Yaqin Sharqdagi qo’zg’olonlar, ayrim mutaxassislar ta’biri bilan aytganda, tashqi dunyo bilan unchalik ishi yo’q Qirg’iziston matbuotida ham o’z aksini topmoqda. Biroq deydi, ziyolilar, gazeta, radio va televideniye faqat ichki siyosiy jarayonlarni yoritishdan bo’shamaydi.
“Bizning televideniyeda tashqi dunyo yangiliklari ko’proq axborot ko’rsatuvlarida beriladi. Shunda ham qisqa-qisqa beriladi”, - deydi o’zini Shuhrat aka deb tanishtirgan o’shlik sotuvchi.
“Ertadan kechgacha siyosatdan boshqa narsa yo’q. Odamlar bezib bitdi”, - deydi qirg’iz onaxon.
“O’sh sadosi” viloyat gazetasi bosh muharriri Muhammadsoli Ismoilovning aytishicha:
“Bizning o’lkada harnechuk so’z erkinligi bor. Internet orqali yangiliklar olinadi va mahalliy matbuot foydalanadi. Xorij xabarlari kutilgan darajada bo’lmasa-da, lekin berilayapdi. Masalan, Misrdagi voqealar. U yerda bizning fuqarolar xafvsizligini ta’minlash, talabalarni Qirg’izistonga olib kelish haqida yangiliklar ko’rsatildi”, - deydi u.
Aholining aksariyati asosan televideniye orqali xabar oladi va ko’pchilikka Rossiya telekanallari ma’qul. Bunga mahalliy televideniyening xorij hayotini yoritishda o’ta qisqa xabarlar bilan cheklanishi, qolaversa, bu xabarlar ham vaqtida berilmasligi sabab, deyiladi
“Rus telekanallari bizga ishonchliroq tuyulsa kerak. Qirg’iziston televideniyesi esa ancha vaqt o’tgandan keyin yangiliklarni efirga uzatadi. Ya’ni xabarning dolzarbligi yo’qoladi. Menimcha, rus muxbirlari ancha operativ, faolroq ishlashadi. Albatta, bunga ularning texnik jihatdan yaxshi jihozlangani ham sabab. Rossiya telekanallarining nuqtai nazari ham keng, mulohazaga boyroq. Bizning axborot agentliklari har bir o’lkada o’z muxbirlari yo’q bo’lsa kerak”, - deydi Muhammadsoli Ismoilov.
Tahlilchi Ahmadjon Muhammadjonov fikricha:
“Qirg’iziston nihoyatda siyosiylashgan davlat, aholining siyosiy faolligi ham yuksak. Keyingi yillarda bo’lgan o’zgarishlardan misol. Matbuot, televideniye o’sha voqealarga ko’proq ahamiyat berayapti. Natijada qirg’izistonliklarni birinchi navbatda mamlakat ichidagi yangiliklar qiziqtiradi”.
Mahalliy axborot vositalarining tashqi dunyo hayotiga doir chiqishlari, eshittirish va ko’rsatuvlarning sifati ham aksar gazetxon va tomoshabinni qoniqtirmaydi.
“Jurnalistlarimizning olamdagi yangiliklar bilan tanishish imkoniyatlari cheklangan, deb o’ylayman. Undan keyin yangiliklar ko’proq xabar tarzida berilib qo’yiladi. Tahliliy lavhalar juda oz”, - deydi muharrir Muhammadsoli Ismoilov.
Tahlilchi Ahmadjon Muhammadjonov masalaning boshqa tomonlariga urg’u beradi
“O’zga manbalardan olingan xabarlarda qirg’iz mutaxassislarning nuqtai nazarlari ifoda etilmagan. Aytish mumkinki, o’zimizdagi xulosalar matbuotda yetarli darajada aksini topmayapdi. Lekin bir narsani inobatga olishimiz kerak. Qirg’iziston ommaviy axborot vositalarining imkoniyatlari cheklangan. Mablag’ yetishmasligidan muxbirlar tarmog’ini kengaytirish imkoni nihoyatda tor”, - deydi u.
Yoshlar axborotni Internetdan olishga odatlangan. Ammo aholining katta qismi bunday imkoniyatga ega emas. Xorij xabarlari oddiy Qirg’iziston ahliga uzuq-yuluq yoki uchinchi davlatlar, bir tomonlama sharhlangan holda uzatiladi. Mahalliy kuzatuvchilar nazarida bu odamlarning dunyoqarashi, mushohada doirasini toraytiradi.