Breaking News

Pentagon Pxenyan tahdidlariga qarshi chora ko'rmoqda


AQShning B2 bombardimonchi samolyoti, uzoq masofaga uchadi, radarda ko'rinmaydi
AQShning B2 bombardimonchi samolyoti, uzoq masofaga uchadi, radarda ko'rinmaydi
Janubiy Koreya mudofaa vaziri Kim Kvan Jinning aytishicha, Shimoliy Koreya uzoq masofali raketasini poyezdda sharqiy sohil tomon ko’chirgan. Ammo vazir hujum ehtimolini hisobdan chiqarmoqda. Pxenyan so’nggi kunlarda AQShga qarshi hujum rejasi borligi haqida aytib kelgan edi. Seul nazarida raketa sinov yoki mashq uchun ko’chirilgan bo’lishi mumkin.

Shimoliy Koreya AQShga qarshi do’q-po’pisalar qilar ekan, Pentagon Tinch okeanidagi Guam orolida raketaga qarshi mudofaa tizimini o’rnatmoqchi. AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygelning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Pxenyan tahdidlarini jiddiy qabul qilmoqda.

Shimoliy Koreya AQShning g’arbiy sohillari, Janubiy Koreya va, jumladan, Guamni eng so’nggi qurol bilan urishini aytgan.

"Bunday tahdidlarni jiddiy olmasdan ilojimiz yo’q. Ularga qarshi zarur choralar ko’ryapmiz", - dedi Xeygel.

Qo’shma Shtatlar Janubiy Koreya bilan harbiy mashqlar o’tkazar ekan, so’nggi kunlarda harbiy qudratini ko’z-ko’z qilmoqda. Xususan, uzoq masofaga uchuvchi va dushman yadro inshootlarini ishdan chiqarishga qodir B-2 bombardimonchi samolyotlari Koreya yarimoroli uzra uchdi. AQSh harbiy floti hududga esminetslarni safarbar etgan.

Amerika rasmiylari nazarida, eng muhimi yanglish hisob qilmaslik, aks holda mojaro yadroviy tus olishi mumkin.

Vazir Xeygelning aytishicha, buning uchun bitta xatoning o’zi kifoya.

"Bunday xatoga yo’l qo’yishni istamasdim", - dedi u.

Shimoliy Koreya uchinchi yadro sinovidan so’ng BMT tomonidan unga qo’yilgan sanksiyalardan g’azabda ekan, urush ehtimoli haqida har kuni bong urmoqda.

G’arb tahlilchilari nazarida, Shimoliy Koreya ayni damda yadro qurolini raketaga o’rnatadigan texnologiyaga ega emas. Demak, AQShga qarshi do’q-po’pisalar ham quruq safsata. Ammo mintaqa davlatlari Pxenyan oddiy qurollar bilan ham ularga hujum qilishidan xavotirda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG