Qirg’iziston Yevropa ko’magida eski quroldan qutulyapti

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Qirg’izistonda xavfli yengil qurollar va ularga kerakli o’q-dorilarni yo’q qilishda ko’maklashmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Qirg’iziston Yevropa ko’magida eski qurol-aslahadan qutulyapti/Muhiddin Zarif


Bishkek yaqinidagi harbiy poligonda maxsus tadbir o’tkazildi. “Amerika Ovozi” harbiy masalalar bo’yicha mutaxassis Leonid Bondarets bilan ushbu dastur borasida muloqot qildi.

Qirg’iziston mudofaa vazirligining Ala-Archa poligonida eski o’q-dori hamda qurol-aslahalarning bir qismi yo’q qilindi. Dastavval 50 zenit-raketa kompleksi va 100 dan ziyod tankka qarshi raketa tugatildi.

Dastur Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti ko’magida amalga oshirilayotir.

Qir’giz hukumati hamda zikr qilingan xalqaro tashkilot o’rtasida tegishli memorandum joriy yil avgust oyida imzolangan edi.

Harbiy tahlilchi Leonid Bondaretsning aytishicha, odatda qo’llanish muddati tugagan o’q-yarog’ yo’q qilinadi. Qolaversa, o’q-dorini saqlash xavfli.

“Eski zaxiralarni yo’q qilish ancha mablag’ talab qiladi, Qirg’izistonda esa mablag’ yetishmaydi. Bunday yordam uchun faqat rahmat aytish lozim”, - deydi u.

Tadbirda qatnashgan bosh vaziri o’rinbosari Tokon Mamitovga ko’ra, eski qurol-yarog’ yovuz niyatli odamlar qo’liga tushib qolmasligi muhim.

“Tadbir ayniqsa zenit-raketa komplekslari terrorchilar ixtiyoriga tushib qolmasligini ko’zda tutadi”, - dedi mulozim.

Aytish joizki, Qirg’izistondagi 2010-yilgi inqilob hamda o’sha yili yuz bergan millatlararo to’qnashuvlar chog’ida zo’ravon guruhlar harbiy qismlar hamda huquq-tartibot idoralaridan ko’plab qurol-yarog’ olib ketgan.

Rasmiylar o’sha aslahaning bosimli qismi hozirgacha qaytarilmaganini tan oladi.

Avvalo eski zenit komplekslari va tankka qarshi raketalar yo’q qilingan bo’lsa, dasturning ikkinchi bosqichida yengil o’q otar qurollarni zararsizlantirish ko’zda tutilgan.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Bishkekdagi markazi rasmiylarining aytishicha, loyiha, shuningdek, o’q-dori va qurol-aslaha saqlanuvchi joylar holatini yaxshilash, qurol masalasida qonun bazasini takomillashtirish hamda hisob-kitobni yo’lga qo’yish uchun tegishli ma’lumot banki tuzishni maqsad qilgan.