Iroq shimolida "Islomiy davlat" jangarilarining olg'a siljishiga yo'l qo'ymayotgan asosiy guruh bu peshmerga kuchlari. "Amerika Ovozi" muxbiri Kurdiston va "Islomiy davlat" o'rtasidagi 1500 kilometrli chegaraga borib, janglarda qatnashayotgan askarlar bilan gaplashdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Bir barmog'i qurol tepkisida bo'lgan kurd askari yaqinda "Islomiy davlat" nazoratiga o'tgan qishloqdan ko'tarilgan chang-to'zonni kuzatmoqda.
Kurdistonning Xozir nomli nazorat postidamiz. Bu yerdan "Islomiy davlat" o'rnashib olgan Mosulgacha 45 daqiqalik yo'l.
Peshmerga kuchlari jangarilar haqida muntazam axborot yig'moqda.
Ato Zibari ismli qo'mondonning aytishicha, jangarilar mudofaani yorib o'tish uchun xudkush bombachilardan foydalanmoqda.
"Buldozer kabi zirhli mashinalar yoki qurollarimiz to'xtata olmaydigan boshqa transport vositalari bilan kelishyapti. Bizga tank va buldozerlarga qarshi o't ochadigan artilleriya kerak", - deydi u.
Askarlar "Islomiy davlat"ning kuchli dushman ekanini tan oladi. Bunga ular har kuni guvoh bo'lmoqda.
Ammo peshmerga kuchlari shunga mos taktika va qurollardan foydalanmoqda.
"Biz Xamvi zirhli mashinalarini mo'ljalga to'g'ri olayotganimizdan eng ko'p xursandmiz. Bu texnika faqat radiatoriga ura olsangizgina portlaydi. Ularni boshiga otib o'ldirayotganimizdan ham faxrlanamiz", - deydi Kamol Umar ismli mergan.
Og'ir qurollar yetishmasligiga qaramay, peshmerga kuchlari Mosulni olishga ham tayyor. Ayni paytda shu masalani Bag'dod va AQSh boshchiligidagi koalitsiya bilan muhokama qilyapmiz, deydi polkovnik Sarbast Jihod.
"Rejalarimiz bor. Rahbarlarimizdan buyruq olishimiz bilan o'zimiz ko'zlagan qishloqlarga hujum qilamiz. Bu harbiy amaliyot bo'lgani uchun sizga rejamizni yoki uni qanday amalga oshirishni ko'rsata olmaymiz", - deydi Jihod.
Bu askarlar qanchalik shijoatli bo'lmasin, AQSh urushning uzoq va og'ir bo'lishidan ogohlantiradi.