Kiyevda hibsga olingan o'zbekistonlik jurnalist tibbiy yordamga muhtoj

Narzullo Oxunjonov

Kiyevda hibsga olingan jurnalist Narzullo Oxunjonovning salomatligi jiddiy yomonlashgan. Uning advokati Aleksey Fyodorov jurnalistga zudlik bilan malakali tibbiy yordam zarurligi yuzasidan ariza kiritgan. Ko‘z kasalligidan aziyat chekib kelgan Oxunjonovning salomatligi so‘nggi voqealar ortidan keskin zo‘riqqani, ko‘zi ko‘rishdan deyarli to‘xtagani aytilmoqda. Advokat 9-oktabrga belgilangan apellyatsiya sudida jurnalistning ozod etilishiga umid bildirmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Nazrullo Oxunjonovning sog'ligi yomonlashgan

Azaldan katarakta xastaligi bilan og‘rigan jurnalistda hibs bilan bog‘liq so‘nggi voqealar zo‘riqish hosil qilgani, uning ko‘zi ko‘rishdan deyarlito‘xtagani aytilmoqda.

“Oxunjonov yordamga muhtoj, ayniqsa, tibbiy yordamga. Men yaqinda u bilan gaplashdim, uchrashdim, hibs va so‘nggi hodisalar bilan bog‘liq zo‘riqishlardan so‘ng salomatligi yanada yomonlashgan, hozirga kelib uning o‘ng ko‘zi ko‘rishdan to‘xtagan. Men zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatish va shifoxonaga yotqizilishini talab qilib ariza kiritdim”, -deydi advokat Aleksey Fyodorov.

O‘zbekiston talabiga ko‘ra Interpol qidiruviga berilgan jurnalist Narzullo Oxunjonov 20-sentabr kuni Kiyevdagi aeroportda, Turkiyadan uchib kelganida ushlangan edi. 25-sentabr kuni o‘tgan mahkama jurnalistni 40 kun davomida hibsda ushlash haqida qaror chiqardi.

Jurnalistning advokati sud qayta ko‘rilishini so‘rab shikoyat arizasi kiritgan, Oxunjonov ishi yuzasidan apellyatsiya sudi 9-oktabrga belgilangan.

Aleksey Fyodorovga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni jurnalist Narzullo Oxunjonovni siyosiy motivlarga ko‘ra ta’qibga olayotgani dalillar bilan isbotlangan, apellyatsiya mahkamasi buni inobatga olishi kerak.

“O‘zbekiston jurnalistga nisbatan 2009-yilda sodir bo‘lgan tovlamachilik bo‘yicha jinoiy ish ochilganini da’vo qilmoqda. Bu jinoiy ish oradan to‘rt yil o‘tib 2013-yilda ochilgan, 2014-yilga kelib esa kimningdir arizasiga ko‘ra qidiruvga berilgan. Bu juda kulgili, ish siyosiy sabablarga ko‘ra tashkil qilingani ko‘rinib turibdi. Oxunjonov o‘z siyosiy pozitsiyasi, jurnalistlik faoliyati uchun ta’qibga olinmoqda”, - deydi u.

29-sentabr kuni qarorgohi Parijda joylashgan Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti ham Narzullo Oxunjonov ishi bo‘yicha bayonot tarqatdi.

Ukraina hukumatidan jurnalistni O‘zbekistonga topshirmaslik, uni ozod etish so‘ralgan bu bayonotda Narzullo Oxunjonov vatanida tanqidiy chiqishlari uchun tazyiqqa uchragani, jurnalist va uning oilasi zudlik bilan boshpanaga muhtojligi aytiladi.

Narzullo Oxinjonov Turkiyadan Kiyevga besh farzandi bilan birga uchib kelgan edi. Uning o‘zi aeroportda hibs qilinishi ortidan turmush o‘rtog‘i Shamsiya Xudoynazarova besh farzandi bilan yordamga muhtoj qoldi.

Uning oilasiga Ukrainadagi qrim tatarlar jamoasi, huquq tashkilotlari tomonidan yordam ko‘rsatildi, ayni paytda Oxunjonovlar oilasi Ukraina migratsiya xizmatiga boshpana haqidagi arizasini topshirgan.

Narzullo Oxunjonovning ishi bo‘yicha apellyatsiya sudi 9-oktabr kuni Kiyevda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.