Qirg’izistonga ajratilgan yordamni odamlarga yetkazish oson kechmayapti

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qirg’izistonga kelayotgan yordam yetarli emasligidan tashvish bildirmoqda.

O’lka etnik to’qnashuvlardan so’ng so’ralgan ko’makning uchdan bir qismini olgan xolos. Yordam sifatida asosan oziq-ovqat, ichimlik suvi va dori-darmon berilgan.

Hozir janubiy Qirg’izistonda aholiga gumanitar yordam ko’rsatish bilan bir necha xalqaro tashkilot shug’ullanmoqda. BMTning Bolalar jamg’armasi, Butundunyo oziq-ovqat loyihasi, Britaniyaning “Bolalarni asrang” jamg’armasi shular jumlasidan.

Xalqaro yordam tashkilotlaridan birining xodimi odamlarga yordam yetkazish hanuz oson kechmayotgani haqida gapiradi.

“Tashkilotimiz oziq-ovqat, dori-darmon kabi eng kerakli vositalarni odamlarga yetkazish ishlari bilan shug’ullanyapti”, - deydi u. “Kasalxonaga borishdan qo’rqqan bemorlarni o’zimiz kasalxonaga olib borib qarayapmiz yoki uylariga borib, tibbiy xizmat ko’rsatilyapti.”

Ushbu xodimning aytishicha, odamlar hanuz ko’chalarga chiqishga qo’rqadi. Chunki ayrim hollarda mahaliy aholi o’rtasida kichik to’qnashuvlar, hujjatlarni olib qo’yish holatlari uchrab turibdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, ikki oy ichida janubiy Qirg’izistonga 2150 tonna yordam yuki kelgan. Mahalliy kuzatuvchilar aslida kelgan yordam yuklari bundan ancha ko’p ekanini ta’kidlaydi.

Masalan, ularning aytishicha, mamlakatning boshqa hududlaridan yuborilgan va jabrlanganlarga bevosita tarqatilgan ko’mak ko’p hollarda rasmiy hisobga kiritilmagan.

Davlat xazinasi qurib qolgan Qirg’izistonda etnik to’qnashuvlardan jabrlanganlarga asosiy ko’mak asosan xalqaro hamjamiyat tomonidan ko’rsatilayotir. Keyingi kunlarda ushbu yordamning turlari ko’paygan.

Masalan, Britaniyaning “Bolalarni asrang” jamg’armasi asosiy yordamdan tashqari har bir jabrlangan xonadonga oyiga 50 kilo un va to’rt litr o’simlik moyi yetkazib berishga qaror qilgan. Amerikaning “Mersiko” tashkiloti esa har bir oilaga oyiga 35 AQSh dollari ajratgan.

Aksar xalqaro tashkilotlar ko’makni jabrlanganlarga bevosita yetkazib berishni maqsad qilgan. Hukumat rasmiylari bundan uncha xursand bo’lmasa-da, tajriba bevosita yordamning ancha samarali ekanini ko’rsatmoqda.

“Yordamni to’g’ridan-to’g’ri jabrlanganlarga yetkazish to’g’ri qaror”, - deydi xalqaro tashkilot vakili.

“Chunki hukumat odamlari tarqatsa, yordam hammaga ham yetib bormaydi. Voqeadan keyin mahallalarning domkomlari o’zgarib ketibdi. Ular yordamni o’z eshiklariga tushirib, shu yerdan tarqatishayotgan ekan. Bu degani, hamma jabrlanganlar bu yordamni olisholmayapti”.

Ushbu xodimning fikricha, hozir eng avvalo qish kirib kelmasidan oldin uysiz qolgan aholini issiq joy bilan ta’minlash zarur.

“Bizning qishlar, bilasizlar, juda sovuq bo’ladi. Berilayotgan issiq palatkalar ham qish sovug’ida odamlarni saqlolmaydi. Hozir ikki-uch oilaga bitta bo’lsa ham, tezroq uylarni qurish kerak”.

Vayron bo’lgan turar-joy binolarini tiklashda ham asosan xorijiy tashkilotlar ko’magiga tayanilmoqda. Shu kunlarda O’sh va Jalol-Obod viloyatlarida dastlabki 15 uy qurilishi boshlangan. Kerakli sarmoyaning yarmi xalqaro tashkilot tomonidan ajratilgan.

Rasmiy Bishkek vaziyatdan chiqishda xorij sarmoyalariga umid bog’laydi. Ma’lumki, xalqaro moliya tizimlari Qirg’izistonga ushbu maqsadda 1 milliard dollardan ortiq mablag’ va’da qilgan. Bu o’lkaning bir yillik daromadiga teng demakdir.