Ta’lim tizimi zaiflashib borayotgani Markaziy Osiyo davlatlari, xususan Qirg’iziston oldida turgan hayotiy muammolardan.
Qirg’izistonda yangi loyiha ishga tushishi kutilmoqda - chekka shahar, qishloqlarni ulovchi ta’limiy telekanal.
Qirg’izistonda har yili 96 ming bola maktabni bitiradi. Millionlab o’g’il-qizlarni darslik bilan ta’minlash, malakali o’qituvchi topish mushkul. Xoh qirg’iz, xoh boshqa tillarda bo’lsin.
“Alippe TV nomli loyiha og’irimizni yengil qilishi mumkin”, - deydi Elvira Sariyeva, Qirg’iziston jamoat tele-radiosi xodimi. U bu haqda Vashingtonda, Qirg’iziston elchixonasida o’tgan muloqotda so’zladi.
Proyekt uchun 5 million dollar mablag’ kerak. AQShdan bu borada yordam so’ralmoqda.
2008 yilda o’rtaga tashlangan proyekt chekka qishloq bolalari, nogiron qiz-o’g’illar, oilasini boqayotgan – ish bilan band yoshlar, yo’qsil oila farzandlariga qo’l keladi.
“Buning uchun oilada televizor va maxsus qurilma bo’lishi kerak. Rasmiy hisoblarga ko’ra, Qirg’iziston xonadonlarida 1 milliondan ziyod televizor bor”, - deydi Elvira Sariyeva.
Mamlakat 2015 yilgacha butunlay raqamli televideniyega o’tadigan.
“Ungacha har bir xonadonda maxsus moslama bo’ladi. Hukumat bilan hozir gaplashayapmiz, toki har bir oila Alippe TVni ko’ra olsin”, - deydi loyiha muallifi Almaz Abekov.
Reja shuki, 7 kanal orqali kunda 10 soatlik darslar efirga uzatiladi, jumladan o’zbek tilida. Reklama, yangilik yoki siyosiy ko’rsatuvlardan xoli bo’ladi. Lekin darslar tekin emas.
Yangi dasturni tekshirar ekan, mualliflar ikki maktabni tanlab, uch yildirki sinovdan o’tkazmoqda. O’qituvchi va texnik kadrlarni yollab, tayyorlash, uskunalarni shay qilish ishlari shu yil bahorida nihoyasiga yetadigan.
Alippe TV ning ishlash prinsipi – o’qituvchilar har xir viloyat, shaharlarda joylashgan 22 studiyada videokameraga qarab dars beradi. Buni boshqa qishloqlarda o’tirgan bolalar tomosha qiladi.
Shu tarzda masalan kimyo, matematika va ona tilidan eng sara muallimlarni aniqlab olish mumkin.
Almaz Abekovning aytishicha, loyihani boshlashdan oldin aholi orasida so’rov otkazilgan va unga ko’ra, odamlar so’gliqni saqlash va ta’lim haqida ko’proq bilishni istaydi.
Alippe TV to’liq ish boshlashi uchun hali ancha bor. Hozircha qirg’iz tilidagi qismi tayyor xolos.