Yevropa Ittifoqi va Turkiya qochqinlar bo’yicha kelishuvga erishganidan bir necha kun o’tib, Prezident Rajab Toyib Erdog’an ittifoqqa ishonch yo’q, demoqda. Bryussel turklar uchun vizasiz rejimni joriy etishga va’da bergan edi, endi uni bajarmaslik uchun bahona qidirmoqda, deydi Turkiya rahbari.
O’tgan hafta imzolangan kelishuvga ko’ra, Turkiyadan Gretsiyaga noqonuniy yo’llar bilan o’tgan muhojirlar Turkiyaga qaytariladi. Buning evaziga turklarga iyun oyidan boshlab Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga vizasiz sayohat qilish huquqi berilishi kerak.
Prezident Rajab Toyib Erdog’an bu va’da bajarilishiga ishonmayapti. Bryussel muayyan shartlar qo’ygan.
"O'tmishga nazar tashlaydigan bo’lsak, Yevropa Ittifoqi rahbarlari hech qachon va’dalari ustida turmagani ayon bo’ladi”, - deydi Erdog’an.
Gap shundaki, Turkiyaga bunday imtiyoz berish borasida ittifoq davlatlari orasida yakdillik yo’q. Masalan, Fransiya qariyb 80 million turklar Yevropaga vizasiz kirib-chiqishiga qarshi. Bundan tashqari, Turkiyada yashayotgan ikki milliondan oshiq suriyalik qochqinning bir qismi bir necha yilda fuqarolik olishi mumkin.
Yevropa bilan vizasiz tartibga o’tish uchun Anqara 72 ta talabga javob berishi kerak. Siyosatshunos Chingiz Aktarga ko’ra, ularni bajarishning iloji yo’q.
“28 davlat iyunga borib Turkiya bilan viza tartibini bekor qilishiga ishonmayman, chunki 72 talab bajarilgani yo’q, bu juda qiyin. Faqat sodda odamlar bu shartnomani jiddiy qabul qiladi. Bu hukumat uchun propaganda, xolos”, - deydi Aktar.
Anqara o’z fuqarolari uchun biometrik kartochkalar, undan so’ng biometrik pasportlarni amalga kiritish kabi talablarni bajarish ustida ter to’kmoqda. Bu Erdog’an uchun katta ahamiyatga ega, deydi Istanbuldagi “Global Source Partners” konsalting firmasidan Atilla Yesilada.
“Erdog’an uchun bu muhim masala, chunki uni saylagan odamlar ko’p hollarda viza ololmaydi. Agar bunga erishsa, Turkiyaning siyosiy yutug’i deb saylovchilarga jar solinadi va Erdog’an keyinchalik prezidentlik salohiyatini kuchaytira oladi”, - deya sharhlaydi mutaxassis.
2014-yilning avgustida ilk bor Turkiyada prezidentni parlament emas, xalq sayladi. Bu lavozimga kelganidan buyon Toyib Erdog’an prezidentlik tizimini kuchaytirish zarurligini ta’kidlab keladi. Muxolifat nazarida esa bu avtoritar boshqaruvga yo’l ochadi.
Agar Erdog’an parlamentda yetarli ovoz yig’a olsa, masala shu yil oxirida umumxalq referendumiga qo’yilishi mumkin.