Qunduzda gumanitar tashkilotlar qolmadi

  • Amerika Ovozi

Qunduz kasalxonasi AQSh havo hujumidan keyin

BMTning gumanitar yordam bo'yicha agentligi ma'lum qilishicha, Afg'onistonning Qunduz shahridagi kasalxona AQSh havo hujumiga uchraganidan so'ng insonparvarlik yordami bilan shug'ullanuvchi barcha tashkilotlar shaharni tark etdi. Hujum oqibatida "Chegara bilmas shifokorlar" tashkilotiga qarashli kasalxonada 22 odam nobud bo'ldi.

Qunduzda hukumat kuchlari va Tolibon hamon jang qilayotgani aytiladi. Minglab odam shahardan qochgan, 8500 oila uyini tark etib, sarson bo'lib yuribdi.

BMT boshqarmasining bildirishicha, aksariyat mahallalarda suv va elektr quvvati yo'q, bozorlar yopiq, gumanitar tashkilotlar qolmadi.

Tashkilot vakili Yens Layerkening aytishicha, AQSh havo hujumidan so'ng shaharda travmatologiya bo'limlari qolmadi.

"Chegara bilmas shifokorlar" kasalxonasi Afg'oniston shimoli-sharqidagi eng yirik tibbiy muassasa bo'lib, yolg'iz Qunduzning o'zida 300 ming odamga xizmat ko'rsatar edi. Endi bu 300 ming odam kasalxonasiz qoldi", - deydi u.

Layerke aeroport yopilganini, yo'llar to'silganini, atrofda bombalar o'rnatilganini, jangarilar pistirmasiga duch kelish ehtimoli mavjudligini aytib, vaziyat o'ta xavfli, deydi. U zarar ko'lami va odamlar ehtiyojini o'rganish imkoni yo'qligiga ham ishora qiladi.

BMT rasmiysiga ko'ra, aholi oziq-ovqat, ichimlik suvi, tezkor tibbiy yordam, turar-joy, ruhiy maslahat, ajralib qolgan oila a'zolarini topib, qovushtirish kabi xizmatlarga muhtoj.

"Xalqaro gumanitar tashkilotlarda zaxira bor, ammo Qunduzga kirishning iloji yo'q", - deydi Yens Layerke.

AQSh shanba kungi havo hujumi uchun keskin tanqid ostida, ko'plar uni jinoyatga tenglashtirmoqda.

Qo'shma Shtatlar voqeani tergov qilayotganini bildirdi, biroq "Chegara bilmas shifokorlar" guruhi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti mustaqil xalqaro tergov o'tkazilishini talab qilmoqda.

AQShning Afg'onistondagi harbiy kuchlari qo'mondoni general Jon Kempbellning aytishicha, Amerika maxsus kuchlari afg'on armiyasi va politsiyasini tayyorgarlikdan o'tkazmoqda, ularga maslahat berib, harbiy amaliyotlarda yordamlashmoqda.

"Havo hujumiga buyruqni AQSh qo'mondonligi bergan. Kasalxona xato nishonga olindi. Tibbiy muassasani ataylab urmasdik. Tergov tugashini kutishimiz kerak. Ishontirib aytamanki, taftish sinchkov, xolis va shaffof bo'ladi", - deydi general.

Unga ko'ra, shahar uchun janglar davom etmoqda. AQSh qo'shinlari janglarda bevosita ishtirok etayotgani yo'q, afg'on qismlariga yordam berilyapti, xolos, deydi u.

Qo'shni Pokiston afg'on rasmiylarining Pokiston xavfsizlik agentlari toliblarga yordam bergani haqidagi ayblovlarini inkor etmoqda. Xususan, Afg'oniston qurolli kuchlari bosh shtabi rahbarining o'rinbosari general Murod Ali Murodning aytishicha, Pokiston xavfsizlik kuchlari va razvedkasi Tolibonga hujumni rejalash va amalga oshirishda yordam bergan.

"Afg'on tomonining da'volari asossiz. Bu mas'uliyatsizlikdir", - deyiladi Pokiston armiyasi bayonotida.

Tolibon Qunduzni bir hafta oldin ishg'ol etib, uch kun oldin uni yana boy berdi. Xabarlarga ko'ra, shaharda harbiylar bo'lmagan, jangarilar politsiyani osonlikcha yengishga muvaffaq bo'lgan.

Pokiston Tolibonning Qunduzga hujumini qoralashini, afg'on hukumatining muzokara orqali tinchlikni o'rnatishga qaratilgan tashabbuslarini qo'llab-quvvatlashini bildiradi.

Biroq afg'on mulozimlarining ta'kidlashicha, Tolibon qo'mondonlari va jangarilari hujum rejasini Pokistonda ishlab chiqqan.