AQSh Mudofaa vazirligi rasmiylari Qirg'iziston muvaqqat hukumati bilan Manas tranzit markazini yonilg'i bilan ta'minlash masalasi haqida gaplashmoqda.
Pentagon so'zlovchisi Brayan Vitmanning aytishicha yonilg'i ta'minoti bo'yicha amaldagi shartnoma muddati shu yilning 1 avgustida bitadi va tomonlar yangi hujjat ustida bosh qotirmoqda.
AQShning asosiy maqsadi, deydi Vitman, Manasdan Afg'onistonga qatnaydigan harbiy samolyotlar uchun zarur mahsulotni o'z vaqtida va sifatli ravishda yetkazib turish.
Rasmiylar ham, harbiylar ham masala bag'oyat chigal ekanini yashirmaydi.
Roza Otunbayeva boshchiligidagi muvaqqat ma'muriyat va AQSh Kongressida bu borada tekshiruv olib borayotgan qonunchilar deydiki, yonilg'i bilan ta'minlovchi xususiy va mahalliy firmalar 7 aprelda prezidentlikdan ag'darilgan Kurmanbek Bakiyev va uning oilasi a'zolari bilan til biriktirgan, ularning iznida bo'lgan. Ekspertlarning ta'kidlashicha, mahsulot uchun AQSh to'lagan pul yulg'ich sistema uchun xizmat qilgan. Tergov hamon davom etmoqda.
AQSh Manasda o'z bazasiga ega bo'lish uchun besh yillik shartnomaga ega, ammo yillik ijara haqi 60 million dollar va to'rt qismga bo'linib, har chorakda to'lab boriladi.