AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Markaziy Osiyo bo’ylab safarini boshlar ekan, mahalliy ziyolilarning mintaqadagi AQSh siyosati va ikki tomonlama munosabatlar haqida fikri qanday? Mintaqa ahli Kerri va mahalliy rahbariyat muzokaralaridan nima kutadi?
Your browser doesn’t support HTML5
Keyingi yillarda mintaqa mamlakatlari, jumladan, Qirg’iziston jamiyatida Vashington siyosatiga nisbatan ishonchsizlik hamda shubha kuchaygan. Ayni paytda o’zaro hamkorlikni kengaytirish zarurligini ham ko’pchilik inkor etmaydi.
Buning uchun butunlay yangi, o’zaro hurmat hamda tomonlar manfaatlariga asoslangan siyosat darkor va bu o’rinda tashabbus AQSh tomonidan chiqishi kerak, deydi suhbatdoshlar.
O’shlik Ibrohim Fozilov quruvchi.
“AQSh bilan hamkorlikning foydali tomonlari ko’p. Masalan, oliy ta’lim, zamonaviy texnologiyalar sohasida. Janob Kerri safariga kelsak, iqtisodiy tanazzuldan jabr tortayotgan qatlamlarga biron foydasi tegsa yaxshi bo’lardi”, - deydi u.
Muallim Adhamjon Abduxoliqov ham AQSh bilan aloqalar foydali bo'lishidan umidvor.
“Biz Rossiya bilan yaqin aloqalarga ko’nikkanmiz. Amerika olis, ammo bordi-keldi kerak, ulardan ko’p narsa o’rganish mumkin”, - deydi u.
Talaba Ularhanning aytishicha, Amerikaning yaxshi tomonlarini olib, taraqqiyotga qanday erishayotganini o’rganish darkor.
Nafaqaxo'r Rashid aka AQSh siyosatidan xavotirda.
“Bu davlat qayerga kirsa - o’sha yerda to’polon bo’ladi. Ulardan uzoqroq bo’lish lozim”, - deydi u.
Tadbirkor Tursunbek Ibragimov mintaqada faoliyat ko’rsatayotgan AQSh tashkilotlariga shubha bilan qaraydi. Uning fikricha, nodavlat uyushmalarni moliyalash orqali Amerika o’z ta’sirini o’tkazish maqsadida.
Muhandis Bahodirjon AQSh mintaqada butunlay yangi - foydali, konkret ishlar hamda o’zaro hurmat va tomonlar manfaatlariga asoslangan - siyosat olib borishi darkor, degan fikrni qo’llab-quvvatlaydi. Uning aytishicha, agar Qo’shma Shtatlar mintaqa o’lkalarini integratsiya tomon undasa, bu masalada ijobiy natijaga erisha olsa hamda mamlakatlar o’rtasidagi to’siqlar olib tashlansa, bu barcha uchun ayni muddao bo’lar edi.