Qirg’iziston parlamenti chegara vakillari borasida qonun loyihasini tasdiqladi. Hujjat chegarani qo’riqlash ishlariga to’lov asosida mahalliy aholi vakillarini jalb etishni ko’zda tutadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Qonun loyihasida chegara vakillarining haq-huquqlari, vakolatlari ko’rsatilgan. Ular chegara xizmatiga shartnoma asosida qabul qilinadi.
Ularga qurol berish masalasi avvalgi taqdimotlar paytida bahslarga sabab bo’lib, oxirgi tahrirda hukumat va davlat chegara xizmati ixtiyoriga havola qilindi. Endi qonun mamlakat prezidenti tasdig’idan o’tishi lozim.
Qirg’iziston Davlat Chegara Xizmati rasmiylariga ko’ra, aslida ushbu tizim tarkibida chegara vakillari anchadan buyon faoliyat ko’rsatmoqda va o’zlarini ijobiy tarafdan namoyon qilmoqda.
Chegara xizmatining matbuot va jamoatchilik bilan aloqalar bo’limi xodimasi Gulmira Bo'riboyevaning aytishicha, chegarani yaxshi bilgan mahalliy aholi vakillari, masalan, cho’ponlar, ovchilar, shartnoma asosida fuqaroviy xizmatga qabul qilinib, ularga maosh to’lanadi.
Endilikda chegaradagi vaziyat borasida deyarli 30 foiz ma’lumot aynan shunday hamkorlar orqali kelib tushmoqda, deydi rasmiy.
Taniqli diplomat, hozirda din ishlari bo’yicha davlat agentligi boshlig’i O’rozbek Moldaliyev chegarani qo’riqlash jarayoniga mahalliy aholi vakillari jalb etilishini kerakli va foydali tadbir deb hisoblaydi.
Sovet davrida ham ko’ngilli yordamchilar xizmatidan foydalanilgan. Faqat maosh va boshqa narsa berilmagan. Hozirgi sharoit ham, masalan, turli ekstremist, terrorist va boshqa guruhlarning yo’lini to’sish muhimligi, xavfsizlikni ta’minlash ishlarida mahalliy aholi ishtirokiga ahamiyat bag’ishlaydi, deydi suhbatdosh.
Tahlilchilarga ko'ra, aytilgan qonun loyihasi ko’p jihatdan chegara atrofi aholisining taklif-tavsiyalarini inobatga olgan. Aytish joizki, mahalliy matbuot ham bot-bot yengil qurolga ega ayrim fuqarolarning vatan sarhadlarini muhofaza qilishda ko’rsatgan jonbozligini madh etib keladi. Loyiha muhokamasi chog’ida ham shunday misol keltirildi.
Ayni paytda aksariyat mahalliy mutasaddilar, jumladan, Davlat Chegara xizmati rasmiylari ham hamkorlikka jalb qilingan fuqarolarga qurol berish g’oyasini qo’llab-quvvatlashga shoshilmaydi.
O’rozbek Moldaliyev deydiki:
“Qonun loyihasining bu joyini o’ylab ko’rish kerak. Menimcha, chegara vakillari qurolsiz usullar bilan posbonlarga yordam ko’rsatishi mexanizmi bo’lgani ma’qul. Bu bilib-bilmay qurol qo’llash ehtimolini oldini oladi".
Masalan, qirg’iz-tojik chegarasida yil boshidan buyon 20 dan ziyod mojaro yuz bergan, o’zaro toshbo’ron hollari qayd etilgan. Bunday vaziyatlarda fuqarolar qo’lida qurol bo’lishi fojia xavfini oshirishi ehtimol, deydi kuzatuvchilar.
O'rozbek Moldaliyev fikricha, chegara xizmatiga jalb qilingan mahalliy aholi vakillari har tomonlama tayyorgarlikdan o’tishi darkor. Har biriga mas’uliyat, muomala madaniyati singdirilishi kerak.
Chegara xizmati mas’uli Gulmira Bo’riboyevaning aytishicha, qonun prezident tasdig'idan o’tgan taqdirda, taklif va mulohazalarni hisobga olgan holda uni amalda qo’llash mexanizmi ishlab chiqiladi.