AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining xorijga ilk safari Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlarini qamrab oldi. Xorijiy o’lka rahbarlari bilan o’tgan uchrashuvlarda Kerri AQSh tashqi siyosatidagi muhim tamoyillarga yana bir bor urg’u berdi. Yevropa va Yaqin Sharq yetakchilari AQShning mintaqadagi roliga bugun qanday baho bermoqda?
Your browser doesn’t support HTML5
AQSh davlat kotibi, kutilganidek, xorijdagi ilk safarini Angliyadan boshladi. Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron bilan uchrasharkan, Kerri AQShning Yevropa bilan azaliy dos’tligini yodga oldi.
Londondagi “Chatam Xaus” tadqiqot markazi tahlilchisi Kseniya Dormandining aytishicha, o’zaro muloqotda Amerikaning regionga yangicha yondashuvi tilga olingan.
“Amerikaning yondashuvi o’zgaryapti. Buni ta’sir kuchining kamayishi deb bo’lmaydi. Aksincha, qudratini har xil uslubda qo’llashga urinyapti”, - deydi tadqiqotchi.
Jon Kerri Rimda o’tgan xalqaro yig’inda Suriyaga nisbatan ham shunday yo’l tutdi. G’alayon boshlangandan beri AQSh ilk bor Suriya isyonchilariga to’g’ridan to’g’ri yordam berishini e’lon qildi. Faqat noharbiy yo’nalishda.
“Ishonchim komilki, yordamimiz tufayli Suriya muxolifati o’z oldiga qo’ygan maqsadiga, albatta, erishadi”, - dedi Kerri.
Ammo muxolifat vakillariga ko’ra, bu yordam Suriyadagi ahvolni yaxshilash uchun yetarli emas. Bir milliondan ortiq suriyalik hozir qo’shni o’lkalarda qochqinlar lagerida yashamoqda.
Jon Kerrining Yaqin Sharqqa tashrifi mintaqaning AQSh siyosatidan noroziligi kuchaygan bir davrga to’g’ri keldi. Vashingtonning uzoq yillik ittifoqdoshi Misrda vaziyat hanuz qaltis.
AQSh o’zini inson huquqlari himoyachisi va demokratiya rahnamosi sifatida ko’rsatadi. Shuningdek, rivojlanayotgan davlatlarga insonparvarlik yordami va iqtisodiy ko’mak ko’rsatishda yetakchi. Ammo bu o’lkalarda AQSh yordamiga ishonchsizlik bilan qarovchilar ko’p. Qohiradagi Amerika universiteti professori Said Sodiq ham shulardan biri.
“Amerika manfaatlari xavf ostida emas ekan, Vashingtonning bu yerda nima bo’layotgani bilan ishi yo’q. Shuning uchun ham uning tashqi siyosatini so’roq ostiga olishadi. Ularni arzon neftni qo’lga kiritish qiziqtiradi, xolos”, - deydi misrlik professor.
AQSh rasmiylari Sodiq fikrlariga qo’shilmaydi. Ammo Amerika Yaqin Sharqda, xususan, butun dunyoda o’z manfaatlarini himoya qilishini inkor etmaydi.
Shunday ekan, Kseniya Dormandi Davlat kotibining o’zgargani bilan tashqi siyosatda jiddiy yangilik bo’lishiga ishonmaydi.
“Yondashuvda o’zgarish bo’lishi kutilyapti. Asosiy mohiyat esa Oq Uyning belgilab bergani bo’ladi. Shuning uchun tashqi siyosat mazmunida biror o’zgarish bo’lishiga ishonmayman”, - deydi tahlilchi.
Davlat kotibi Jon Kerrini oldinda murakkab to’rt yillik vazifa kutmoqda. Ko’plab davlatlarning ertangi siyosati qanday bo’lishi mavhum. AQShga dushman kayfiyatdagi aholiga ega mamlakatlar bilan ham ishlash kerak. Har doimgidek, AQSh xorijda o’z manfaatlarini himoya qilishga va xalqaro munosabatlarda iliqlik yaratishga urinadi.