga ko’ra, hukumat aholi orasidagi G’arbga qarshi kayfiyatdan unumli foydalanmoqda.
“Erdog’an G’arbga qarshi chaqiriqlari bilan o’z tarafdorlari sonini oshirish niyatida. Konstitutsiyani o’zgartirib, o’zini ijrochi prezidentga aylantirish ahdida qat’iy”, - deydi u.
Inson huquqlari va demokratiya borasida G’arb tanqidlariga duch kelayotganiga qaramay, Anqara “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda koalitsiyaning yaqin ittifoqchisi bo’lib qoladi, deydi kuzatuvchilar.