Breaking News

Saudiya Arabistoni Suriyada kimni va qanday quvvatlamoqda?


Saudiya Arabistoni Suriyadagi fuqaro urushida isyonchilarni har tomonlama quvvatlab keladi. Ammo qirollik muxolifatga aynan qanday yordam berib, uni qanday yo’llar bilan uzatayotgani ma’lum emas.

Yaqin Sharqdagi ko’p davlatlar agar Suriya kimyoviy qurollarini xalqaro hamjamiyatga topshirsa, katta bir mojaro bartaraf etiladi, deya diplomatik harakatlarni olqishlamoqda.

Saudiya Arabistoni esa AQShni harbiy chora ko’rishga undayotgan hukumatlar qatoriga kiradi. Strategik tadqiqotlar xalqaro institutidan Emil Hokayam fikricha, muloqot yo’li tanlanayotgani qirollikka ma’qul emas.

“Birinchidan, Saudiya Arabistoni prezident Bashar al-Assad qurollarini o’z ixtiyori bilan topshirishiga ishonmaydi. Ikkinchidan, bu bilan urush bartaraf etilishi mumkin. Ikki yarim yildan beri Assadni qoralab, uni ag’darishga chaqirib kelayotgan Saudiya Arabistoni bunday bo’lishini kutmagan edi”, - deydi siyosatshunos.

Ular Suriyadagi tuzumga qarshi AQSh mo’ljallagan harbiy operatsiyadan ham kengroq bir kampaniya boshlanishi tarafdori edi, deydi Hokayam.

Urush boshlanganidan beri al-Saud qirolligi Suriya hukumatiga qarshi kurashayotgan xilma-xil guruhlarga mablag’ va qurol bilan yordam berib keladi. AQSh esa bu borada ancha ehtiyotkor.

Bunga bir sabab mazhabchilik – Assad va uning atrofidagilar shia mazhabining alaviy oqimidan. Ular bilan jang qilayotganlarning aksariyati esa sunniylar. Mojaroga ayrim tahlilchilar aynan mazhablar orasidagi adovat va raqobat nuqtai nazaridan qaraydi.

Qohiradagi Amerika Universitetidan Kristian Donat deydiki, AQSh havo hujumi mazhablararo keskinlikka qanday ta’sir qiladi yoki Assad rejimini zaiflashtirishga xizmat qiladimi, buni hozirdan aytish qiyin.

Saudiya Arabistoni bilvosita nafaqat Suriya hukumati bilan olishmoqda, balki uning homiysi Eron bilan ham. Qolaversa, Livandagi Hizbulloh jangari guruhi ham Assadga yon bosib keladi. Gap faqat dinda emas, deydi Emil Hokayam.

“Bashar al-Assad rejimi va Hizbulloh sharqiy O’rta Yer dengizida Eron o’z ta’sirini mustahkamlab olishi uchun yo’l ochib berishgan. Demak, Suriyada g’alaba qilsangiz, butun mintaqani o’zingizga bo’ysundirib olasiz degan qarash mavjud”, - deydi siyosatshunos.

Lekin al-Sharq tadqiqot markazi direktori Mustafo Labbad nazarida hech bir davlat regionda yakka hokim bo’la olmaydi.

“Saudiya Arabistoni neftga boy, lekin harbiy va diplomatik jihatdan zaif. Yetakchi bo’lishga harakat bor, raqobat bor, ammo Yaqin Sharqda biror davlat bunga erisha oladi deb o’ylamayman”, - deydi suhbatdosh.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG