Qirg’izistonda minglab insonni hayotdan olib ketgan xunrezliklarda sobiq prezident Qurmanbek Bakiyevning qo’li bor degan qarash keng tarqalgan ekan, bu davlatda o’z harbiy bazasiga ega Qo’shma Shtatlar ham tanqid ostida.
Amerika matbuoti tahlilicha, Vashington Bakiyev rejimi bilan o’giz-burun o’pishib, Qirg’izistonda vaziyat izdan chiqishida o’z hissasini qo’shgan.
Wall Street Journal gazetasida chop etilgan maqolaga ko’ra, Bakiyev hokimiyatdan ag’darilgunga qadar Vashington-Bishkek o’rtasida qanday norasmiy kelishuvlar bo’lgani, ular kimlarning foydasiga xizmat qilgani borasida savollar juda ko’p. Vaziyatdan xabardor odamlar allaqachon juftakni rostlagan yoki bu haqda gapirishni istamaydi.
“Manas” havo bazasi Afg’onistondagi missiya uchun muhim ekan, AQSh uni boy bermaslik uchun Bakiyev ma’muriyatining qora ishlariga ko’z yumgan, deydi muvaqqat hukumat rasmiylari. Afg’onistondagi urush va baza taqdiri birinchi o’rinda ekan, amaldagi va sobiq rasmiylar Vashington repressiv tuzumlar bilan ishlashga tayyor ekanini tan oladi.
Sobiq prezidentning o’g’li, hozir Britaniyada vaqtincha boshpana olgan Maksim Bakiyev otasi davrida yirik biznes imperiyaga asos solgan. U Manas bazasiga yonilg’i yetkazishni qo’lga olib, bundan millionlab dollar shaxsiy foyda ko’rgani da’vo qilinmoqda.
Wall Street Journal gazetasida keltirilishicha, Maksim Bakiyev yaqindan ishlagan mahalliy kompaniyalardan biri, Osiyo Universal Banki Qirg’iziston hukumati qulagan 7 aprel kechasi, taxminan 170 million dollar mablag’ni xorijga ko’chirgan. Bank boshqaruvchilaridan uch nafari amerikalik sobiq senatorlar.
Ayni paytda AQSh Kongressida Manas bazasi qanday qilib yonilg’i bilan ta’minlangani yuzasidan tekshiruv ketmoqda. Otunbayeva ma’muriyatiga ko’ra, bazaga avia-yonilg’i yetkazib turgan barcha kompaniyalar prezident Bakiyevning oilasi va yaqinlariga aloqador bo’lgan. “AQSh hukumati, xususan Mudofaa vazirligi Pentagon bundan xabardor”, - deydi rasmiylar.
O’tgan hafta Qirg’iziston janubi qonga belanganida, na Rossiya va uning yetakchiligidagi tashkilotlar va na Qo’shma Shtatlar yordamga keldi. Siyosiy tahlilchilar buni “kollektiv mas’uliyatsizlik” deya ta’riflamoqda.
Moskva Davlat Universiteti olimi Aleksey Vlasovning aytishicha, AQSh va Rossiya, Bakiyevga moliyaviy va boshqa iltifotlar qilgan ikki yirik davlat, Manas bazasi ustida tortishib, janubda vaziyat olovli nuqtaga kelib qolganini ham sezmadi.
Roza Otunbayeva avvaliga Rossiyadan qo’shin jo’natishni so’radi. Rad javobini olgach esa, mamlakatdagi strategik ob’yektlar, suv omborlari va elektrostansiyalarni himoya qilish uchun harbiy yordam so’ragan. Uning bu iltimosi Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan ko’rib chiqilmoqda.
New York Times nashri vaziyatni yoritar ekan, “Qo’shma Shtatlarning hozir Afg’oniston va Iroqdagi muammolardan boshi chiqmayapti, yana bir mojaroga burun suqishga hecham xohishi yo’q” deya xulosa qiladi.
Ammo AQSh va Rossiya Markaziy Osiyo barqarorligiga e’tibor qaratmasa, Qirg’izistondagi mojaro butun mintaqaga yoyilish xavfi bor, deydi amerikalik tahlilchilar. Eng muhimi, shimol va janubni bir-biri bilan bog’lay oladigan hokimiyat vujudga kelishi kerak. Qirg’iziston bu ishda xalqaro hamjamiyat ko’magiga muhtoj ekani barchaga ayon.