Kerri Turkiyani Isroil bilan aloqani tiklashga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh davlat kotibi Jon Kerri (chapda) Turkiya tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto'g'li bilan matbuot anjumanida qatnashmoqda, Istanbul, Turkiya, 7-aprel, 2013-yil

Istanbulga tashrif buyurgan AQSh davlat kotibi Jon Kerri Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an va tashqi ishlar vaziri Ahmad Dovuto’g’li bilan gaplashdi. Kerri Turkiyani Isroil bilan diplomatik aloqalarni zudlik bilan tiklashga chaqirdi.

Ikki davlat munosabatlari uch yil oldin sovuqlashgan. O’shanda G’azoga gumanitar maqsadda yo’l olgan kema Isroil hujumiga uchrab, kemadagi sakkiz turk va bir turk-amerikalik o’lgan edi.

Isroil Turkiyaning voqea uchun uzr so’rash talabini uch yil rad etib keldi, biroq bir necha hafta burun AQSh prezidenti Barak Obamaning Isroilga tashrifi chog’ida bosh vazir Benyamin Netanyaxu Turkiya rahbariga qo’ng’iroq qilib, uch yillik voqea uchun uzr so’rab, qurbonlar oilalariga moddiy kompensatsiya to’lanishini aytdi.

Kerriga ko’ra, Yaqin Sharqdagi ko’plab masalalarni hal qilish uchun Turkiya va Isroil hamkorligi zarur. Xususan, Suriya masalasida. BMT hisobiga ko’ra, Turkiyada ayni damda 250 mingdan ziyod suriyalik qochqin jon saqlamoqda.

Kerri 10 kunlik xorijiy safari davomida Quddusda Benyamin Netanyaxu bilan, Ramallohda esa Falastin prezidenti Mahmud Abbos bilan uchrashadi.

So’ng Kerri Britaniyaga borib, sanoatlashgan sakkiz davlat majlisida qatnashadi. AQSh davlat kotibi, shuningdek, Janubiy Koreya, Xitoy va Yaponiyada ham bo’lib, Shimoliy Koreya yadro dasturi va so’nggi kunlardagi tahdidlar xususida gaplashadi.