B. Beshimov: Siyosiy elita yangilanmas ekan, o'zgarishlarga umid yo'q

Baktibek Beshimov

Sobiq deputat nazarida saylovlarda yana eski siyosatchilar ishtirok etmoqda va ular mamlakatni parokanda qilishga katta hissa qo'shgan.



Qirg'izistonda 10-oktabrga belgilangan saylovlarga tayyorgarlik avjida ekan, prezident Roza Otunbayeva saylovlar qoldirilishi mumkin, deya ishora qilmoqda. Uning aytishicha, saylov kuni zo'ravonlik va etnik adovat alomatlari ko'rinsa, favqulodda vaziyat joriy etilib, jarayon to'xtatilishi mumkin. Otunbayevaning sobiq safdoshi, ayni damda AQShda yashayotgan sobiq deputat Baktibek Beshimov nazarida bunday bayonotlar hukumatning ojizligidan dalolat.

Qirg'iziston 27-iyunda referendum o'tkazib, parlament vakolatlarini kuchaytirishga ahd qilgan. Xalq taklifni qo'llab-quvvatlagan bo'lsa-da, ayrim siyosatchilar bunga qarshi chiqib, referendum natijalarini bekor qilishga chaqirgan. Baktibek Beshimov shulardan biri edi. Uning aytishicha, bunday mas'uliyatli masalani etnik zo'ravonlik avj olgan bir paytda o'tkazish xato bo'lgan. Parlament saylovlari ham mamlakat uchun murakkab bir davrga to'g'ri kelmoqda, deydi u.

"Bir tomondan", - deydi sobiq deputat, "Qirg'iziston tarixida ilk bor haqiqiy saylovlar o'tkazish uchun imkon paydo bo'ldi. Ya'ni oldingi saylovlardan farqli o'laroq, bu safar hech bir partiya hukmron va yaqqol peshqadam emas. Har birining imkoniyatlari deyarli bir xil. Ikkinchidan esa nodavlat tashkilotlar va saylov komissiyasi kabi idoralar ahamiyati kuchaydi. Biroq shu bilan birga saylovlar ilk bor zaif hukumat boshqaruvi ostida o'tmoqda", - deydi Beshimov.

Yaqin o'tmishda parlamentda sotsial-demokratlar fraksiyasi raisi bo'lgan bu arbob Otunbayeva hukumatini saylov kuni fuqarolar va kuzatuvchilar xavfsizligini ta'minlashga ojiz deb hisoblaydi. To'polon boshlanishining ehtimoli katta, deydi u.

Aynan shu sabablar bois Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti etnik zo'ravonliklar markazi bo'lgan janubga xalqaro politsiyachilarni yuborishga shoshmayapti. Hukumat janubdagi ba'zi siyosatchilar qarshiligiga ishora qilib, politsiyachilar xavfsizligini ta'minlay olmasligini tan olayotgan bo'lsa, Beshimov fikricha, bunga boshqa sabablar ham bor.

"Qirg'iziston parlamentining Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidagi sobiq vakili sifatida shuni aniq bilamanki, Rossiya tashkilotning Markaziy Osiyodagi rolining kuchayishiga qarshilik ko'rsatmoqda. Rossiya bilan munosabatlari sovuqlashishini istamayotgan a'zo davlatlar esa uning siyosatiga qarab ish tutishga majbur", - deydi qirg'izistonlik arbob.

Beshimov nazarida Yevropa politsiyachilarining janubda bo'lishi vaziyatni yaxshilashga hissa qo'shib, ba'zilar Kosovo misolini keltirib bahona qilganidek, Qirg'iziston mustaqilligiga rahna solmaydi.

"Qirg'izistonga o'xshagan kichik davlatlar o'z mustaqilligi, xavfsizligini saqlab qolishi uchun xalqaro hamkorlar bilan aloqani kuchaytirib, turli xalqaro jarayonlarga faol aralashib turishi kerak", - deydi u.

Parlament saylovlarida ishtirok etish uchun shu kungacha 29 ta partiyadan nomzodlar qabul qilingan. Yaqingacha muvaqqat hukumat tarkibida bo'lgan siyosatchilar jarayonda bir-biridan mustaqil ravishda, alohida partiyalarga bosh bo'lib ishtirok etmoqchi.

Baktibek Beshimovning aytishicha, partiyalar soni ko'p bo'lgani bilan yosh respublika asoslarini parokanda qilib kelgan eski siyosatchilarning hokimiyatga qaytish ehtimoli baland. Bu esa ahvol hali-beri o'zgarmaydi degani, deydi u.

"Qirg'iziston muammosi uning siyosatchilarida. Siyosiy elita yangilanmas ekan, ijobiy o'zgarishlarni ham kutmaslik kerak. Mening nazarimda, hozirgi vaziyatda o'rta yoshlardagi yangi odamlarni qo'llab-quvvatlash to'g'ri bo'lar edi. Shu tariqa siyosiy elita yangilanib, ijobiy o'zgarishlarga umid paydo bo'lar edi", - deydi Baktibek Beshimov.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining bir necha mutaxassislari saylovlarga tayyorgarlikni kuzatmoqda. Saylov kuni esa jarayonni 300 ga yaqin kuzatuvchi nazorat etishi kutilmoqda.

Biroq 53 politsiyachi xavfsizligini ta'minlay olmagan hukumat 300 dan ziyod kuzatuvchi xavfsizligini kafolatlay olarmikan?