Janubiy Qirg’izistondagi bugungi iqtisodiy manzara

  • Amerika Ovozi
Qirg’izistonda etnik nizolar sabab bir muddat iqtisodiy qiyinchilikka duch kelgan janubiy viloyatlarda ekonomikani qayta tiklash tashabbuslari samara bergandek. Ayniqsa qishloq xo’jaligi sektorida ancha jonlanish sezilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Janubiy Qirg’izistondagi bugungi iqtisodiy manzara/Muhiddin Zarif


Qirg’iz hukumatining O’sh viloyatidagi vakolatxonasi boshlig’i muovini Ahmadjon Mahamadovning aytishicha, yilning birinchi yarmida viloyat sanoati, soliq sohasida o’sish kuzatilgan.

Yosh olim, iqtisod fanlari nomzodi Alisher Yusupov ham janubiy viloyatlarda qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlovchi mayda korxonalar qurilayotgani, umuman, siljish borligini ta’kidlaydi.

O’sh, Jalol-Obod, Botken viloyatlari azaldan qishloq xo’jaligi sohasida ixtisoslashgan. Ammo o’z paytida to’qimachilik, tog’-kon sanoati ham rivojlangan.

Mustaqillik yillari aholi asosan qishloq xo’jaligi va savdo-sotiq bilan mashg’ul. Mutaxassislar iqtisodiyotning bir tomonlama rivojlanishi oqibatlaridan tashvish bildirib keladi.

Qirg’iz hukumatining O’sh viloyatidagi vakolatxonasi boshlig’i muovini Ahmadjon Mahamadov so’zlariga ko’ra, xorijdan mol keltirish tovar chiqarishdan bir necha barobar ko’p. Yetishtirilgan mahsulotning 15-20 foizigina qayta ishlanadi.

“Eksportga mo’ljallangan tovarlarni ishlab chiqarishni ko’paytirish darkor. Sarmoyalar jalb qilish zarur, ularsiz o’sish dargumon, - deydi u.

Suhbatdosh turli tarmoqlarga – tog’-kon, qayta ishlash, turizm kabilarga e’tibor lozim, deydi.

Yosh olim Alisher Yusupov xorijlik raqobatchilar bosimi ostida tanazzulga yuz tutgan tarmoqlar qatorida yengil sanoatni aytib o’tadi.

“Holbuki, Qirg’izistonda yetishtirilgan paxtadan kiyim-kechak tikuvchi kichik korxonalar qurilsa bo’lardi”, - deydi u.

Elning farovonligi ortayotganini u birinchi navbatda xorijda ishlayotgan mehnat muhojirlarining vatanga jo’natayotgan mablag’ bilan izohlaydi. Qolaversa, soliq to’lamaydiganlar ham talay – bu ham o’ziga xos qo’shimcha “daromad”.

Hudud iqtisodini taraqqiy ettirish uchun nima qilish darkor, qanday yo’nalish, islohotlar haqida so’z yuritish mumkin?

Alisher Yusupov fikricha, eski boshqaruv, xo’jalik yuritish sistemasi tub islohotga muhtoj. Barcha sohalarda innovatsion texnologiyalar fursati kelgan.

Hukumat rasmiysi Ahmadjon Mahamadov tumanlar ixtisoslashtirishga o’tishi lozim, deb hisoblaydi.

“Qaysi biri paxtachilik, qaysi biri boshqa soha bilan mashg’ul bo’lgani maqsadga muvofiq”, - deydi milozim. Mayda dehqon xo’jaliklarini birlashtirish ham taqozo etilyapti.

Suhbatdosh ta’biricha, savdo sohasida ham qonuniy usullar ustuvorligini ta’minlash vazifasi turibdi.