Rasmiy xabarga ko’ra, kecha Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Sankt-Peterburg metrosida sodir etilgan terror xurujiga aloqador yana bir shaxsni hibsga olgan. Abror Azimov ismli 27 yoshli bu yigit asli Qirg’izistonning Jalol-Obod viloyatidan bo’lib, to’rt yil muqaddam Rossiya fuqaroligini qabul qilgani aytilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Rus matbuotiga ko’ra, metrodagi portlash ortidan 16 kishi qo’lga olingan, ularning 14 nafari Qirg’izistonda tug’ilib voyaga yetgan.
Xabarlarga binoan, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati asli qirg’izistonlik, hozirda Rossiya fuqarosi bo'lgan Abror Azimovni Peterburg metrosida ro’y bergan terror xurujining tashkilotchilaridan biri, deb atamoqda.
Ayni paytda Rossiya Tergov qo'mitasi vakili mazkur insonni terakt ishtirokchisi, deya ta’riflab, uning xurujda qanday rol o’ynagani aniqlanayotganini ta’kidlagan.
So'nggi kunlarda Rossiyadan kelayotgan bunday noxush xabarlar janubiy Qirg’iziston ahlini xavotirga solmoqda.
Rossiya hududida mehnat qilayotgan qirg'izistonlik muhojirlar turli tekshiruvlar ko’paygani, huquq-tartibot tizimlari bosimi kuchayayotgani tufayli ko’chaga chiqishga ham qo'rqayotgni haqida xabarlar bor.
O’sh shahri hududiy kengashlaridan birining rahbari Tursunbek Sultonovga ko'ra, telekanal hamda internet materiallari asosida fikr yuritishga odatlangan mahalliy aholi shimol o’lkasidagi ko’p sonli mehnat muhojirlari jabr chekib qolishi ehtimolidan xavotirda.
Jalol-Obod viloyatidagi “Spravedlivost” (Adolat) nomli inson huquqlari tashkiloti xodimi O’tkir Jabborov fikricha, tarqatilayotgan ma’lumotlarda jiddiy isbotlar yetishmaydi.
“Tezkor xulosalar esa qirg’izistonlik o’zbeklar borasida salbiy fikrlar uyg’otishga, sovuqlik tushishiga xizmat qilmoqda. Bu uyushtirilgan narsaga o’xshab ketayapti”, - deydi huquqshunos.
Mahalliy mulozimlarning aytishicha, hozirga kamida 700 ming qirg’izistonlik Rossiya Federatsiyasida faoliyat yuritadi. Ularning sezilarli qismi o’zbek millatiga mansub bo’lib, muhojirlar oqimi 2010-yilgi O’sh voqealari ortidan keskin ko’paygan edi.
Ko’pchilik Rossiyaga ish topish hamda bexavotir hayot kechirish ilinjida yo’l olgan.
Janubiy qirg’izistonliklar hozirgi imkoniyatlar ma’lum darajada torayishi ehtimolidan cho’chiyotganini yashirmaydi.
Ayni paytda mahalliy inson huquqlari tashkilotlari tegishli idoralarni erta xulosa chiqarishdan o'zini tiyishga undamoqda. O’shdagi nodavlat tashkilotlardan birining rahbari bo’lmish taniqli huquqshunos biz bilan suhbatda, imkon berilsa, jinoyat ishlari bo’yicha to’plangan materiallar bilan tanishishga tayyor ekanini ma’lum qildi.