Pxenyan AQShga zarba bermoqchi, BMT sanksiyasi kuchga kirdi

  • Amerika Ovozi

Shimoliy Koreya yaqinda raketani va yadro bombasini muvaffaqiyatli sinovdan o'tkazgan edi.

Shimoliy Koreya Qo’shma Shtatlarga zarba berishini aytib ogohlantirmoqda.

AQShning BMTdagi elchisi Syuzan Rays "tahdid biror natija bermaydi, faqat mamlakatni yanada yakkalaydi" deya javob qiladi.

Har qanday agressorga qarshi ehtiyot chora ko’rishga haqlimiz, deyiladi Shimoliy Koreya tashqi ishlar vazirligining bugungi bayonotida.

Qo’shma Shtatlar yadroviy urush boshlash arafasida ekan, shunday yo’l tutishga majburmiz, deyiladi unda.

BMT Xavfsizlik Kengashi Pxenyanning yaqinda o’tkazgan yadroviy sinoviga javoban bugun qo’shimcha, keskinroq sanksiyalar joriy etgan.

Rezolyutsiya loyihasini Qo’shma Shtatlar ishlab chiqqan. Janubiy Koreya hujjat tarkibidan mamnun ekanini bildirmoqda.

Sanksiya Pxenyan yadro va raketa tadqiqotlariga aloqador har qanday moliyaviy o’tkazmalarni taqiqlaydi; Shimoliy Koreyaga qatnovchi kemalar puxtaroq tekshirilib, rasmiylarga qo’yilgan viza cheklovlari kuchaytiriladi.

Yo'qsil kommunistik mamlakat dekabr va yanvarda raketa va yadro bombasini muvaffaqiyatli sinovdan o'tkazgan edi.

Pxenyan sanksiyalarni va Vashington hamda Seul mintaqada o'tkazayotgan qo'shma harbiy mashqlarni real tahdid-agressiya deya talqin qiladi.

Shimoliy Koreya 1950-yillarda qo'shni Janubiy Koreya bilan urushga yakun yasagan bitimdan ham chiqish niyatida.

Mazkur rasmda shimolning raketalari salohiyati, qancha masofani bosib o'tishi tasvirlangan. Yashil rangdagi raketalar amalda qo'llanib keladi, qizil rangdagisi sinovda, qolgani esa endi ishlab chiqilmoqda.