Your browser doesn’t support HTML5
Alisher Navoiy Instituti yaqinda O’sh voqealariga doir yana bir hujjatli film yaratib, uni Varshavada namoyish etdi. 2010-yil qonli hodisalaridan so’ng qirg’izistonlik va o’zbekistonlik faollar tomonidan tuzilgan tashkilot bu filmda Qirg’iziston hukumatini adolatga chaqirib, milliy totuvlikda yashash mumkinligini O’zbekiston misolida namoyish etgan.
Alisher Navoiy Instituti 2011-yilda “Iztirob” nomli hujjatli filmini taqdim etgandan so’ng o’tgan yili “Dardga davo izlab” deb nomlangan yangi kartina yaratildi. Unda o’zbek va qirg’iz ziyolilari O’sh voqealariga yana nazar tashlab, ularning takrorlanmasligi uchun nimalar qilish kerakligi haqida o’z qarashlarini bayon qildi.
Filmda O’zbekistondan yozuvchi Tohir Malik, adabiyotshunos Zuhriddin Isomiddinov, qirg’iz shoiri Tursunboy Adashboyev, Qirg’izistondan jamoat arbobi Shamshibek Medetbekov, professor Doolotbek Saparaliyev, iqtisodchi Kalnur Ormushev ikki qardosh xalqlar o’rtasidagi munosabatlar soviganidan afsusda ekanini aytadi.
Filmda ijodkorlarning xolis bo’lishga harakat qilgani ko’zga tashlanadi. Muayyan bir tomonni ayblamasdan, Qirg’iziston janubida o’zbeklar boshdan kechirgan va shu bugungacha kechirayotgan dahshatli kunlarga urg’u berishdan ko’ra, kartinada ikki xalqni yillar davomida bog’lab kelgan madaniy rishtalarga, yaqinlikka katta e’tibor qaratildi.
Filmning bir qismi Qirg’izistonda – poytaxt Bishkek va janubda, O’shda olindi. Alisher Navoiy Instituti matbuot kotibi Sharifjon Ahmedovning aytishicha, bir mamlakatning ikki shahrida vaziyat bir-biridan keskin farq qiladi.
Qirg’izistonda elatlararo totuvlik hukm surishi uchun hali ko’p ishlar qilinishi kerak, deydi Ahmedov.
Ijodkorlar nazarida “Dardga davo izlab” filmi Qirg’izistonda namoyish etilsa, rishtalarni tiklash yo’llarini topishga yo’naltira olardi, biroq, deydi ular, Qirg’iziston televideniyesi bunga jur’at eta olmaydi.
Sharifjon Ahmedov bilan film haqidagi suhbatning to'liq ko'rinishini yuqoridagi pleyer orqali tinglashingiz mumkin. Quyida esa "Dardga davo izlab" filmi, rus tilida.
http://www.youtube.com/embed/Qx9yq0FLJqk