Kerri Saudiya Arabistoni bilan tortishuvni bosti-bosti qilmoqchi

  • Amerika Ovozi

Davlat kotibi Jon Kerri, Saudiya Tashqi ishlar vaziri Saud al-Faysal . Jidda, 25-iyun, 2013-yil.

Davlat kotibi Jon Kerri AQSh va Saudiya Arabistoni o’rtasidagi tortishuvni bosti-bosti qilishga urinayapti.

Dushanba kuni Parijda qirollik Tashqi ishlar vaziri Saud al-Faysal bilan ko’rishgan AQSh bosh diplomati taraflar yakdil ekanini ta’kidlagan.

Saudiya Arabistoni AQShdan Suriya hukumatiga qarshi qurolli hujum boshlamagani uchun norozi.

Ayniqsa, avgust oyida Assad ma’muriyati oddiy aholiga nisbatan kimyoviy qurol qo’llagani haqidagi da’volar ketidan havo hamlalarini uyushtirish zarur edi, isyonchilarni jonliroq qo’llab-quvvatlash lozim edi, deydi qirollik mulozimlari.

Bundan tashqari, Riyod Eron yadro dasturi bo’yicha muzokaralar yo’nalishidan ham ko’ngli to’q emas.

Eronda prezident yangilanganidan beri AQSh bilan murosa haqidagi gaplar bot-bot yangrayapti.

Holbuki, Saudiya Arabistoni Tehronning yadroviy tadqiqotlarini tugatish uchun AQSh agressiv choralar ko’rishi kerak, deb hisoblaydi.