2016-yilda dunyo bo'ylab 48 jurnalist nobud bo'ldi

  • Amerika Ovozi

Iyul oyida Ukrainada nobud bo'lgan jurnalist Pavel Sheremet surati

Joriy yilda ishini bajarayotib halok bo'lgan jurnalistlar soni 48 nafarga yetdi. Bu o'tgan yilgi raqamdan 24 nafarga kamroq, ammo urush jabhalaridan turib xabar berish har doimgidek xavfli. Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasining 19-dekabr kuni chiqargan hisobotida bildirilgan asosiy xulosa shu.

Qo'mita 2016-yilning 1-yanvaridan 15-dekabrigacha nobud bo'lgan yana 27 jurnalist o'limining kasbiy faoliyatiga aloqasini aniqlashga urinmoqda. Qolgan hollar esa muayyan metodologiyaga ko'ra obdon tekshirilib tasdiqlangan.

Nobud bo'lganlarning yarmidan ziyodi aynan mojaro maydonida o'lgan. Besh yildan buyon Suriya muxbirlar uchun eng xatarli hudud bo'lib qolmoqda. U yerda joriy yilda kamida 14 jurnalist halok bo'ldi. Bu 2015-yilgi raqam bilan baravar. Hammasi bo'lib Suriyadagi urush kamida 107 jurnalist yostig'ini quritdi. Bundan tashqari Iroq, Yaman, Afg'oniston va Somali ham matbuot xodimlari uchun eng xavfli mamlakatlardir.

Sobiq sovet respublikalarini oladigan bo'lsak, 2016-yil iyul oyida Ukraina poytaxti Kiyevda jurnalist Pavel Sheremet avtomobili portlashi natijasida nobud bo'ldi. Ukraina rasmiylari voqeaga Sheremet kasbiy faoliyati sabab bo'lgan, deya taxmin qildi. Taftish davom etmoqda. Javobgarlar aniqlanganicha yo'q.

"Kamroq jurnalist halok bo'lgani quvonarli hol, albatta. Bu raqamning kamayishi aybdorlarni jazoga tortish naqadar muhimligidan dalolat beradi. Ammo urushni yoritayotgan jurnalistlar soni hanuz juda ko'p, bu esa hozirgi mojarolar nihoyatda shafqatsiz ekanini anglatadi", - dedi tashkilot rahbari Joel Saymon.

Odatda o'ldirilgan jurnalistlarning uchdan ikki qismi kasbiy faoliyati deb nobud bo'ladi. 2016-yilda esa bundaylar soni uchdan bir qismni tashkil etdi.

Qo'mitaga ko'ra, joriy yilda 18 jurnalist o'ldirilgan. Bu 2002-yildan buyon eng past raqam. Buning aniq sababi ma'lum emas, ammo hisobot mualliflari taxminicha, bir nechta omil bunga sabab bo'lgan. Jumladan, muharrirlarning muxbirlarni xavfli hududlarga yubormayotgani, jurnalistlarning nozik masalalarni yoritishdan o'zini tiyishi va ayni vaqtda hukumatlarning jurnalistlarni o'ldirishni buyurish o'rniga boshqa yo'l bilan jazolashni tanlayotgani.

Nobud bo'lganlarning 75 foizi aynan urushni yoritgan. Ularni yo'q qilayotganlar qatorida siyosiy guruhlar va xususan "Islomiy davlat" to'dasi ham bor.

Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi bu izlanishni 1992-yildan beri olib boradi. Metodologiyaga ko'ra, o'limi haqiqatan ham kasbiy faoliyatini amalga oshirayotganida ro'y bergan hollargina hisobotda aks etadi. Kasallik, tabiiy falokat va avtomobil yoki samolyot halokatlarida nobud bo'lganlar undan o'rin olmaydi.

"Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti ham 19-dekabr kuni ayni shu mavzuda hisobot chiqardi. Undagi raqamlar Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasinikidan farq qiladi. Bu tashkilotga ko'ra, tugayotgan yilda 74 nafar professional va no-professional jurnalist halok bo'lgan. Bu raqam ham o'tgan yilgidan pastroq. 2015-yilda mazkur ko'rsatkich 101 odamga teng edi. Bu haqida batafsil ma'lumotni mana bu yerda topasiz.

Yaqinda Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi joriy yilda qamoqda bo'lgan jurnalistlarga oid hisobot chiqargan edi. Bu haqdagi suhbatimizni mana bu yerda tomosha qiling.