Qirg’iziston: Saylov komissiyasi tarkibiga fuqaro jamiyati vakillari kirsin

Qirg’iziston: Saylov komissiyasi tarkibiga fuqaro jamiyati vakillari kirsin

Qirg’izistondagi nodavlat notijorat tashkilotlari prezident Roza Otunbayevaga murojaat etib, Markaziy Saylov Komissiyasi tarkibiga fuqaro jamiyati vakillarini kiritishni so’ramoqda.

Prezident saylovlari shu yilning 30-oktabrida o’tadi.

Faollarning aytishicha, Qirg’izistonda fuqaro huquqini himoya qilib, demokratik qadriyatlarni targ’ib etayotgan tashkilotlar mamlakat istiqboliga ta’sir qiluvchi siyosatda rol o’ynashi kerak.

Taniqli qalamkash, “O’sh sadosi” viloyat ro’znomasi muharriri Muhammadsoli Ismoilov nazarida, Markaziy Saylov Komissiyasi deganda aynan nodavlat tashkilotlarga o’xshash, xolis, betaraf, siyosatga kirishib ketmagan odamlardan iborat tarkibni ko’z oldimizga keltirish mumkin.

“Va bu ma’noda fuqaro jamiyatining taklifi o’rinli. Menimcha, nodavlat tashkilotlar vakillari aynan hozirgi saylov komissiyasi faoliyatidagi kamchiliklarni hisobga olgan holda o’z taklifini olg’a surgan. Bu degani siyosatga aralashish yoki davlat siyosatini qo’lga olish emas”, - deydi u.

Kuzatuvchilar Qirg’izistonda fuqaroviy jamiyat ta’siri ortib borayotganini urg’ulaydi. O’lkada 10 mingdan ziyod nodavlat va notijorat tashkilotlar qayd etilgan bo’lib, ular mamlakat hayotining turli sohalarida faoliyat ko’rsatadi.

Qirg’iziston: Saylov komissiyasi tarkibiga fuqaro jamiyati vakillari kirsin

Jalol-Oboddagi “Spravedlivost”, ya’ni “Adolat” nodavlat tashkilot xodimi Abdumalik Sharipov faol guruhlar qatoriga inson huquqlari uyushmalari, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishga ixtisoslashgan tashkilotlarni qo’shadi.

“Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida nodavlat tashkilotlar ko’p emas, ammo sog’liqni saqlash borasida bunday tashkilotlar talay”, - deydi Abdumalik Sharipov.

Muharrir Muhammadsoli Ismoilov nodavlat tashkilotlarni siyosiy jarayonlarni ham, ijtimoiy-iqtisodiy hayotni ham bir elakdan o’tkazadigan “filtr” deb ta’riflaydi.

Nodavlat tashkilotlar Qirg’izistonda demokratik qadriyatlar, inson huquqlari va erkinliklarini targ’ib qilishda alohida o’rin egallaydi.

Ayni paytda siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy yo’nalishlarda ish olib boruvchi jamoatchilik jamg’armalari harakatlari ham yaqqol ko’zga tashlanadi.

Nodavlat tashkilotlar turmushning barcha jabhalarida bunyodkorlik, tashabbuskorlik namoyish etmoqda. Ayni paytda jamiyat hayotida o’ziga xos kuzatuvchi, nazoratchi sifatida ham o’zini ko’rsatmoqda, deydi tadqiqotchilar.

Qirg’iziston: Saylov komissiyasi tarkibiga fuqaro jamiyati vakillari kirsin

“Nodavlat tashkilotlarni raqobatchi sifatida emas, balki xolis, neytral soha vakillari, deb qabul qilishimiz kerak. Bunday tashkilotlar qancha ko’p bo’lsa shuncha yaxshi. Sababi - bular bizni demokratik taraqqiyot yo’lida olg’a yurishimizga turtki bo’ladi”, - deydi Muhammadsoli Ismoilov.

Qirg’iziston hokimiyat butoqlarida nodavlat tashkilotlarga turlicha munosabat mavjud. Ayrim siyosiy kuchlar bu turdagi uyushmalar faoliyatida o’ziga xos tahdid ko’radi.

Hatto mamlakat parlamentida ham bunday tashkilotlar faoliyatiga ma’lum cheklovlar qo’yish taklif qilingan. Prezident Roza Otunbayeva esa aynan fuqaroviy jamiyatga tayanishini bir necha bor ta’kidlagan.

Jalol-Oboddagi nohukumat tashkilot hodimi Abdumalik Sharipov fikricha, nodavlat tashkilotlarga bosimni aynan ushbu tashkilotlar tomonidan mulozimlar faoliyatiga nisbatan yangrayotgan tanqidiy chiqishlar bilan izohlash mumkin.

“Aksincha, prezidentning fuqaroviy jamiyatga munosabati yaxshi. Prezidentimiz bir necha yil tashqi ishlar vazirligini boshqargan, chet ellarda ko’p bo’lgan, o’zi ham olima. Ko’proq G’arb mamlakatlari bilan muloqotda bo’lgani uchun nodavlat tashkilotlarga nisbatan ularning munosabati xolisroq”, - deydi suhbatdosh.

Qirg’iziston: Saylov komissiyasi tarkibiga fuqaro jamiyati vakillari kirsin

Qirg’izistonda fuqaroviy jamiyat imkoniyatlaridan ko’proq foydalanish
uchun, nodavlat tizimlarini yanada taraqqiy ettirish uchun nima qilish kerak?

Abdumalik Sharipov nazarida, nodavlat tashkilotlarning mavqeini yanada mustahkamlash, ularning taraqqiyotini yanada qo’llab-quvvatlash darkor.

“Avvallari ham yirik davra suhbatlari va boshqa amaliyotlar nodavlat tashkilotlar vakillarsiz o’tmasdi. Hozirda esa amaliyot yanada rivoj topgan. Aytaylik, prezident qaroriga muvofiq barcha vazirliklarda jamoatchilik nazorat-kuzatuv kengashlari tuzilgan bo’lib, ular asosan nodavlat tashkilotlar vakillaridan iborat”, - deydi u.

Aytish joizki, qator tahlilchilar aynan davlat tizimlari va fuqaroviy jamiyatning to’laqonli hamkorligi yaxshi samara berishini urg’ulaydi.