Shimoliy Koreya ishchilari Kesonni tark etadi

  • Amerika Ovozi

Shimoliy Koreya va Janubiy Koreya tomonidan hamkorlikda yuritilayotgan Keson sanoat majmuasi

Shimoliy Koreya Janubiy Koreya bilan hamkorlikda yuritilayotgan Keson sanoat majmuasidan 50 mingdan ziyod ishchisini chaqirib olishini ma’lum qildi. Ikki davlat uni qayta ochish yoki butunlay yopishga kelishmaguncha, kompleksdagi barcha ishlar to’xtatiladi, deydi Shimoliy Koreya rasmiylaridan biri.

Ayrim mutaxassislarga ko’ra, shimol to’rtinchi yadro sinoviga tayyorlanayotgan bo’lishi mumkin. Biroq bunga doir dalillar hozircha yo’q.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Pxenyanni o’zini provokatsiyadan tiyishga chaqirmoqda.

"Yana bir yadro sinovi Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalariga ziddir", - dedi u.

Shimoliy Koreya xorijiy elchixonalarga diplomatlarini mamlakatdan chorshanba kungacha chiqarishni tavsiya qilgan. Janub nazarida shu chorshanba Pxenyan raketa sinovini o’tkazishi yoki birorta provokatsiyaga qo’l urishi mumkin.

Seulga ko’ra, Shimoliy Koreya bunday harakatlari bilan AQSh yoki Janubiy Koreyadan biror narsa undirib olmoqchi.

"Pxenyan quruq do’q-po’pisa qilyaptimi, yo’qmi, Janubiy Koreya armiyasi shay holatda", - deydi bu davlat prezidentining xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Kim Yan Su.

AQShning Janubiy Koreyadagi qo’shinlari qo’mondoni general Jeyms Turman Vashingtonga safarini qoldirib, hozirgi qaltis bir vaziyatda yarimorolda qolishi kerakligini aytdi. Turman Kongressdagi tinglovlarda mintaqadagi ahvol yuzasidan hisobot berishi kerak edi.

Yakshanba kuni AQSh va Janubiy Koreya harbiy rahbarlari ham Vashingtonda rejalangan uchrashuvini qoldirishga qaror qildi. AQSh va Janubiy Koreya qurolli kuchlari bosh shtabi boshliqlari general Martin Dempsi va general Chun Sun Cho nazarida uchrashuv Pxenyanga provokatsiya uchun bahona bo’lib xizmat qilishi mumkin.

Aynan shu sabab bilan Qo’shma Shtatlar qit’alararo ballistik raketa sinovini ham qoldirgan. Mudofaa vaziri Chak Xeygelning aytishicha, Shimoliy Koreya sinovni yanglish tushunib, vaziyat keskinlashishi mumkin.