Qirg’izistonda internetga qancha odam kiradi va nima uchun?

Qirg’izistonda internetga qancha odam kiradi va nima uchun?

Qirg'iziston parlamenti 2010-yil janubdagi zo'ravonliklarni taftish qilgan xalqaro komissiya xulosasi ketidan ayrim axborot agentliklarning internetdagi saytiga to'siq qo'yish borasida ovoz bergan edi.

Lekin mamlakat rahbari Roza Otunbayeva nazarida qaror xato va shoshma-shosharlik bilan qabul qilingan.

"So'z va axborot tarqatish erkinligi Qirg'iziston xalqi erishgan eng muhim yutuqlardan bo'lib, undan voz kechmaymiz. Konstitutsiya inson huquqlarini cheklovchi qonunlar qabul qilinishini taqiqlaydi. Men fuqaro huquq va erkinliklarini qa’tiy himoya qilaman", - degan edi Otunbayeva o’z bayonotida.

Qirg'izistonda matbuot, jumladan internet jurnalistikasi nisbatan erkin. Lekin omma global tarmoqdan qanchalik foydalanadi? Nima izlaydi internetdan?

Ko’pchilik yoshlar o’z hayotini internetsiz tasavvur qila olmaydi. O’sh viloyatining Qorasuv tumanida istiqomat qiluvchi Alisher Boynazarov internet-kafening doimiy mijozlaridan.

“Internetga qiziqish bor. Ayniqsa shaharlarda, tuman markazlarida internet ko’p ishlatiladi. Ushbu aloqa tarmog’idan ko’proq 18-35 yoshgacha bo’lgan insonlar foydalanadi. Qolganlar odatda o’ziga kerak bo’lgan ma’lumotni izlab internetga kirishadi”, - deydi u.

Qirg’izistonda internetga qancha odam kiradi va nima uchun?

Aksar yoshlar butunjahon aloqa tarmog’idan kerakli axborot olish uchun foydalanadi.

O’shlik yosh mutaxassis Abdurashit Usmonovning aytishicha, Qirg’izistonda so’nggi yillarda internetga bo’lgan qiziqish o’sib bormoqda.

“Avvallari odamlar kerakli ma’lumot topish maqsadida kitob varaqlardi yoki kutubxonalardan foydalanardi. Hozir esa yuksak tehnologiyalar rivojlangani sababli xohlagan narsangizni internetda topishingiz mumkin. Boshqa davlatlarga qaraganda, Qirg’izistonda ushbu aloqa tarmog’ini ishlatishda ancha erkinlik mavjud. Ko’pchilikka internetdan foydalanish oson bo’lib qoldi. Internetdan, albatta, yoshlar ko’proq foydalanadi. Ular kerakli informatsiyani olib, dunyoda nima bo’layotganidan xabardor bo’lib turadi”, - deydi Abdurashit Usmonov.

Ko’p vaqtini kompyuter qarshisida o’tkazayotgan yoshlar “Qirg’izistonda global tarmoqdan bemalol, turli cheklovlarsiz foydalana olasiz”, deyishadi.

“Barcha saytlarga to’siqsiz kira olasiz. Ayrim davlatlardagi internet borasidagi vaziyat bilan solishtirganimizda, bizda blokirovka yoki filtratsiya degan narsalar yo’q. Xohlagan saytga kirib, xohlagan ma’lumotni olib yoki berishga haqqimiz bor”, - deydi qorasuvlik Alisher Boynazarov.

Qirg’izistonda internetga qancha odam kiradi va nima uchun?

Yaqinda deputatlar Qirg’iziston ma’lumot maydonida ayrim internet saytlar faoliyatini to’xtatish borasida tegishli idoralarga topshiriq bergan. Ammo ushbu tashabbusga Qirg’iziston prezidenti Roza Otunbayeva va nodavlat tashkilotlar qarshi chiqqan.

Yosh mutaxassis Abdurashit Usmonov nazarida, bu kabi tashabbuslar o’lkadagi so’z va fikr erkinligi rivojiga katta putur yetkazadi.

“Bu kabi urinishlarga qo’shilmayman. Axir ikki yil oldin Qirg’iziston o’zi internet jurnalistikasi rivojlanishi uchun ancha erkinlik bergan. Bundan keyin internet saytlarini yopish, menimcha, to’g’ri emas. Yopgan chog’ida ham yoshlarimiz internetdan foydalanishda ancha malakalari oshdi. Bir yo’lini topishadi”, - deydi u.

Mahalliy mutaxassislarga ko’ra, Qirg’izistonda internet ancha rivoj topgan va erkin aloqa tarmog’i bo’lib qolgan. Suhbatdoshlar ushbu fikrlarga qo’shilgan holda bu sohadagi qator muammolarni o’rtaga tashlaydi.

“Internetda juda katta ma’lumot resurslari bor. Ammo Qirg’izistonda ko’pchilik bundan foydalanish yo’llarini bilmaydi. Menimcha, o’rta ta’lim muassasalarida bu sohaga ko’proq ahamiyat berish kerak”, - deydi Alisher Boynazarov.

“Boshqa o’lkalarga nisbatan Qirg’izistonda internet aloqa tarmog’i judayam qimmat. Oyiga 30 dollar internet uchun to’lash aksar qirg’izistonliklar uchun yirik raqam. Boshqa davlatlarda, bilaman, bu raqam 10, hattoki 5 dollarni tashkil qiladi. Mamlakatimizda butunjahon aloqa tarmog’ini rivojlantirish uchun narxlarni arzonlatish shart”, - deya mulohaza yuritadi o’shlik mutaxassis Abdurashit Usmonov.