Koronavirus tarqalishini sekinlashtirishga erishgan Janubiy Koreyada parlament saylovlari bo’lib o’tdi. Dunyoda pandemiya paytida o’tkazilgan birinchi yirik saylov.
Seuldagi har bir saylov uchastkasida fuqaroning harorati o’lchandi. Ichkarida qo’llarni antiseptik bilan tozalab, qo’lqop kiyishdi. Saylovchilar poldagi chiziqlarga rioya qilib, bir-biridan masofa saqladi.
Bular - Janubiy Koreyada parlament saylovlarini o’tkazish uchun joriy etilgan ayrim qoidalar.
Ba’zi mamlakatlarda saylovlar kechiktirilmoqda. Ammo Janubiy Koreya bu yo’ldan bormadi. Ishtirok yuqori bo’lgani xabar qilinmoqda.
“Seulda o’zimni xavfsiz his qilaman”, - deydi saylovchi Chon Che Yon.
“Virusni yuqtirishdan xavotirda edim, lekin uchastkalar yaxshi dezinfeksiya qilingan. Qo’lqop tarqatishdi, odamlar masofa saqlashi ta’minlandi”, - deydi yana bir saylovchi Chon Gin Yan.
Janubiy Koreya hozirgacha virusni jilovlay olgani saylovni o’tkazishga imkon berdi. Mamlakatda yangi bemorlar soni kuniga taxminan 30 nafarni tashkil etmoqda.
Natijada Prezident Mun Jey Inning xalq orasidagi reytingi oshdi.
Albatta, hamma narsa a’lo emas. Chet eldagi janubiy koreyaliklar karantin tufayli ovoz bera olmagan.
“Saylov kampaniyasi ideal o’tmadi, lekin sharoit hamma uchun bir”, - deydi nomzodlardan biri Shin Bem Chul.
Kampaniyalar bu gal boshqacha o’tdi. Tarafdorlar bilan katta yig’inlar o’tkazish o’rniga mana bu nomzod o’z mahallasida obodonchilik ishlarida qatnashdi.
“Partiyamiz odamlar bilan yaqin aloqa qilishni man etgan. Mana, ko’chalarni tozalash, jamoat joylarini dezinfeksiyalash bilan shug’ullanyapman”, - deydi Li Hay Sik.
Kechga borib, saylovda so’nggi 20 yilda eng ko’p fuqaro qatnashgani e’lon qilindi. Janubiy Koreya ham demokratiyani, ham jamiyat salomatligini saqlashda boshqalarga namuna ekanini ko’rsatmoqda.