O’shda insonparvarlik yordami nihoyat o'zbek aholiga ham yetib bormoqda

O’zbekistonga qochgan minglab o’zbeklar bugun yurtiga qaytmoqda.

Qirg’iziston janubida xalqaro tashkilotlar yordamini tarqatish, aholiga madad berish ishlari nisbatan tartibga solingan. Jumladan tonna-tonna oziq-ovqat, dori-darmon O’sh ahliga ulashila boshlagan.

Insonparvarlik yordamini tarqatishda ko'ngilli bo'lib ishlayotgan bir o'shlikning aytishicha, oziq-ovqat, dori-darmon vaqtida kelib turibdi. Palatka va ko’rpa-to’shaklar ham yetarli.

Qizil Yarimoy Jamiyati, Qizil Xoch Qo’mitasi, BMT qochqinlar agentligi faoliyatini kengaytirgan.

"Qirg’izistonga qaytib kelayotgan qochqinlar uchun biror yordam ko’zda tutilmagan, chunki ular bu qadar tez qaytishini hech kim kutmagan edi. Bu odamlar o’z xohish-istagi bilan vataniga kelmoqda, zero otalari, o’g’illari shu yerda – xavotir oladi-da"! - deydi u.

"Shu oyning 15-16 kunlari gumanitar yordamni odamlarga eltish katta muammo edi. Shaharni kezib yurgan jinoiy guruhlar bunga to’sqinlik qilayotgan edi. Ayniqsa, o’zbek aholiga atalgan yordamni manzilga yetkazish qiyin edi. Keyinchalik xalqaro tashkilotlar bu madadni o’zlari tarqatishga kirishdi, ungacha bu ishni shahar hokimiyatlari qilayotgan edi. Ana o’shanda aholidan oziq-ovqat teng taqsimlanmayapti, degan shikoyatlar tushgan edi".

"Hozir bu ish “adresnaya dostavka” degan usul bilan amalga oshirilayapti. Ya’ni yordam aynan kimga kerakligi aniqlanib, to’g’ri jo’natiladi", - deydi suhbatdosh.

Uning kuzatishicha, oxirgi paytlarda shikoyatlar ancha kamaygan.