Qirg'iziston "Manas" tranzit markazini yopish niyatida

"Manas" tranzit markazida AQSh havo kuchlariga qarashli samolyotlar

Qirg’iziston tashqi ishlar vazirining xalqaro ishlar bo’yicha parlament qo’mitasi majlisida bergan bayonotiga ko’ra, hukumat joriy yil oxirida “Manas” tranzit yuk tashish markazi faoliyati muddatining tugagani haqida Qo’shma Shtatlarga bildirish yuboradi. Rasmiy murojaat bitim tugashidan 180 kun avval jo’natilishi lozim. Ayrim kuzatuvchilar markaz o’z nomini o’zgartirgan holda saqlanib qolishi mumkinligi haqida gapirmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

"Manas" tranzit markazining keyingi taqdiri, Ulug'bek Sokin


Bishkeklik harbiy tahlilchi polkovnik Leonid Bondares Qirg’iziston poytaxti yaqinidagi “Manas” aeroportida joylashgan AQSh tranzsit yuk tashish markazi faoliyatini tugatish tarafdori.

“Mazkur baza faqat muammolar keltirib chiqaryapti. Jumladan, yaqinda ro’y bergan aviahalokatni olib ko’ring. Albatta, bunday avariyalar tomonlar munosabatlariga jiddiy ta’sir qiladi, deyish qiyin. Nima bo’lsa ham, ushbu bazani chiqarish uchun katta jasorat kerak”, - deydi u.

Ayni paytda Bondares mamlakat rahbariyatining mazkur markaz o’rnida fuqaroviy punkt ochish rejasini qo’llab-quvvatlaydi.

AQSh va Qirg’iziston o’rtasida aeroport ijarasi bo'yicha tuzilgan shartnoma 2014-yil nihoyasiga yetadi. Mamlakat prezidenti Almazbek Atambayev bitim cho’zilmasligi haqida bir necha bor qayd etgan. U AQShni fuqaroviy markaz tuzishda hamkorlikka da’vat qilib keladi.

Qirg’izistonlik tahlilchilarga ko’ra, “Manas” tranzit yuk tashish markazi Afg’onistondan chiqayotgan qo’shinlar va harbiy jihozlarni tashishda muhim rol o’ynaydi.

Polkovnik Leonid Bondaresning aytishicha, AQSh uchun Bishkek yaqinidagi harbiy bazaning ahamiyati katta.

“Bu eng xavfsiz yo’llardan biri. Ammo so’z faqat bunda emas. Amerikaliklar uchun hududda o’rnashib olish bundan ham muhim”, - deydi suhbatdosh.

Ayni paytda ayrim mutaxassislar mazkur baza o’z nomini o’zgartirgan holda saqlanib qolishi ehtimolini inkor qilmaydi. Ular bu borada muzokaralar davom etayotganini aytadi.

Xavfsizlik masalalari bo’yicha mutaxassis Imonberdi Jalilovga ko’ra, tranzit yuklar tashish markazining bundan keying maqomi haqidagi muzokaralar AQSh va Qirg’iziston o’rtasida ikki yildan buyon davom etmoqda.

“Qirg’iziston tashqi ishlar vaziri kuni kecha parlamentda mamlakat rahbariyati nuqtai-nazarini yana bir bor bildirib o’tdi. Bazaning yopilishi Qirg’iziston va Amerika o’rtasida munosabatlar to’xtab qoladi, degani emas. Bu muomala yuritishning bir bo’lagi, xolos. Yaqinda Qirg’izistonga tashrif buyurgan AQSh davlat kotibi vakilining aytishicha, baza bo’yicha muzokaralar bir tomonlama emas va Amerika tarafi unumli muzokaralar davom etishidan umidvor”, - deydi Imonberdi Jalilov.

Ekspert mazkur markazning Qirg’izistonga ma’lum darajada moddiy foyda keltirayotganini ham ta’kidlab o’tadi.

“Iqtisodiy nuqtai nazardan olganda, agar markaz yopilsa, o’lka xazinasiga tushayotgan yuz million dollar atrofidagi mablag’dan qo’l yuvishga to’g’ri keladi”, - deydi u.

Harbiy tahlilchi Leonid Bondares nazarida esa ijara haqidan aslida o’lka yaxshi naf ko’rmayapti.

“Toki biz o’z iqtisodiyotimiz bilan jiddiy shug’ullanmas ekanmiz, ijara puli hech qanday ijobiy ta’sir ko’rsatmaydi”, - deydi Leonid Bondares.

Tahlilchi Imonberdi Jalilov Qirg’iziston va AQShning Afg’oniston borasidagi hamkorligiga to’xtalar ekan, bu yo’nalishda tomonlarning imkoniyatlari keng ekanini ta’kidlaydi.

“Aytaylik, oziq-ovqat yetkazib berish, Afg’onistonga, jumladan, o’sha yerda qolayotgan AQSh harbiy bazalariga elektr quvvati o’tkazishda, gumanitar yordamni yo’lga qo’yishda birgalikda ko’p ishlar qilish mumkin”, - deydi Imonberdi Jalilov.

Mahalliy kuzatuvchilar fikricha, turli yo’nalishlarda davom etayotgan hamkorlikning o’z samarasini berishiga umid katta. Tranzit yuklar markazi taqdiri bo’yicha so’nggi qaror esa kelasi yili ma’lum bo’ladi, deydi ular.